Prezident Oksana Chusovitina sport mahorati maktabiga bordi

Saqlash
10:03 / 06.03.2024 2172 0

Davlatimiz rahbari 5-mart kuni Toshkent shahrida gimnastika boʻyicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktabiga tashrif buyurib, bu yerdagi sharoitlarni va mashgʻulotlarni koʻzdan kechirdi.

 

 

 

Ushbu sport maktabi Prezidentning 2022-yil 14-martdagi qaroriga asosan tashkil etilgan.

 

Muassasa milliy terma jamoalar uchun xalqaro darajadagi sportchilarni tayyorlash, yuqori malakali murabbiy va mutaxassislarni jalb etib, oʻquv-mashgʻulot jarayonini xalqaro standartlar darajasida tashkil qilish, murabbiylar va gimnastikachilar mahoratini muntazam oshirib borishga yoʻnaltirilgan.

 

Maktab binosida 165 oʻrinli yotoqxona, mehmonxona, informatika va maʼnaviyat xonalari ham oʻrin olgan.

 

Bugungi kunda 91 nafar oʻgʻil-qiz mahoratini oshirayotgan muassasa 5-11-sinflardagi 105 nafar oʻquvchiga moʻljallangan. Shuningdek, bu yerda ikkita xorijiy til ham oʻrgatiladi.

 

 

Muhimi, gimnastikachi yoshlar bir joyning oʻzida yashab, taʼlim olib, mashgʻulotlar oʻtkazishi mumkin. Bu esa mazkur sport maktabi gimnastikachilar uchun respublikada yagona oʻquv-mashgʻulot bazasiga aylanishiga imkon beradi.

 

Maʼlumot uchun, Chusovitina izdoshlari oʻtgan yili sport gimnastikasi va badiiy gimnastika boʻyicha xalqaro musobaqalarda 4 ta, respublika turnirlarida 6 ta va sport maktablari oʻrtasida 24 ta medalni qoʻlga kiritgan.

 

 

“Nima uchun biz bu yoʻnalishga katta eʼtibor berib, maktablar yaratayapmiz? Gimnastika – hamma sport turlarining asosi. Futbolchi ham, bokschi ham, sogʻlom boʻlaman degan inson ham gimnastika qilishi kerak. Iqtisodiyotni rivojlantirish, yoshlarga taʼlim berish bilan birga ularni sport bilan shugʻullantirolsak, yurtimizda sogʻlom zurriyod, sogʻlom millat boʻladi”, – degan Prezident yosh sportchilar bilan uchrashuv davomida.

 

 

Shuningdek, gimnastikani bolalar bogʻchalaridan keng joriy qilish, qobiliyatli sportchilarni saralashni shu bosqichdan boshlash, har bir hududda ikkitadan gimnastika maktabi tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

 

Joriy yil Fransiyada boʻladigan Olimpiya oʻyinlarida qatnashadigan sportchi va ularning murabbiylariga alohida sharoit yaratish, munosib tayyorgarlik koʻrishini taʼminlash boʻyicha ham mutasaddilarga koʻrsatmalar berildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish