Millat va adabiyot uchun yashayotgan shoir – Xurshid Davron ijodiga bagʻishlangan adabiy kecha boʻlib oʻtdi

Saqlash
11:02 / 22.02.2024 1236 0

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron ijodiga bagʻishlangan adabiy kecha boʻlib oʻtdi. Unda taniqli shoirlar, oʻqituvchi va talabalar, shuningdek, jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

 

– Xurshid Davron chin maʼnoda vatanparvar va jasorat shoiridir, – dedi kechada soʻzga chiqqan Eshqobil Shukur. – “Umumiy” vatanga madh aytish urf boʻlgan shoʻro davrida Xurshid Davron oʻz millati va Vatani tarixiga juda koʻp murojaat qildi, goho undan faxrlangan boʻlsa, koʻproq yozgʻirib, qaygʻurib yozdi. “Ustimdan asrlar, moziylar oʻtar” deb yozgan bitiklarida bobolar togʻdek viqorli, qoyadek choʻng, buloqdek toza qilib tasvirlangani bois sheʼrxon bu satrlarni sevib qoladi. Ayniqsa, uning navqiron paytlarida yozgan “Qodiriyning soʻnggi surati”, “Alpomishning qaytishi” kabi sheʼrlari oʻsha paytga nisbatan chinakam isyon edi.

 

 

Adib Orziqul Ergashev Xurshid Davronning oʻtgan asr 90-yillarida yaratgan nasriy va tarixiy-publitsistik asarlariga toʻxtalib, “Samarqand xayoli” kitobiga muharrirlik paytida kaftida xuddi bir hovuch choʻgʻni ushlab turgandek his etganini taʼkidladi. Chunki kitobdagi barcha maqola va hikoyalar hali istibdod qilichini qayrab turgan zamonda yurtni erkin va ozod koʻrish ishtiyoqida yonayotgan ijodkorning dil nolalari edi.

 

Xurshid Davron zamonamizning nafaqat zabardast shoiri, balki ulkan adibi, dramaturgi, ssenariynavisi, muarrix olimi hamdir. Muallifning “Algʻul”, “Amir Temur oʻgʻlining oʻlimi haqida rivoyat”, “Bibixonim qissasi yoxud tugallanmagan doston”, “Navoiy armoni” va boshqa koʻplab asarlari ulugʻ bobolarimiz xotirasiga qoʻyilgan munosib haykal boʻla oladi. Shoirning yana katta xizmatlaridan biri, bu – “Xurshid Davron kutubxonasi” saytining ilk adabiy-badiiy sayt sifatida faoliyat boshlagani hisoblanadi. Oʻtgan yillar mobaynida mazkur sayt xalqimiz orasida atoqli oʻzbek adiblari asarlarini targʻib etishdan tashqari, juda koʻplab yosh isteʼdodlarni kashf etdi.

 

 

Kecha soʻngida shoir Xurshid Davron oʻzining yangi sheʼrlaridan namunalar oʻqish bilan birga, talabalarning savollarga ham javob berdi. “Bugun har doimgidan ham qiyinroq bir davrda yashayapmiz. Aslida inson hayotini osonlashtirish uchun kashf qilingan, qoʻllanilayotgan har qanday texnika kishi qalbini toshlashtirib, ongimizni ishlatmaslik uchun ham xizmat qilyapti. Shunday vaziyatda oʻzimizni, menimizni asrab qolish uchun kunda bir marta qirq daqiqa oʻzimiz, fikrlarimiz, xayollarimiz bilan qolishni odat qilishimiz kerak. Shunda biz oʻzimizni taniy boshlaymiz. Millat, xalq tushunchalari shunchaki soʻzlar emas, ular haqida yozish uchun vatan tarixini, kimligimizni bilishimiz, oʻqishimiz, oʻrganishimiz kerak. Men koʻproq til oʻrganmaganim uchun afsus qilaman. Koʻproq bilsaydim, koʻproq yozardim, koʻproq anglatardim oʻzbek haqida dunyoga”, dedi shoir.

 

 

Yangilik sifatida Xurshid Davron “Samarqand” nomli kitob yozmoqchiligi va fevralning soʻnggi kunida, salkam yigirma yildan soʻng shoirning yangi kitobi – “Bahordan bir kun oldin” saylanmasi nashr etilishini aytib oʻtdi. Umid qilamizki, sevimli shoirimizning kitoblari bundan soʻng davomli bosib chiqariladi.

 

 

Alpomishning qaytishi

Bepoyon dalada bir botir uxlar,

Sochlari chatishib ketgan giyohga.

Qay sado botirni yana qaytarar

Bu koʻhna, bu soqov, bu kar dunyoga?

 

Moʻysafid tabiblar girdida halak,

Duogoʻy kampirlar uni qurshamish.

Faqat uyqu aro tepinar yurak,

Biroq koʻzlarini ochmas Alpomish.

 

Burgutlar choʻqilab uzra goʻshtidan,

Bulbullar in qurar kipriklariga.

Uchqur asrlarning tezkor shashtidan

Chang qoʻnar qirday keng koʻkraklariga.

 

Chollar qaygʻuradi: “Kim uygʻotar, kim?”

Kampirlar yigʻlaydi: “Uygʻonmas mangu!”

Shamollar guvillab oʻtar betinim.

Boshida bulutlar qotgan beuyqu.

 

Xira koʻzlarini uzmay ufqdan

Donishmand cholgina yoʻlga termilar

Va aylar bashorat:

“Uni uyqudan Uygʻota oladi faqat bolalar”.

 

1982

Abdumajid AZIMOV,

Oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//