Endi moʻgʻulistonliklar davlat sotgan tabiiy boyliklardan haq oladi

Saqlash
18:05 / 20.05.2024 1210 0

Moʻgʻuliston aholisi mamlakat tabiiy boyliklaridan foydalanishdan daromad olishni boshlaydi, deb xabar berdi Moʻgʻuliston hukumati.

 

Xabarga koʻra, mamlakatning sotilgan tabiiy boyliklari hisobidan endilikda Milliy farovonlik jamgʻarmasi fuqarolarning hisob raqamlariga pul oʻtkazib boradi.

 

Qonun qabul qilinishi bilan eng yirik togʻ-kon sanoati korxonalari oʻz foydalarining 34 foizigacha Milliy farovonlik jamgʻarmasiga depozit qoʻyadi. Ular orasida mis va molibden qazib olish va boyitish boʻyicha Osiyodagi eng yirik korxonalardan biri boʻlgan sobiq Rossiya-Moʻgʻuliston “Erdenet” togʻ-kon boyitish kombinati ham bor.

 

“Rasmiylar Moʻgʻulistonda iqtisodiy yuksalish boshlanganidan keyin mamlakat fuqarolariga nisbatan shunday qadam tashladi”, deyiladi xabarda.

 

Maʼlumot uchun, Moʻgʻuliston hukumati AQSh, Yaponiya va Xitoydan xorijiy sarmoyalarni hamda mamlakatda moʻl boʻlgan yer osti boyliklaridan foydali qazilmalarni qazib olishning yangi Gʻarb texnologiyalarini jalb qilish boʻyicha faol siyosat olib bormoqda.

 

“Osiyoda yalpi ichki mahsulotning rekord darajada oʻsish surʼatlarini hisobga oladigan boʻlsak, Moʻgʻuliston hozirgi iqtisodiy va siyosiy yoʻnalish saqlanib qolsa, hayot darajasi boʻyicha qoʻshni davlatlarni tezda quvib yetadi”, deydi xabar tarqatgan nashr.

 

Iqtisodchilar moddiy boyliklardan aholiga ulush berish juda yaxshi yechim ekanligini taʼkidlashmoqda.

 

Mutaxassislar esa bu yoʻl davlat va fuqarolar oʻrtasidagi munosabatni mustahkamlashiga ishonmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//