Byudjeti 31,5 milliard soʻm boʻlgan Bahodir Yalangtoʻsh filmining premyerasi boʻlib oʻtdi

Saqlash
12:05 / 27.05.2024 1041 0

Samarqand shahridagi “Moʻjiza” amfiteatrida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan suratga olingan “Bahodir Yalangtoʻsh” tarixiy-badiiy filmining ilk katta premyerasi oʻtkazildi. Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov, direktor oʻrinbosari Shuhrat Rizayev, rejissyor Jahongir Ahmedov boshchiligidagi film ijodiy guruhi, jurnalist va blogerlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Qayd etish lozimki, agentlik tomonidan suratga olingan filmning premyerasi birinchi marta poytaxtda emas, viloyatda oʻtkazildi.

 

 

Filmga bagʻishlab oʻtkazilgan matbuot anjumanida taʼkidlanishicha, kartinaga 31,5 milliarddan ortiq mablagʻ sarflangan. Shundan 10 milliardini Samarqand viloyat hokimligi ajratgan. Kartinada vizual effektlar, grafik texnologiyadan foydalanganligi bois, byudjetning 8 milliardi yangi texnologiyalar sotib olish va oʻrnatishga sarflangan.

 

 

Bahodir Yalangtoʻsh haqida maʼlumot kamligi bois, ssenariyni yozishda tarixchilar bilan hamkorlikda ishlangani aytildi. Ssenariy mualliflari Jahongir Ahmedov, Hasan Toshxoʻjayev. 3 yil davomida suratga olingan kinokartinada Registon majmuasi bunyodkori, Samarqandga hokimlik qilgan sarkarda Bahodir Yalangtoʻshning hayot yoʻli va faoliyati hikoya qilinadi. Amir Yalangtoʻshning Buxoro xonligining ikki sulola davrida ham barcha harbiy yurishlarida ishtirok etgani, yirik gʻalabalarni qoʻlga kiritgani tasvirlanadi.

 

 

Kartinaning kinoprokati haqida berilgan savolga, Agentlik direktori Firdavs Abduxoliqov ayni paytda Kann festivali tashkilotchilari bilan kelishuv ishlari olib borilayotganini maʼlum qildi. Oyina.uz jurnalistining film kinoprokat uchun mahalliy va xorijiy kinoekranlarga chiqariladimi yoki boshqa tarixiy filmlari singari televideniyeda efirga uzatiladimi, degan savoli ochiq qoldirildi.

 

 

Maʼlumot uchun, 30-may, payshanba kuni poytaxtdagi Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyida “Bahodir Yalangtoʻsh” filmining katta premyerasi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//