Qozoq tili, tarixi va Konstitutsiyasini bilmaganlarga mamlakat fuqaroligi berilmasligi mumkin

Saqlash
10:05 / 17.05.2024 2087 0
Foto: Tengrinews.kz

Qozogʻiston prezidenti Qosim Joʻmart Toʻqayev «Qozogʻiston Respublikasining aholi migratsiyasi sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish va jazo ijrosi tizimiga oid qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish» toʻgʻrisidagi qonunni imzoladi.

 

Qonunning yangi tahririda mamlakat fuqaroligini olish yoki tiklashni rad etishga asos boʻladigan yangi sabablar kiritilgan. Endilikda:

 

- voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyat sodir etganlar;

- davlat tilini elementar darajada bilmaganlar;

- Qozogʻiston Konstitutsiyasi asoslarini va mamlakat tarixini yetarli darajada bilmaganlar Qozogʻiston fuqaroligini ololmasligi mumkin.

 

Shuningdek, yangi tahrirga Qozogʻistonda doimiy yashash uchun ruxsat olish huquqini beruvchi koʻp martalik investorlik vizasi hamda talabgir kasb egalari uchun viza ham kiritilgan.

 

Kimlar Qozogʻiston hududiga kiritilmaydi?

 

- Ekstremistik va terroristik tashkilotlarga aloqador shaxslar;

- Retsidivistlar (qayta jinoyat sodir etganlar);

- Uyushgan guruhlar (jinoiy tashkilotlar) yetakchilari;

- Voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyat sodir etganlar;

- Qozogʻistonda ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir etgan va xalqaro shartnomalar asosida fuqaroligi boʻlgan davlatlarga oʻtkazilgan shaxslar mamlakat hududiga kiritilmaydi.

 

Bundan tashqari, qonunda jazoni ijro etish tashkilotlari – tergov izolyatori va vaqtinchalik izolyatorlardagi kuzatuv kameralari tizimiga zarar yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

 

Hukumat tomonidan belgilangan hududlarga koʻchib oʻtayotgan odamlarga dehqon yoki fermer xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ajratish ham yangi tahrirda nazarda tutiladi. Koʻchirilayotganlar va ularning oila aʼzolariga davlat yordami sifatida koʻchib oʻtish uchun subsidiya koʻrinishidagi moddiy yordam taqdim etilishi ham mumkin.

 

Qonunga shuningdek, aholi migratsiyasi sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish boʻyicha boshqa qoʻshimcha va oʻzgartirishlar ham kiritilgan.

 

Maʼlumot oʻrnida, qozoq tilini bilmaganlar uchun mamlakat fuqaroligini bermaslik toʻgʻrisidagi qonun loyihasi 2022-yilning noyabrida tayyorlangan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//