“Oʻtkan kunlar” arab tilida nashr qilindi

Saqlash
09:04 / 24.04.2024 921 0

Oʻzbekistonning Misrdagi elchixonasida buyuk oʻzbek adibi Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanining ilk arab tilidagi “Oʻtkan kunlar: Turkistondagi achchiq sevgi qissasi” deb nomlangan nashri taqdimoti boʻlib oʻtdi. Bu haqda xabar qilmoqda “Dunyo” AA xabar qilmoqda.

 

Mashhur asar taniqli tarjimonlar Ayn-Shams va Muhammad al-Jibali tomonidan arab tiliga oʻgirilgan.

 

Kitob taqdimoti Abdulla Qodiriyning 130-yilligini nishonlash doirasida yozuvchi nabirasi Xondamir Qodiriy, Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi aʼzolari, mamlakatimiz OAV vakillari, yozuvchi va nufuzli jurnalistlar ishtirokida oʻtkazildi. Shuningdek, unda asar tarjimonlari Ayn-Shams, Luksor universiteti professori Muhammad al-Jibali, Misr-Oʻzbekiston doʻstlik jamiyati raisi Magdi Zaʼbal, mahalliy ekspertlar va OAV vakillari qatnashdi.

 

Qayd etish kerakki, tarjimada asarning eski oʻzbek yozuvidagi ilk nusxasidan hamda rus va ingliz tillaridagi tarjimalaridan foydalanildi.

 

Chop etilgan kitob muqovasida Abdulla Qodiriy avlodlari tavsiyasiga koʻra, “Oʻtkan kunlar” romanining 1925-yildagi ilk nashrining suratidan foydalanildi. Kitob qattiq muqovada va sargʻish rangli silliq qogʻozda chop etildi. Mintaqadagi eng yirik “Dor ul-Maorif” nashriyotida 1000 nusxada chop etilgan kitobni Misrdagi barcha yirik kutubxonalar va universitetlar, taʼlim va madaniyat muassasalari, davlat idoralari, Qohiradagi diplomatik korpus oʻrtasida tarqatish rejalashtirilgan. Boshqa arab davlatlarida ham mazkur roman tarjimasini qayta chop etish nazarda tutilmoqda.

 

“Oʻtkan kunlar” romanini arab tilida mutolaa qilishni istagan yurtdoshlarimiz, Toshkentdagi Abdulla Qodiriy uy-muzeyiga yoki Oʻzbekistonning Misrdagi elchixonasiga murojaat qilishlari mumkin.

 

Xabarga koʻra, kitob tez fursatlarda mamlakatimizdagi yirik kutubxonalar va universitetlarga ham taqdim etiladi, shuningdek, bepul onlayn platformalarga joylashtiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//