Shakar narxi oshirilmaydi

Saqlash
15:04 / 08.04.2024 1653 0

Oʻzbekistonda shakarga boʻlgan yillik talab oʻrtacha 650-700 ming tonnani tashkil etadi, deb maʼlum qildi Qishloq xoʻjaligi vazirligi.

 

Maʼlum boʻlishicha, Respublikada faoliyat yuritayotgan 2 ta – “Angren Shakar” va “Xorazm Shakar” MCHJ shakar ishlab chiqarish korxonalarining yillik ishlab chiqarish quvvati 900 ming tonnadan koʻp boʻlib, bu ichki bozorni talabidan ortigʻi bilan taʼminlashga yetarli hisoblanadi.

 

Munosabatda, Rossiya Federatsiyasining shakar eksportini cheklashi Oʻzbekistonning ichki bozorida tanqislikni keltirib chiqarmasligi aytilgan. Bunga esa respublikadagi yirik shakar ishlab chiqaruvchi zavodlarning faoliyati Rossiya bilan bogʻliq emasligi hamda 2023-yilda xom-ashyo, asosan, 762 ming tonna miqdorida (shakar chiqishi 98 foiz) Braziliya va Hindistondan import qilinganni asos qilib koʻrsatilgan.

 

“Ayni paytda ikkita shakar ishlab chiqarish zavodlari tomonidan birjaga ichki bozor uchun har kuni 2 100 tonna mahsulot chiqarilayotgan boʻlib, uning atigi oʻrtacha 300 tonnasi sotilmoqda, xolos”, deyiladi munosabatda.

 

Shuningdek, maʼlumotda bugungi kunda yetarli (4 oylik savdo uchun) shakar va shakar xom-ashyosi zaxirasi mavjud boʻligi, Braziliyadan xom-ashyo kirib kelishi davom etayotgani taʼkidlangan.

 

Shuni hisobga olgan holda, vazirlik nafaqat Rossiya, balki boshqa mamlakatlardan ham tayyor shakar mahsuloti importi cheklansa-da, mahalliy korxonalar tomonidan ichki talabni toʻla qondirish imkoniyati mavjudligini bildirgan.

 

“Albatta bu kabi xabarlar har yili mavsum boshlanishidan oldin manfaatdor insonlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga sizdiriladi. Shuning uchun barchani ogohlikka chaqiramiz”, deyiladi munosabat yakunida.

 

Oldinroq Rossiya shakar va xom shakar eksportini vaqtincha cheklagani sabab mahsulot narxining oshib ketishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish