Onlayn savdodan olingan foyda joizmi? – qaltis savollarga nozik javoblar


Saqlash
12:08 / 02.08.2022 1561 0

Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo bo‘limi mudiri G‘ulomiddin XOLBOYEV javob berdi

 

– Telefonga azon ovozini o‘rnatib, undan uyg‘otkich sifatida foydalanish mumkinmi?

 

Ulamolar azonning audio shaklidan namozga uyg‘otish uchun foydalanish joiz deganlar. Lekin aynan o‘sha ulamolar agar azonning audio shaklidan namozga uyg‘otish uchun emas, balki umumiy uyqudan uyg‘otuvchi vosita sifatida foydalanish yaxshi ish emas, bundan saqlangan ma’qul deya ta’kidlashgan. Vallohu a’lam.

 

Telefon orqali Qur’oni karimni tinglash joizmi?

 

Qur’oni karimni telefon yoki shunga o‘xshash biror vosita orqali tinglash joiz amal bo‘lib, savobli ham. Faqat uning o‘ziga yarasha odobiga rioya qilinishi shart. Alloh taolo Qur’oni karimning A’rof surasida Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad (shunda) rahm qilingaysiz” (shu va quyidagi oyatlar shayx Abdulaziz Mansur tarjimasida berildi) degan (204-oyat).

 

Mazkur oyati karimaga ko‘ra ulamolar Qur’on tilovat qilinganda tinglash va jim turish vojib ekaniga ittifoq qilganlar. Shuning uchun biror ish bilan mashg‘ul bo‘lib Qur’on eshitish joiz emas. Qur’oni karimni tinglash qalbga shifo bo‘lib, insonni toat-ibodat va taqvoga boshlaydi. Natijada banda Alloh taoloning rahmatiga va mag‘firatiga erishadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Kim Alloh taoloning kitobidan bir oyat tinglasa, unga bitta savob ko‘paytirilib beriladi. Kim Qur’on tilovat qilsa, unga qiyomat kuni nur bo‘ladi” dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

 

Safarda bo‘lgan er xotiniga sms orqali talog‘ini bersa, ayoliga taloq tushadimi?

 

Avvalgi olimlarimiz o‘z zamonalaridan kelib chiqib, masalani quyidagicha bayon qilganlar: Agar bir kishi xatda ayoliga taloq bersa, unda yozilganidek taloq tushadi. Xat yozilgan kundan e’tiboran idda boshlanadi. Agar xatda “Mening taloq xatim borganidan so‘ng sen taloqsan” deb yozilgan bo‘lsa, maktub borgach, taloq voqe bo‘ladi (Raddul muxtor). Shundan kelib chiqib, er o‘z xotiniga mobil aloqa vositasida sms orqali yoki telegram yoxud boshqa messenjerlar orqali taloq berganda ayoliga taloq tushadi. Chunki hozirgi kunda elektron tarmoq orqali yozilgan xat bilan avvalgi davrlarda yozilgan maktublarning o‘rtasida hukm jihatidan farq yo‘q.

 

Shuni ham aytib o‘tish lozimki, taloq so‘zini aytishdan oldin yetti o‘lchab, bir kesish kerak. Hadisi sharifda Bandalarga halol qilingan narsalar ichida Alloh taologa eng yoqimsizi taloqdir deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati). Vallohu a’lam.

 

Xotirasida Qur’on suralari yozilgan telefon bilan hojatxonaga kirish mumkinmi?

 

Mumkin. Ulamolarimiz xotirasiga oyatlar yozilgan telefonni inson xotirasiga o‘xshatishgan. Ammo telefon ekranida oyat, har xil zikrlar, Alloh lafzi yoki payg‘ambarimizning ismlari ko‘rinib tursa, u bilan hojatxonaga kirib bo‘lmaydi.

 

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hojatga kirganlarida uzuklarini yechar edilar (Imom Termiziy rivoyati). Sababi, u zotning uzuklarida Muhammadur rasululloh yozuvi bor edi. Vallohu a’lam.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Quyoshdan kelgan Ertaga javob berasizlar degan ovoz haqidagi videorolik tarqalib ketdi. Shunga musulmon kishi sifatida qanday munosabat bildirish kerak?

 

Biz mo‘min-musulmonlar oxirat kuni va undagi hisob-kitobga iymon keltirganmiz. Alloh taolo o‘ziga va oxirat kuniga iymon keltirgan chin mo‘minlar haqida bunday deydi: Ular (payg‘ambarim Muhammad keltirgan xabarlarga) g‘oyibona iymon keltiradigan, namozni barkamol o‘qiydigan va biz rizq qilib bergan narsalardan (sadaqa va) ehson qiladiganlardir (Baqara surasining 3-oyati).

 

Demak, farazan o‘sha kelgan ovoz rost bo‘lsa, u bizning iymonimizga quvvat bo‘ladi. Agar yolg‘on bo‘lsa ham oxiratga bo‘lgan iymonimizga zarracha ziyon yetkaza olmaydi. Chunki bizga Alloh taolo va payg‘ambarimizning oxirat haqligi va unda har kim qilgan ishi uchun javob berishi to‘g‘risidagi guvohligi yetarlidir.

 

YEKA (Yevropa kosmik agentligi) hamda NASA ning Quyosh va Geliosfera rasadxonasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra Quyoshning to‘lqinlarini, egri chiziq bo‘ylab hosil bo‘lgan ovozlarini, uning (vulqonining) otilish ovozlarini yozib olish imkoniga ega bo‘lingan.

 

Tadqiqotchilar ushbu Quyosh tovushlarini 40 kun davomida Quyosh va Geliosfera rasadxonasi hamda Maykelsonning imitatsiyasi yordamida yozib olganlar. Toza ovoz to‘lqinlarini tanlash uchun (taxminan 3 gigagersli tezlikda) ma’lumot 3 MGTS chastotasida filtrlangan va nihoyat ma’lumotlar sayqallanib, insonning eshitish qobiliyatiga moslashtirish uchun 42 000 marta tezlashtirilgan. Quyoshdan yozib olingan va eshitish uchun qayta ishlangan mazkur tovush audio shaklda NASA ning rasmiy saytida e’lon qilingan bo‘lib, u turli ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan tovushdan mutlaqo farqlanadi.

 

Demak, ushbu aniqlangan ovoz oddiy past chastotali tovushlardan boshqa narsa emas. Uni montaj qilib, arab lahjasidagi turli iboralarni qo‘shib, feyk xabar tarqatish yoxud shunga o‘xshash asossiz xabarlarga ishonib, odamlar o‘rtasida shov-shuv ko‘tarishga urinish dinimiz ko‘rsatmasiga mutlaqo ziddir. Musulmon kishi savolda zikr qilingan videorolik va shunga o‘xshagan holatlarda vazminlik bilan mulohaza bildirishi, rostmi-yolg‘onmi aniq bo‘lmaguncha boshqalarga tarqatishga yoki aytib yurishga shoshilmasligi kerak. Vallohu a’lam.

 

Bugungi kunda telekanallar orqali turli yutuqli televizion o‘yinlar o‘tkazilmoqda. Ushbu teleshoularni ba’zilar qimor deyishmoqda. Shunga oydinlik kiritib bersangiz.

 

Dinimizda ikki yoki undan ko‘p tomon pul tikib, oqibatda yutuq birining foydasiga bo‘ladigan har bir holat qimordir. Demak, yutuqli o‘yinda badal to‘lab, keyin o‘ynash joiz emas. Shu nuqtayi nazardan, siz aytib o‘tgan yutuqli televizion o‘yinlarda ishtirok etayotganlar badal to‘lab, so‘ng unda ishtirok etishlari va yakunida ulardan biri yutuqqa ega chiqib, boshqalari yutqazishi ayni qimor hisoblanadi.

 

Agar yutuq ishtirokchilardan to‘lov olinmasdan, tashkilotchilar tomonidan qo‘yilsa, bu o‘yin qimor hisoblanmaydi. Balki o‘yin ishtirokchilariga tashkilotchilar tomonidan sovg‘a bo‘ladi. Alloh taolo insonlarga nima foyda-yu nima zarar ekanini juda yaxshi biladigan zotdir. Ko‘p zararlar borligi uchun Haq taolo qimordan qaytargan. Qimor odamlar orasini buzuvchi, mehnatga rag‘batni so‘ndiruvchi, dangasalik urug‘ini sochuvchi illatdir. Qolaversa, qimor o‘ynagan kishi bir-ikki omadi kelib unga o‘rganib qolishi oqibatida xuddi muttasil aroq ichishga o‘rganib qolgan kishidek usiz turolmaydigan bo‘lib qoladi. Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni karimda qimor bilan mast qiluvchi ichimlikni birga zikr qilib bunday degan: Sizdan may (mast qiluvchi ichimlik) va qimor haqida so‘ramoqdalar. Ayting: “U ikkisida katta gunoh va odamlar uchun (ayrim) foydalar ham bor. Ikkisining gunohi foydasidan kattaroqdir (Baqara surasining 219-oyati).

 

Islom shariatida qimor o‘ynash qat’iy man etilgan bo‘lib, ulkan gunohdir. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday ta’kidlaydi: Ey iymon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho‘plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz. Shayton may bilan qimor (yordami)da o‘rtalaringizga adovat va nafrat solishni va sizlarni Allohning zikri hamda namozdan qaytarishni xohlaydi. Bas, endi sizlar (may ichishdan) tiyiluvchimisiz? (Moida surasining 90-91-oyatlari). Vallohu a’lam.

 

Biz bir odamning mahsulotlarini sotish uchun onlayn savdo tashkil qilganmiz. Biz onlayn buyurtma olamiz va yetkazib beruvchiga mazkur xaridorning manzili va qancha mahsulot olishi xaqida xabar berib turamiz. So‘ramoqchi bo‘lganim: biz hech qanday xarajat qilmaymiz. Mahsulotga pul tikmaymiz, faqat telefon yoki telegram orqali mahsulotni sotamiz. Shuning hisobiga foyda (haq) olamiz. Shu joizmi?

 

Siz bir inson foyda (haq) olish uchun albatta moddiy xarajat qilishi kerak deb o‘ylaysiz. Lekin bu to‘g‘ri tushuncha emas. Inson ish haqi olish uchun albatta moddiy mablag‘ sarflashi shart emas. U jismoniy yoki aqliy mehnat sarflab ham pul topishi mumkin. Sizning ishingiz ham shunga o‘xshashdir. Siz qilgan xizmatingiz uchun haq olishingiz shar’an haloldir. Vallohu a’lam.

 

Damin JUMAQUL tayyorladi.

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2022-yil 2-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 03.07.2024 0 286
Navoiy Turkiston shaharlarini qanday tasvirlagan?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19877
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17503
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//