Jadidlar.uz platformasi ishga tushdi

Saqlash
15:01 / 21.01.2024 5639 1

Tarix institutida Tarix instituti xodimlari tomonidan yaratilgan Jadidlar.uz platformasining keng jamoatchilik uchun taqdimoti boʻlib oʻtdi. Loyiha tashabbuskori va boshligʻi Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo hisoblanib, Jadidlar.uz platformasi 2021–2023-yillar davomida Vazirlar Mahkamasi qoshidagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi buyurtmasiga ko‘ra tayyorlangan.  Ushbu elektron platformaga 250 ga yaqin jadidlar turmushi, ishi va merosiga oid qimmatli ma’lumotlar, hujjatlar, asarlari kiritilgan.
 
Tadbirda dastlab Tarix instituti ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Dilnoza Jamolova soʻzga chiqib, loyiha yaratilishi va uning ishtirokchilari haqida batafsil maʼlumotlar berdi va shu kunga qadar keng jamoatchilik va xalq 30 ga yaqin jadidlar haqida umumiy maʼlumotga ega boʻlgan boʻlsa, endilikda mazkur platforma orqali 250 ga yaqin jadidlar haqida batafsil maʼlumotlar olishi mumkinligini ta’kidladi.

 

Shundan soʻng, Tarix instituti tayanch doktoranti, Jadidlar.uz saytiga doimiy ravishda maʼlumotlar yuklab boruvchi masʼul xodim Daler Mirzayev platformadan qanday foydalanish va uni ishlatish haqida maʼlumotlar berib oʻtdi. 

 

Tarix instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Muhayyo Isakova ham platformaning yaratilish tarixi, jarayoni va bu platformaning jamiyat uchun ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

 

Shundan soʻng, taqdimotga tashrif buyurgan jurnalistlar va keng jamoatchilik vakillari, mehmonlar tomonidan loyiha qatnashchilariga savol va takliflar berildi.

 

Ma’lumot uchun, Jadidlar.uz platformasiga hozirga qadar jadidlarga tegishli bo‘lgan 174 ta asar, 1000 dan ortiq maqola, 120 ga yaqin she’rlar hamda 500 ga yaqin hikmatli so‘zlar kiritilgan bo‘lib, portal jadidlarga oid yangi ma’lumotlar bilan doimiy to‘ldirib boriladi. Bundan tashqari, ushbu platformaga jadidchilikni o‘rganuvchi manbalar sifatida 200 ga yaqin suratlar, 38 ta eshituvlar, 20 ga yaqin ko‘ruvlar va 73 ta arxiv yig‘ma jildlari kiritilgan. Shuningdek, jadidchilikga oid tadqiqotlar sifatida 95 ta asar, 223 ta maqola, 37 ta dissertatsiya va 9 ta xotira asarlari yuklangan.

 

Zavqibek MAHMUDOV,
Tarix instituti kichik ilmiy xodimi

1 Izoh

Xurshid

06:01 / 23.01.2024

Barakalla Zavqibek kelgusi ishlaringa muvafaqiyatlar

Izoh qoldirish

//