Oʻzbekiston – Tojikiston oliy taʼlim muassasalari rektorlarining II forumida 50 dan ortiq hujjat imzolandi

Saqlash
17:04 / 15.04.2024 1110 0

15-aprel kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu xalqaro anjuman “2030-yil: Oʻzbekiston va Tojikistonda oliy taʼlim va ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari” mavzusiga bagʻishlandi.

 

 

Unda ikki tomondan 100 ga yaqin oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, vazirlik hamda idoralar masʼullari ishtirok etdi.

 

 

Anjuman yalpi majlis va 3 ta alohida seksiyaga boʻlingan holda olib borilib, unda universitetlarning fan va taʼlim integratsiyasi, ilmiy tadqiqotlar yaqinlashuvi borasidagi Oʻzbekiston va Tojikiston tajribasi muhokama qilindi hamda taʼlim sifatini taʼminlash, bilimlarni baholash va samarali boshqaruv masalalari boʻyicha tajriba almashildi. Shuningdek, Oʻzbekiston va Tojikiston oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi xalqaro aloqalar xususiyatlari boʻyicha fikrlar tinglanib, hamkorlikdagi istiqbolli rejalar koʻrib chiqildi.

 

Forumning yalpi majlis yakuni boʻyicha mamlakatlar oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida 50 dan ziyod bitim, anglashuv memorandumi va yoʻl xaritalari imzolandi.

 

 

Ushbu hujjatlarda oʻqituvchi va talabalarning akademik almashinuvi, oliy va professional taʼlimda oʻzaro oʻquv jarayonlarini tashkil qilish, professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish, tajriba almashish va stajirovka oʻtash, ilmiy anjumanlar, dissertatsiyalar himoyasi boʻyicha kengashlar ishida ishtirok etish, ikki davlat olimlari tomonidan ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish, birgalikda ilmiy loyihalarda ishtirok etish kabi yoʻnalishlarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish koʻzda tutilgan.

 

 

 

Forum 16-aprel kuni Samarqand shahrida oʻz ishini davom ettiradi.

 

Ma'lumot uchun,  Oʻzbekiston – Tojikiston rektorlarining birinchi forumi 2023 yil mart oyida oʻtkazilib, unda 28 ta anglashuv memorandumi, bitim va “Yoʻl xaritalari” imzolangan edi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//