2023-yilda O‘zbekistonda yengil elektromobil savdosi 4,3 baravarga oshdi

Saqlash
17:01 / 18.01.2024 1951 0

O‘zbekistonda 2023-yilda 1,69 mln dona avtotransport vositasi sotildi, bu 2022-yilga nisbatan 18 foizga ko‘p. Elektromobillar savdosi 4,3 borabarga oshib, 25,7 mingta elektrokarni tashkil etdi. Elektromobillarning 71 foizi poytaxtda sotildi.

 

2023-yil davomida O‘zbekistonda 1,69 mln dona avtotransport vositasi sotildi, bu 2022-yilga nisbatan 18 foizga ko‘p, deya xabar berdi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi.

 

2023-yildagi eng yuqori ko‘rsatkichlar may va oktabr oylarida — sotuvlar 156 va 186 mingtagacha mashinadan oshganida qayd etilgan. 2023-yilda O‘zbekistonda 379 mingta yangi yengil avtomobillar sotildi, ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 33 foizga o‘sgan.

 

2023-yilda O‘zbekistonda 333 mingdan ortiq mahalliy yengil avtomobil sotilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ko‘p. Ikki yil ichida mahalliy yengil avtomobillar ishlab chiqarish 2021-yildagi 236 ming donadan 2023-yilda 395 ming donagacha, ya’ni 1,6 barobar oshdi. Bundan tashqari, o‘zbekistonliklar avtomobil sotib olish uchun ko‘proq kredit olishni boshladi. Xususan, 2022-yilda avtokreditlar berish 2,3 barobarga oshib, 19,6 trln so‘mni tashkil etdi.

 

2023-yilning yanvar-noyabr oylarida aholiga 34,6 trln so‘mlik avtokreditlar berildi, bu 2021-yilga nisbatan 4,4 barobarga ko‘p.

 

Ma’lumot o‘rnida, 2023-yilning yanvar-noyabr oylarida banklar tomonidan 38,4 trln so‘mlik iste’mol kreditlari berilgan bo‘lib, shundan 90,2 foizi avtokreditlar hisoblanadi. 2022-yilda ham deyarli xuddi shunday ko‘rsatkich bo‘lgan — 90,1 foiz. Avtomobil sotib olish uchun ajratilgan kreditlar hajmi ikki baravarga oshgan — 17,4 trln so‘mdan 34,6 trln so‘mgacha (2022-yil yanvar-noyabr va 2023-yil ko‘rsatkichlarini solishtirganda).

 

Markaziy bankning 2023-yilning birinchi yarmidagi moliyaviy barqarorlik sharhida avtokreditlash hajmining o‘sishidan xavotirlar bildirilgan, ularning o‘sishi umumiy kreditlash o‘sish sur’atlaridan bir necha baravar yuqori bo‘lgan.

 

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu avtokreditlashning konsentratsiya darajasini oshiradi, banklarni tebranishlarga nisbatan zaifroq qiladi va kreditlarni qaytarish intizomining yomonlashishiga hamda inqiroz yoki avtomobillarning eskirishi davrida kreditlarning sezilarli darajada yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin.

 

Bundan tashqari, banklar tomonidan avtokreditlar berish talablari yumshatilgani natijasida avtokreditlashning yuqori o‘sish sur’atlari avtomobil bozorida talab hajmini qo‘shimcha ravishda rag‘batlantirdi. Hozirgi yuqori talab va import qilinadigan bojxona stavkalarining yuqoriligi sharoitida ichki taklifning cheklangani narxlarning oshishiga va avtomobillarning asosiy jamg‘arma aktivlaridan biri sifatida shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, avtomobillarning sarmoyaviy jozibadorligi oshgani sayin spekulyatsiya kuchayadi.

 

Avtomobillar importi

 

Xorijda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi yil davomida 2,4 barobar oshdi va 46 mingta avtomobilni tashkil etdi. 2023-yilning 11 oyida yengil avtomobillar importi sezilarli darajada – 2,2 barobar oshdi va 1,56 mlrd dollargacha (19,4 trln so‘mgacha) yetdi. Avtomobil bozorining bu segmentida mashina importining o‘sishiga asosan bojxona to‘lovlarining kamayishi ta’sir ko‘rsatdi.

 

Shavkat Mirziyoyev 2022-yil fevral oyida import qilinadigan avtomobillar uchun bojxona to‘lovlarini ikki baravar kamaytirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Prezident yig‘ilishda, shuningdek, avtomobillar olib kirishda bojxona to‘lovlarini bosqichma-bosqich nolga tushirish zarurligini ta’kidlagandi.

 

Ikkilamchi bozor

 

2023-yil davomida O‘zbekistonda haydalgan yengil avtomobillar savdosi 12,6 foizga o‘sib, 1,16 mln donaga yetdi.

 

Elektromobil bozoridagi vaziyat

 

2023-yilda yengil elektromobillar savdosi 4,3 borabarga oshib, 25,7 mingta elektrokarni tashkil etdi. Eng ko‘p elektromobillar (qariyb 71 foiz) Toshkent shahrida, eng kam elektrokarlar esa Surxondaryo viloyatida (123 ta) sotildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish