Shavkat Mirziyoyev Olimpiya shaharchasi qurilishi bilan tanishdi

Saqlash
15:11 / 18.11.2023 1761 3

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni Olimpiya shaharchasi qurilishi bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlumki, 2025-yilda Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari yurtimizda oʻtkaziladi. Shu bois Olimpiya shaharchasida mazkur musobaqalar dasturiga kiritilgan barcha sport turlari uchun sharoit boʻladi. Uning maydoni 100 gektar. Asosiy inshootlar — 10 ming oʻrinli stadion va 2 mingdan tomoshabinga moʻljallangan velodrom, suv sporti saroyi, yakkakurashlar va jamoaviy oʻyinlar majmualaridir.

Shuningdek, 4 qavatli maʼmuriy bino, 15 ta ochiq sport maydoni, yugurish yoʻlaklari, bogʻlar barpo etiladi. Umuman, shaharchaning 54 foiz maydoni yashil hudud boʻladi. Buning uchun 37 gektarda sunʼiy koʻllar tashkil qilinadi.

Loyiha 70 ta mamlakatda sport inshootlari qurgan Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.

Bundan bir yil oldin, 9-noyabr kuni davlatimiz rahbari mazkur shaharcha qurilishiga tamal toshi qoʻygan edi. Bugungi kunda asosiy binolarning poydevor ishlari toʻliq bajarilgan. 5 ta majmuaning konstruksiyalari tiklanib, qad koʻtarib qolgan. Qurilishga mingga yaqin ishchi va muhandislar, maxsus texnikalar jalb qilingan.

Davlatimiz rahbari shaharchani ekspluatatsiya qilish boʻyicha xorijiy tajribani joriy etish, xavfsizlik choralarini koʻrish va qulayliklarni oshirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.
 

 

- Osiyo oʻyinlari oʻtgandan keyin majmualar boʻshab qolishi kerak emas, xalqimizga xizmat qilishi kerak. Bu yerda mashgʻulotlar bilan birga sport taʼlimi, ilmi, tibbiyoti mujassam boʻlishi zarur. Yaʼni, bu joy mamlakatimiz sportining ilmiy, amaliy, oʻquv-mashgʻulot markazi boʻladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
 

 

Keyinchalik bu yerda Yoshlar siyosati va sport vazirligi, sport federatsiyalari, Oʻzbekiston davlat sport akademiyasi va boshqalar faoliyat koʻrsata boshlaydi. Maydonchalarda yurtdoshlarimiz ham sport bilan shugʻullanishi mumkin boʻladi.
 

- Kelajakda bu shaharcha bilan bolalar sport maktablarini ham bogʻlash kerak. Ommaviy sportdan professional sportga oʻtish koʻprigi bu, — dedi Prezident.
 

 

Shaharchada paralimpiya oʻyinlari ham oʻtkazilgani bois jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar uchun qulay yoʻllar va alohida sektorlar tashkil etiladi.

Prezidentimiz tavsiyasiga muvofiq, majmuada qayta tiklanuvchi energiyadan ham foydalaniladi. Yillik quvvati 10 megavatt 56 ming kvadrat metr quyosh panellari oʻrnatiladi.

Shu yerda Toshkent shahri boʻyicha oʻtgan yili taqdimot qilingan investitsiya dasturiga muvofiq, bu yil ishga tushirilgan loyihalar haqida axborot berildi. Qayd etilganidek, joriy yilning oʻtgan davrida ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida 360 ta loyiha bajarilib, jami 20 mingta ish oʻrni yaratilgan. Shuningdek, kelgusida Yangi hayot tumanida 650 gektar maydonda yangi avlod sanoat zonasi tashkil etish rejalashtirilgan.

3 Izohlar

nodir

15:11 / 18.11.2023

bizda ham yangi shahar yaratilayapdi bizdan juda hursantmiz

Zumrad

15:11 / 18.11.2023

Президент Мирзиёев продолжает демонстрировать свою решимость и лидерские качества

Ali

15:11 / 18.11.2023

Спорт соғлик гарови бу каби иншоотларни кўпайтириш керак

Izoh qoldirish