Qashqadaryoda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar holati tahlil qilindi

Saqlash
14:04 / 15.04.2024 1344 0

Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan 2023-yil 22-dekabrda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishi oʻtkazilgan edi. Unda soha masʼullariga qator vazifalar yuklanib, tegishli topshiriqlar berilgan. Respublika Ishchi guruhi 2–5-aprel kunlari Qashqadaryo viloyatida mazkur topshiriqlar ijrosi yuzasidan oʻrganish ishlarini olib bordi.

 

 

Viloyatdagi 16 ta tuman/shahar Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi, 28 ta maktab, 14 ta axborot-kutubxona markazi, 12 ta madaniyat markazi, 2 ta teatr, 11 ta istirohat bogʻi, 32 ta idora va korxonalarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar holati tahlil qilindi.

 

 

 

Bugun Qashqadaryo viloyati hokimiyatida mazkur oʻrganish natijalari yuzasidan tanqidiy-tahliliy yigʻilish oʻtkazildi. Unda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov va Qashqadaryo viloyati hokimi, viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi raisi Murotjon Azimov, tuman maʼnaviyat va maʼrifat kengashi raislari, sohaga masʼul xodimlar ishtirok etdi.

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov oʻrganish natijalari boʻyicha tanqidiy-tahliliy fikrlarini bildirdi, masʼuliyatsizlikning oqibati ertamizga taʼsir qilishini aytib, “Oʻrganish natijalarida koʻrsatilgan kamchiliklar avvalo soha rivoji uchun muhimligi, muammolarni berkitish emas, uni hal qilish, yechim topish asosiy maqsad boʻlishi kerak. Ha, yutuqlar ham bor. Biroq ularga mahliyo boʻlish, tarbiya, maʼrifat bilan bogʻliq ishlarni orqaga surish, “qoʻl uchida” ishlash – kelajakka qilingan xiyonatdir. Buni aslo kechirib boʻlmaydi”, dedi.

 

 

Ayrim tuman Maʼnaviyat va maʼrifat kengashlari tomonidan oʻtkazilgan yigʻilishlarga jiddiy yondashilmagani, ijtimoiy-maʼnaviy muhit tahlili yoʻqligi, maʼrifiy ishlarga yetarlicha eʼtibor qaratilmagan, sohaga oid vazifalar ijrosi qoʻl uchidagina bajarilgani tanqid qilindi.

 

Aniq maqsadga qaratilgan oʻrganishlar esa olib borilmagan. Ijtimoiy-maʼnaviy muhit tahlili mavjud emas.

 

Bir qator tuman hokimliklari tomonidan orttirilgan mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar uchun umuman mablagʻ ajratilmagan. Bu bilan maʼrifat masalasiga jiddiy qaralmagani, sohaga masʼul ekani ham unutilgan goʻyo.

 

Sohaga bunday masʼuliyatsizlik bilan qaragan masʼul rahbarlar ogohlantirilib, intizomiy jazo choralari koʻrildi.

 

Yigʻilishdan asosiy maqsad – mazkur oʻrganish ishlarini tahlil qilish, kamchiliklarni koʻrsatish, muammolarni oʻrtaga tashlash, yechimini kutayotgan masalalar boʻyicha takliflar berishga qaratildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//