Hazrat Abloqulov


10:07 / 01.07.2024 101 0

1928-yil 15-iyunda Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida tavallud topgan.

1950–1961-yillar mobaynida qoʻriq yerlarni oʻzlashtirishda Narpay tumanida ishlagan.

Gʻijduvon tumani Sadriddin Ayniy nomidagi jamoa xoʻjaligida brigada boshligʻi boʻlgan.

1998-yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi” unvoni,

2000-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

2008-yilda vafot etgan.

 

Hazrat Abloqulov oʻzining uzoq yillik samarali mehnati, odamlarga nisbatan mehr-oqibati va boy hayotiy tajribasi bilan mahalla ahlining eʼtiborini qozongan, tumandagi eng ulugʻ yoshli, ibratli hayot yoʻliga ega, mehnatsevarligi va maslahatgoʻyligi ortidan katta xurmatga sazovor boʻlgan nuroniy otaxonlardan biri edi.

 

Hazrat Abloqulov maktabda oʻqib yurgan davrlaridayoq hisob-kitob ishlarini yaxshi bilganligi uchun jamoa xoʻjaligida tabelchilik qilgan.

 

Izlanuvchanligi va ilgʻorligi uchun bir necha marotaba faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlangan.

 

Qoʻriq yerlarni oʻzlashtirish boshlanganda Narpay tumaniga safarbar qilindi, dala ishlarining sirini oʻrgandi. Otasi Obloqul Turdiyev vafotidan soʻng yana Gʻijduvon tumani Sadriddin Ayniy jamoa xoʻjaligiga kelib, brigada boshligʻi vazifasida ishladi.

 

U qishloq xoʻjaligi tizimida koʻp yillik amaliy tajriba orttirgan edi. Tumanda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshib, boʻz yerlarni oʻzlashtirish shurxok maydonlarda hosil yetishtirishda oʻrnak koʻrsatgan, oʻrim-yigʻim mavsumlarida kecha-kunduz ishlagan, kunduzi paxta maydonlarida ter toʻkib, tunda esa gʻalla oʻrgan zahmatkash inson sifatida koʻpchilikning hurmatiga sazovor boʻlgan. Oʻz umrini el-yurt farovonligi, toʻkin-sochinligiga bagʻishlagandi.

 

Hazrat Abloqulov 75 gektar yerda dehqonchilik qilib, davlatga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari – bugʻdoy, pilla, paxta yetishtirish va sotish rejalarini ortigʻi bilan bajargan. Oʻziga ajratilgan yerlarning har bir gektaridan 40–45 sentner paxta, 60–70 sentner bugʻdoy hosili yetishtirishga erishib, davlat va jamiyatning unga bildirgan ishonchini oqlagan.

 

Hazrat Abloqulovning fidokorona xizmatlari munosib taqdirlanib, 1989-yilda paxtadan yuqori hosildorlikka erishganligi uchun “VAZ 21-06” avtomashinasi bilan taqdirlangan. Bu oʻsha paytda katta voqea edi.

 

Mustaqillikka erishilganidan keyin ham davlatimiz tomonidan Hazrat Abloqulovning mehnatlari yuksak baholanib “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsattan qishloq xoʻjaligi xodimi” unvoni bilan taqdirlangan.

 

Otaxon yoshlarni tarbiyalashda, ularning oʻz hayot yoʻllarini belgilab olishlarida hayotiy tajribasini, qimmatli pand-nasihatlarini ayamagan.

 

Bugungi kunda ham qishloq ahli Hazrat Abloqulovni saxovatli, mehribon inson va mahallaning faxriy otaxoni sifatida esga olishadi.

 

Istiqlol tufayli yurtimizda roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlar, aholi farovonligini oshirish, turmush madaniyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan islohotlar ham uni befarq qoldirmagan. Yoshlarni mustaqillik bergan barcha bebaho neʼmatlarni qadrlashga, el-yurt manfaati, Vatan ravnaqi uchun fidoyi, zamonga munosib boʻlishga chorlagan.

 

Otaxon oʻzi guvoh boʻlgan suronli yillar tarixini gapirib berib, yoshlarni Vatanga sadoqatli, mard boʻlish, tinchlikning qadriga yetish va mehnatni ulugʻlashga oʻrgatardi. Ularni maʼnaviy barkamol, qatʼiyatli, shijoatli boʻlishga undardi. Uzoq yillik hayot yoʻli barchaga birdek ibrat boʻladigan Hazrat Abloqulov inson umrining mazmunini halol mehnat bilan yashash, xalqqa astoydil xizmat qilish deb tushungan va umr boʻyi shu tamoyillarga sodiq qolgan.

 

U oʻzining harakatchanligi, tashabbuskorligi bilan aholi oʻrtasida hurmat-eʼtiborga sazovor boʻlgan.

 

Hazrat Abloqulov mehnatdagi fidokorligi bilan bir qatorda serfarzand oila boshligʻi ham boʻlgan. 12 nafar farzandini, yaʼni 8 nafar qiz va 4 nafar oʻgʻilni voyaga yetkazgan, 40 nafardan ortiq nevara. 20 nafar evaralarning sevimli buvasi boʻlgan. Ushbu sulola vakillari hozirgi kunda ham ota-bobolari izidan borib, davlat va jamiyat ishlarida faollik koʻrsatib kelishmoqda.

 

Mohir paxtakor, Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi “Qahramon Hazrat paxtakor” fermer xoʻjaligi boshligʻi Oʻzbekiston Qahramoni Hazrat Abloqulov haqidagi nurli xotiralar yurtdoshlar qalbida abadiy yashaydi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//