Prezident bir qator xorij davlatlarining tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi

Saqlash
17:04 / 15.04.2024 1151 1

Jumladan, Shavkat Mirziyoyev bilan birinchi boʻlib Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.

 

 

Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va chuqurlashgan strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

 

Maʼlumki, ikki davlat oʻrtasida aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda. Joriy yilda Oʻzbekistonda shoir Maxtumquli Firogʻiy tavalludining 300 yilligi munosabati bilan qator tadbirlar oʻtkazilishi buning tasdigʻidir.

 

Uchrashuv davomida boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik doirasida koʻp qirrali sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Qatar Davlati Bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy bilan ham uchrashdi.

 

 

Maʼlumot uchun, Qatar delegatsiyasi “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqoti mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda boʻlib turibdi.

 

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

 

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saud ham davlatimiz rahbarining qabulida boʻldi.

 

 

Taʼkidlash lozim, ayni vaqtda “Yashil” energetika, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, IT va boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari boshlangan.

 

Suhbat davomida boʻlajak tadbirlar, shu jumladan 2025 yilda oʻtkaziladigan “Markaziy Osiyo – Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqotining ikkinchi sammitiga puxta tayyorgarlik koʻrish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Shavkat Mirziyoyev Oʻmon Sultonligi tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaydiy boshchiligidagi delegatsiyani ham qabul qildi.

 

 

Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi salohiyatni samarali roʻyobga chiqarish masalalari koʻrib chiqilar ekan, Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan qoʻshma investitsiya kompaniyasining loyihalar portfelini kengaytirish muhim ekani qayd etildi.

 

Shu bilan birga, bank sohasini rivojlantirish, raqamli texnologiyalar, energetika, sanoat, qishloq xoʻjaligi, taʼlim kabi ustuvor yoʻnalishlarda yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish taklif qilindi.

 

Davlatimiz rahbari Kuvayt Davlati tashqi ishlar vaziri Abdulla al-Yahyo boshchiligidagi delegatsiyani ham qabul qilar ekan, uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasidagi konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy, moliya-investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

 

 

Oʻzaro tashriflarni faollashtirish, madaniy va turizm almashinuvlariga oid dasturlarni amalga oshirish, yetakchi kompaniyalar ishtirokida, shu jumladan Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot fondi bilan yaqin hamkorlik doirasida hamda Kuvayt investitsiya agentligi bilan samarali sheriklikni yoʻlga qoʻyish orqali ustuvor tarmoqlardagi investitsiya loyihalarini ilgari surish zarurligi qayd etildi.

1 Izoh

SAID VALIYEV

09:04 / 16.04.2024

Bunday uchrashuvlar davlatimizning faol tashqi siyosiy faoliyati, xalqaro miqyosda muloqot va hamjihatlikka intilishidan dalolat beradi.

Izoh qoldirish

//