Pekinda O‘zbekiston-Xitoy ta’lim forumi o‘tkazildi. Biroq lavhalardagi yozuvlarda o‘zbek tili yo‘q edi

Saqlash
09:01 / 24.01.2024 1120 0

22-23 yanvar kunlari Xitoyning Pekin shahrida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda XXR Ta’lim vazirliklari tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston-Xitoy ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi.

 

Forumda O‘zbekistondan 37 nafar va Xitoydan 110 nafar yetakchi OTM rektorlari, jami 250 nafar ishtirokchi qatnashdi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

 

 

Tadbir doirasida 4 ta yo‘nalishda – aniq fanlar, muhandislik, qishloq xo‘jaligi, AKT, gumanitar fanlar, tibbiyot va farmatsevtikaga bag‘ishlangan panel sessiyalar tashkillashtirilgan.

 

Vazirlik matbuot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova ikki davlat OTMlari o‘rtasida 70 ta ikki tomonlama va 5 ta oliy ta’lim muassasalari qo‘shma ta’lim dasturlari kelishuviga erishilganini ma’lum qildi.

 

“Bu qo‘shma ta’lim dasturi asosida 300 dan ortiq talabalar Xitoyning ilg‘or universitetlarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, forum doirasida 100 dan ortiq O‘zbekiston talabalari uchun grant dasturlarini tashkil etishga kelishildi”, deydi u.

 

 

Shuningdek, forumda O‘zbekiston va Xitoy OTMlari o‘rtasida institutsional platforma yaratish, Xitoy-Markaziy Osiyo ta’lim hamkorligi modelini shakllantirish, akademik almashinuv dasturlarini rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlar va innovatsion loyihalar deklaratsiyasi qabul qilindi.

 

Forum, shubhasiz, har ikki davlat uchun samarali bo‘ldi. Biroq O‘zbekiston va Xitoy ta’limi muhokam qilingan forumdagi lavhalarda negadir o‘zbek tilidagi so‘zlar aks etmadi. Aksincha, forumga hech qanday aloqasi bo‘lmagan rus tilidan foydalanildi. Ma’sullardan bu borada izoh kutib qolamiz.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//