Madaniy meros obyektlari restavratsiyasi uchun qancha mablagʻ ajratilgani ochiqlandi

Saqlash
14:05 / 28.05.2024 1016 0

Mamlakatimizdagi madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va asrab-avaylash borasida har yili mablagʻ ajratiladi. Jumladan, bu yil ham madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va tiklash uchun davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻ 180 mlrd soʻmni tashkil qiladi.

 

Taʼkidlanishicha, hozirgi vaqtga qadar 141 ta madaniy meros obyekti va davlat muzeyining restavratsiya va taʼmirlash-tiklash ishlari boshlab yuborilgan. Yil davomida 7 ta muzeyda mukammal taʼmirlash ishlari hamda 1 ta muzeyda restavratsiya ishlari amalga oshiriladi.

 

Bundan tashqari, 2024-2025 yillar davomida yana jami 86 ta moddiy madaniy meros obyekti va davlat muzeylarida restavratsiya va taʼmirlash-tiklash ishlari bajariladi.

 

Manzilli dastur asosida madaniy meros obyektlari va arxeologiya yodgorliklarini muhofaza qilish maqsadida bir nechta maskanlar 3D panjaralar bilan oʻraladi va muzeylashtiriladi.

 

Maʼlumot uchun, 2023-yil yakuni va 2024-yilning birinchi choragi holatiga koʻra, xorijdagi kutubxona, muzey, fond yoki boshqa ilmiy-madaniy muassasalarda (Daniya, Hindiston, Misr va boshqalar) saqlanayotgan Oʻzbekiston tarixi va madaniyatiga oid numizmatika, sopol buyumlar, taqinchoqlar, qoʻlyozmalardan iborat 457 ta madaniy boylikning ilmiy tavsifi tayyorlangan. Germaniya, Misr, Hindiston va Fransiya davlatlari kutubxona va fondlarida saqlanayotgan 366 ta qoʻlyozma nusxasi aniqlanib, tavsifi va roʻyxati tuzilgan va Oʻzbekiston Innovatsiya, texnologiya va strategiya markaziga topshirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//