Shavkat Mirziyoyev Bahodir Jalolov sport mahorati maktabini borib koʻrdi

Saqlash
16:03 / 05.03.2024 2564 0

“Prezident 5-mart kuni Toshkent shahrida barpo etilgan Boks boʻyicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktabini borib koʻrdi”, – deyiladi xabarda.

 

Mazkur sport mahorat maktabi davlatimiz rahbarining 2022-yil 14-martdagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

 

 

 

Bu yerda xalqaro darajadagi bokschilarni tayyorlash, buning uchun yuqori malakali murabbiy va mutaxassislarni jalb etish, oʻquv-mashgʻulotlarini xalqaro standartlar darajasida tashkil qilish hamda ilgʻor tajribalar asosida uning sifatini oshirib borish yoʻlga qoʻyilmoqda.

 

Toʻrt qavatli zamonaviy binoda buning uchun barcha sharoit yaratilgan. Birinchi qavatda asosiy sport zali, suzish havzasi, tibbiyot xonasi va oshxona bor. Ikkinchi qavatda psixologiya, xorijiy tillar, nazariy mashgʻulotlar, informatika va oʻqituvchilar xonalari, shuningdek, 45 oʻrinli mehmonxona joylashgan. Uchinchi va toʻrtinchi qavatlarda 235 oʻrinli yotoqxona, maʼnaviyat xonasi tashkil etilgan. Shuningdek, bino yertoʻlasida avtoturargoh qurilgan.

 

Boks maktabi 175 oʻringa moʻljallangan boʻlib, 5-11-sinflar uchun har yili 25 nafardan oʻquvchi saralab olinadi.

 

 

 

Ilk iqtidorlar 2022-yilgi oʻquv yilida qabul qilingan va bugungi kunda 50 nafar oʻquvchi saboq olmoqda. Ular butun mamlakatimizdan kelgan talabgorlar orasidan saralab olingan.

 

Bu maskan Yunusobod tumanidagi 259-umumtaʼlim maktabi bilan yonma-yon joylashgan. Yosh bokschilar umumtaʼlim fanlarini shu yerda oʻqishadi.

 

Shavkat Mirziyoyev Bahodir Jalolov maktabi oʻz yoʻnalishida xuddi Prezident maktabidek namunaviy tizim boʻlishini, boks metodologiyasi, dietologiyasi, tibbiyoti, psixologiyasi hududlardagi sport maktablarida ham rivojlantirilishini taʼkidlagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//