Oʻzbekiston 10Gb+ internet tariflarining arzonligi boʻyicha Markaziy Osiyoda tengsiz

Saqlash
10:04 / 17.04.2024 1006 0

Broadband Genie tadqiqotchilari dunyoning 179 ta davlatlarida 10Gb+ internet tariflarining oʻrtacha oylikning qancha qismiga toʻgʻri kelishi boʻyicha tadqiqot oʻtkazdi.

 

Unda Oʻzbekiston dunyoda internet tariflarining arzonligi boʻyicha 43 oʻrinni egallagan. Markaziy Osiyoda esa eng arzon internet tarifi Oʻzbekistonda ekanligi maʼlum boʻldi.

 

 

Shu hisobda, mamlakatimizda 10Gb+ lik tarif sotib olish oʻrtacha ish haqining 1,20 foizini tashkil qiladi. Summada esa 4,36 AQSh dollari 10Gb+ lik tarif sotib olishga yetarli ekan.

 

Shuningdek, tadqiqotda Oʻzbekistondagi oʻrtacha oylik 364,21 AQSh dollari deb koʻrsatilgan. Shunday boʻlsa-da, biz oʻrtacha ish haqi 2 507,41 AQSh dollari boʻlgan Fransiyadan oldindamiz. Masalan, fransuzlar 10Gb+ internet tarifini 30,98 dollarga sotib olar ekan.

 

 

Maʼlumot uchun, dunyodagi eng arzon internet Eronda boʻlib, unda 10Gb+ internet tarifi 2,24 AQSh dollariga sotiladi.

 

Ammo dunyoda oʻrtacha oylikning tarifga ketadigan qismini hisobga olsak, Eron 21-oʻrinda. Chunki bu davlatda oʻrtacha ish haqi 266,61 dollar etib koʻrsatilgan va 10Gb+ tarif sotib olish uchun oʻsha oylikning 0,84 foizi sarflanadi.

 

 

Dunyoda oʻrtacha oylikning eng minimal qismi sarflanishi boʻyicha Singapur yaqqol peshqadam ekan. Bu davlatda oʻrtacha ish haqi 4 920,86 AQSh dollari boʻlib, shundan atigi 17,13 AQSh dollari, yoki oylikning 0,35 foizi 10Gb+ lik internet tarifiga sarflanadi.

 

Maʼlumot uchun, Singapur Osiyo davlatlari tarkibiga kiradi.

 

Shuningdek, Gʻarbiy Osiyoda joylashgan Isroil ham kuchli uchlikda bor. Bu yerda oʻrtacha ish haqi 2 583,24 AQSh dollari va 10Gb+ internet tarifi 12,30 AQSh dollariga baholanadi. Bu esa oylikning 0, 47 foiz qismi deganidir.

 

Markaziy Osiyoda Oʻzbekistondan keyingi oʻrinlarda Qozogʻiston va Qirgʻiziston joy olgan.

 

Misol uchun, Qozogʻistonda oʻrtacha ish haqi garchi biznikidan 1,5 barobar koʻp(583,60 AQSh dollari) boʻlsa-da, bu davlatda 10Gb+ internet tarifi 9,79 AQSh dollari turadi. Bu esa oʻrtacha oylikning 1,68 foiziga teng.

 

 

Qirgʻizistonda esa oʻrtacha oylik 312,89 AQSh dollari va 10Gb+ internet tarifi uchun mazkur oylikning 2,43 foizi yoxud 7,61 AQSh dollari sarflanadi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//