Aleksandr Farmonov


12:05 / 15.05.2024 447 0

1958-yil 15-iyunda Toshkent viloyati Bekobod shahrida tavallud topgan.

1980-yilda Qozogʻistonning Jambul shahridagi gidromelioratsiya-qurilish institutini tugatib, Bekoboddagi Oʻzbekiston metallurgiya zavodida ish boshlagan.

1985–2008 yillarda Bekobod metallurgiya korxonasi rahbari.

2008–2018-yillarda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bosh direktori.

1997-yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sanoat xodimi”,

2004-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni,

2011-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor boʻlgan.

2014-2019-yillar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi boʻlgan.

 

Aleksandr Farmonov Toshkent viloyatining Bekobod shahrida tavallud topgan Bolaligi Bekobodda oʻtgan Aleksandr 12-maktabini aʼlo baholarga bitirdi. Ustozlari bergan topshiriqlarni vaqtida bajarib, oʻz ustida tinmasdan ishlar hamisha adolat tarafdori edi. Bolaligidan sportning koʻp toʻpi turi bilan jiddiy shugʻullandi. Jamoa erishgan gʻalabalarda uning oʻrni boshkacha boʻlgan U chakkon sergʻayrat, hamisha oldinga intiluvchanligi bilan ajralib turar edi.

 

Qoʻshni Qozogʻistonning Jambul gidromelioratsiya qurilish institutining kunduzgi boʻlimiga 1975-yilda oʻqishga kirib, uni muhandis-quruvchi mutaxassisligi boʻyicha tugatgan Aleksandr institutda ham juda faol talabalardan boʻlgan. U kursdosh doʻstlari, institut jamoasi hurmatiga sazovor edi.

 

Aleksandr Qosimovich Farmonov oʻz faoliyatini 1980-yilda Qozogʻistondagi “Vodokanal” korxonasida boshladi. 1981-yili Bekobodga qaytib, Oʻzbekiston metallurgiya zavodi kapital qurilish boshqarmasining ishlab chiqarish boʻlimida xatta muhandis boʻlib ish boshladi. Faoliyati davomida tashkilotchilik va rahbarlik salohiyatini namoyish etdi. Bekobod metallurgiya korxonasiga rahbarlik qildi. 1992-1993-yillarda “Oʻzqurilishmateriallari” davlat konsernida rais oʻrinbosari boʻlib faoliyat yuritdi. 1993-yildan Toshkent viloyatidagi Yirik korxonalardan biri “Bekobodsement” AJ boshqaruv raisi, 1995-yilda “Oʻzmetkombinat” AJ boshqaruv raisi sifatida mehnat qilgan. 2008-yildan 2018-yilga qadar esa Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bosh direktori lavozimida ishladi.

 

Aleksandr Farmonov ishlab chiqarishni rivojlantirish bilan birga, shaharning obodonchilik ishlariga ham katta hissa qoʻshdi. 2009-yilda Olmaliq shahri markazidagi tashlandiq maydonda “Oltin olma” xiyoboni, “Yoshlar bogʻi” barpo etilib, bu joylar shaharliklarning sevimli maskanlariga aylangan. 2013-yilda esa kombinat rahbariyatining tashabbusi bilan Olmaliqda “Delfin” zamonaviy akva-bogʻi qurib bitkazildi.

 

Aleksandr Farmonovning bevosita rahbarligi va ishtirokida 2009–2012-yillarda Qalmoqqir kon boshqarmasi va 2010–2015-yillarda Sariq choʻqqi konlari modernizatsiya va rekonstruksiya qilindi, zamonaviy kon va temiryoʻl transportlari xarid qilinishi tufayli yirik samaradorlikka erishildi.

 

2010-yilga kelib, Surxondaryo viloyatida Xonjiza kon boyitish majmuasi ishga tushirildi. Oʻsha yilning dekabrida ilk bor Xonjizadan keltirilgan rux konsentrati asosida Oʻzbekistonda birinchi rux metalli olindi.

 

2014-yilda Jizzax viloyatida zamonaviy sement zavodi qurilib, ishga tushirildi. Oradan koʻp oʻtmay, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni asosida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibida nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish boʻyicha ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etildi. 2017-yilga kelib, birlashma mutaxassislari ishlab chiqarishda 10 turdan ortiq yangi mahsulotlarni oʻzlashtirdi. Keyingi yillarda kombinatning avtoparki zamonaviy avtotransport, yuk mashinalari hamda ehtiyot qismlar bilan taʼminlandi. Temiryoʻllarda qayta taʼmirlash ishlari olib borildi va yangi texnikalar keltirildi. Bu jarayonlarda ham qahramonimiz yanada jonbozlik koʻrsatdi. Texnika fanlari nomzodi Aleksandr Farmonovning gʻoyalaridan biri tejamkorlik boʻlib, buni kombinatning iqtisodiy faoliyatida siyosat darajasiga olib chiqdi. Energiya resurslarini tejash maqsadida issiqlik energiyasi markazi, sanoat suv taʼminoti sexi hamda boshqa koʻplab kon va korxonalarga tejamkor energiya texnologiyalari oʻrnatildi.

 

2017-yilning 29-dekabrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Uchquloch konini ochiq usulda oʻzlashtirishning investitsion loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosiga kirishilgan holda, hozirda ustki qatlam kon-kapital ishlari olib borilmoqda. Bularning barchasida Aleksandr Farmonovning mehnati beqiyos.

 

2014-yildan 2019-yilgacha Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi sifatida faoliyat yuritdi.

 

Uning Vatanimiz taraqqiyoti, elimiz farovonligi, mustaqilligimizni yanada mustahkamlashga qoʻshgan beqiyos xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sanoat xodimi”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, 2011-yilda esa yuksak eʼtirof – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor boʻldi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//