Tojikistonda hojilarni tantanali kutib olish taqiqlanishi mumkin

Saqlash
10:05 / 16.05.2024 763 0

Majlisi Namoyandagon (Tojikiston parlamenti quyi palatasi) majlisida musulmon bayramlari – Ramazon hayiti va Qurbon hayiti kunlarida “Idgardak”, yaʼni bolalar bayramini oʻtkazishni taqiqlovchi qonunni qabul qilgan.

 

Parlamentning “Sadoi mardum” gazetasining yozishicha, respublikada milliy madaniyatga toʻgʻri kelmaydigan liboslar kiyish ham taqiqlandi. Bundan tashqari, toʻy, maʼraka va ziyoratchilarni tabriklashda yangi cheklovlar joriy etilgan.

 

Mazkur cheklovlar 8-may kuni parlament qabul qilgan “Anʼana va marosimlarni tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar sifatida kiritilgan.

 

Tojikiston Din ishlari boʻyicha qoʻmita rahbari Sulaymon Davlatzoda ham qabul qilingan qonun yangi zamon talablariga javob berishini taʼkidlab oʻtgan.

 

Xabarga koʻra, “Idgardak” marosimi endi umuman oʻtkazilmaydi.

 

“(Marosimni) taqiqlashdan maqsad Ramazon hayiti va Qurbon hayitlarini nishonlashda bolalarni toʻgʻri tarbiyalash va ularning xavfsizligini taʼminlashdan iborat. Bu kunlarda ortiqcha isrofgarchilik, shirinliklar va boshqa sovgʻalar berish man etiladi”, deyiladi “Sadoi mardum” gazetasidagi xabarda.

 

Maʼlumot uchun, “Idgardak” marosimida bolalarga shirinliklar tarqatiladi. Yaʼni, Tojikistonda Ramazon va Qurbon bayramlarida bolalar qarindoshlari va qoʻni-qoʻshnilarining uylariga borib, ularni tabriklaydi, sovgʻalar oladi.

 

Parlament aʼzolari, shuningdek, yangi turmush qurganlarga pulni toʻy dasturxonining oʻrniga xayriya ishlariga, masalan, yoʻllarni taʼmirlash va suv quvurlarini yotqizishga sarflashni taklif qilmoqda.

 

Davlatzodaning aytishicha, kelin-kuyovga hamrohlik qilishda koʻp sonli avtomashinalardan foydalanish ham maqsadga muvofiq emas. Shu bois endi mamlakatda “zags” uchun toʻrttadan ortiq mashinadan foydalanishga ruxsat berilmaydi.

 

Qabul qilingan qonunning 13-moddasi ziyoratchilarga oid.

 

“Soʻnggi yillarda ziyoratchilar soni koʻpaygan, ayrim fuqarolar Hajdan keyin ziyoratchilarni kutib olish va ularni qabul qilishni tashkil qilishda isrofgarchilikka yoʻl qoʻymoqda. Shu bois qonun loyihasining 13-moddasida Haj va Umra ziyoratiga boruvchi va ziyoratdan qaytuvchilarni oila ichida kuzatish va kutib olish koʻzda tutilgan”, deyiladi xabarda.

 

Shu qatorda, ziyoratchilarni kutib olishda hovlilar, uylar, koʻchalar, mahallalar va hatto mashinalarni bezatish ham mumkin emas.

 

“Haj va Umra ziyoratchilari uchun qoʻyilgan taqiqlar oʻrniga xayriya ishlari, jumladan, yoʻllarni taʼmirlash, suv quvurlarini yotqizish, ijtimoiy obyektlar va koʻpriklar qurish yoki taʼmirlash kabi ishlar bilan shugʻullanish imkoniyati yaratilmoqda”, deb izoh beriladi xabarda.

 

Bundan tashqari, endi Tojikistonda chet el kiyimlari ham noqonuniy hisoblanadi.

 

Xabarda yozilishicha, milliy madaniyatga yot kiyimlarni olib kirish, sotish, targʻib qilish, shuningdek, jamoat joylarida bunday kiyimlarni kiyishga taqiq qoʻyildi. Ammo qaysi kiyimlarga ekanligiga hali aniqlik kiritilmagan.

 

Maʼlumot uchun, “Tojikiston Respublikasida bayramlar va marosimlarni tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi parlament tomonidan qabul qilingan boʻlib, endi u mamlakat prezidenti tomonidan imzolanishi kerak.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//