Taniqli “defektolog”ga tegishli yangi markaz ochilgani haqida xabarlar tarqaldi

Saqlash
15:04 / 15.04.2024 1242 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida “defektolog” Dilorom Jabborovaga tegishli “Ovoz” markazi tashkil etilganligi haqida xabarlar tarqaldi.

 

Bolalar ombudsmani mutasaddi idoralar bilan birgalikda mazkur holatni oʻrganganini maʼlum qildi.

 

Namangan viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasining maʼlumotiga koʻra, Namangan shahar Yangi Namangan tumanida fuqaro Dilorom Jabborovaga tegishli “Ovoz” nomli hech qanday taʼlim muassasa qayd etilmagan. Mazkur hududda soʻnggi vaqt mobaynida ham bunday turdagi hech bir nodavlat taʼlim muassasa ochilmagan.

 

Ammo aniqlanishicha, “Ovoz” MCHJga tegishli “Ovoz akademiyasi oʻquv markazi” Toshkent viloyatida roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, ushbu markaz Namangan shahrining Yangi Namangan tumanida ijara shaklida oʻz faoliyatini boshlagan.

 

Dilorom Jabborova esa ushbu maskanning ochilish marosimida tashkilotchilar tomonidan reklama maqsadida taklif etilgan.

 

Maʼlumot uchun, joriy yilning 27-fevral kuni Jabborovaga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan edi.

 

Hozirda tergov davomida Jabborovaning bolalar duduqlanishi muammosiga oid har qanday faoliyat bilan shugʻullanishi toʻxtatilgan va u bunday xizmat koʻrsatishni davom ettirmaslik yuzasidan tegishli tartibda ogohlantirilgan. Ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

“Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtai nazaridan mazkur ish boʻyicha oʻz kuzatuvini davom ettiradi. Holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot beriladi”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//