IT Park rezidentlarining faoliyat turlari kengaytirildi

Saqlash
12:01 / 04.01.2024 1283 0

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT Park) rezidentlari tomonidan amalga oshirishga ruxsat berilgan faoliyat turlari ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda IT Park matbuot xizmati xabar berdi.

 

Kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, endilikda IT Park rezidentlari multimedia va dizayn xizmatlarini (veb-dizayn, grafik dizayn, kompyuter o‘yinlari dizayni, vektor grafikasi, 3D grafika, vizualizatsiya dizayni, moushen-dizayn) taqdim etish, dasturiy mahsulotdan foydalangan holda multiplikatsiya mahsulotlarini ishlab chiqarish, axborot texnologiyalari sohasida venchur moliyalashtirish va akseleratsiya dasturlarini amalga oshirish faoliyatini, shuningdek, kibersport sohasida xizmatlar ko‘rsatish huquqiga ega.


Shu bilan birga, yangi faoliyat turlariga muvofiq IT Park rezidenti maqomini olish uchun yuridik shaxslar quyidagi mezonlarga javob berishlari kerak:

axborot texnologiyalari sohasidagi loyihalarni venchur moliyalashtirish va akseleratsiya dasturlarini amalga oshirish uchun — yuridik shaxslar IT Park yoki uning filiallari hududidagi yuridik manzilda joylashgan bo‘lishi kerak;
kibersport sohasida xizmatlar ko‘rsatish uchun yuridik shaxslar IT Park tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega bo‘lishlari kerak.
Yangi faoliyat turlari axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlarni ko‘paytirish, yoshlarning multimedia, dizayn, animatsiya, kibersport bo‘yicha bilimlarini rivojlantirishga hissa qo‘shishi, shuningdek, startaplarni moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlashga yordam berishi kutilmoqda.

“Bularning barchasi sohaning asosiy maqsadi — 2030-yilga borib eksport hajmini 5 milliard dollargacha oshirishga tayanib, kompaniyalarning raqobatbardoshligini oshirishga va mamlakatimizda IT xizmatlar eksporti salohiyatini yuksaltirishga zamin yaratadi”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//