Asabiy bogʻcha tarbiyachisi bolani jazolash uchun hojatxonaga qamab qoʻydi

Saqlash
11:02 / 12.02.2024 957 0

Bu boʻyicha Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.

 

Xabarda aytilishicha, voqea joriy yil 8-fevral kuni Chirchiq shahridagi xususiy bogʻchalardan birida boʻlib oʻtgan. Unda tarbiyachi oilaviy sabablarga koʻra asabiy holatda boʻlganligi tufayli tushlik paytida uxlay olmay yigʻlayotgan bolaga bir necha bor qattiq baqirib, soʻng bolani urib, hojatxonaga qamab qoʻygan.

 

Maʼlumotga koʻra, hozirda mazkur tarbiyachi Mehnat kodeksining 161-moddasining 5-bandi (xodimning oʻz mehnat majburiyatlarini bir marta qoʻpol ravishda buzganligi uchun mehnat shartnomasini bekor qilish) asosida lavozimidan ozod etilgan.

 

Shuningdek, holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda va tarbiyachining harakatiga huquqiy baho berilmoqda.

 

“Tarbiyachi tomonidan bu tarzdagi jazo usulini qoʻllanilishi bolaning manfaatlariga mutlaqo ziddir! Bolaning ruhiy-emotsional sogʻligʻiga, shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi bunday harakatlar javobsiz qolishi mumkin emas!

 

Bolalar ombudsmani mazkur fakt boʻyicha bolaning qonuniy manfaatlarini taʼminlash yuzasidan oʻz kuzatuvini qatʼiy davom ettiradi. Bu borada qoʻshimcha maʼlumot beriladi”, – deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//