Oʻzbekiston xalqi Falastinning tinch aholisi boshiga tushgan kulfat va qaygʻu-alamlarni yurakdan oʻtkazmoqda – Ziroat Mirziyoyeva

Saqlash
10:11 / 16.11.2023 855 0

Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Turkiya Respublikasining Birinchi xonimi Emine Erdogʻanning taklifiga binoan 15-noyabr kuni “Falastinda tinchlik uchun birgalikda” sammitida ishtirok etdi.

 

Istanbul shahrida Emine Erdogʻan raisligida oʻtgan davlat va hukumat rahbarlari rafiqalarining yigʻilishida Malayziya Malikasi Tunku Aziza, Bangladesh Birinchi xonimi Rebekka Sulton, Bosniya va Gersegovina Birinchi xonimi Sabina Komshich, Qatar Amirining onasi Shayxa Moʻza bint Nosir al-Misnid, Livan Bosh vazirining rafiqasi Mey Mikati, Pokiston Bosh vazirining rafiqasi Sadiya Rahmatulloh va boshqa mamlakatlarning yuqori darajali vakillari ham qatnashdi.

Uchrashuv Gʻazodagi tinch aholining azob-uqubatlariga chek qoʻyish va Falastin-Isroil nizosiga yechim topish yoʻlida qatʼiy birdamlikni namoyish etish maqsadida tashkil etildi.

Istanbuldagi “Falastin uchun tinchlik sari birgalikda” sammitida nutq soʻzlar ekan, Oʻzbekistonning Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva qurolli toʻqnashuvlar oqibatida barcha qurbon boʻlganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur taʼziya va hamdardlik bildirdi. Gʻazoda bir oydan ortiq vaqt davom etayotgan, ming-minglab insonlar, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar umriga zomin boʻlayotgan dahshatli voqealarni hech narsa bilan oqlab boʻlmasligini qayd etdi.
 

“Ming afsuski, xalqaro hamjamiyatning kuchli eʼtirozi va bosimiga qaramay, halokat va vayronagarchilik koʻlami misli koʻrilmagan darajada ortib, uning oxiri sira koʻrinmayapti. Natijada qurolli toʻqnashuvlarga mintaqadagi yangi kuchlarning tortilish ehtimoli tobora kuchaymoqda. Oʻzbekiston xalqi Falastinning tinch aholisi boshiga tushgan kulfat va qaygʻu-alamlarni yurakdan oʻtkazmoqda”, – dedi Oʻzbekistonning Birinchi xonimi.


 

Birinchi xonim har ikki tomonni ham zudlik bilan oʻt ochish va jangovar harakatlarni toʻxtatishga, tang ahvolda qolgan aholiga gumanitar yordam yetkazish uchun imkoniyat yaratishga, nizoni faqatgina tinch, diplomatiya yoʻli bilan “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etishga chaqirib, Oʻzbekistonning bu boradagi qatʼiy pozitsiyasini yana bir bor bildirdi.

Oʻzbekiston Falastin xalqi bilan birdam va yakdil ekani, uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalariga muvofiq oʻz mustaqil davlatini barpo etishga boʻlgan huquqini toʻliq qoʻllab-quvvatlashi taʼkidlandi.

Sammit yakunida davlat va hukumat rahbarlari rafiqalarining Gʻazo sektori boʻyicha yigʻilishi Yaxshi niyat deklaratsiyasi qabul qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish