Hajga borgan ziyoratchilar jaziramadan aziyat chekmoqda

Saqlash
17:06 / 19.06.2024 255 0

Makka shahriga Haj ziyoratini amalga oshirish uchun borgan qariyb 550 nafar ziyoratchi vafot etdi, deya xabar France-Presse agentligi (AFP).

 

Maʼlum boʻlishicha, vafot etganlarning katta qismi (kamida 323 nafari) misrlik. Shuningdek, 60 nafar qurbon Iordaniya fuqarosi.

 

Xabarga koʻra, halok boʻlganlarning 144 nafari indoneziyalik, 35 nafari tunislik, 11 nafari eronlik va 3 nafari senegallik. Marhumlarning yaqinlari ijtimoiy tarmoqlarda koʻpchilik issiq urishi oqibatida halok boʻlganini maʼlum qilgan.

 

Jaziramadan tashqari, tiqilinchda vafot etganlar ham bor.

 

Vafot etganlarning ortib ketishiga rasmiylar mamlakatga noqonuniy kirib kelganlarning soni koʻpligini sabab qilib keltirgan. Jumladan, keluvchilarning norasmiy soni ortib ketishi natijasida ziyoratchilar lagerlarida tartibsizlik kuzatilgan. Oqibatda, qutqaruvchilar ahvoli ogʻirlashganlarning hammasiga ham yordam berishga ulgurmagan.

 

Taʼkidlanishicha, ziyoratchilar uzoq vaqt suv va ovqatsiz qolib ketgan. Konditsionerlar ishlamasligi tufayli koʻplar issiqda jon bergan.

 

Maʼlumot oʻrnida, iqlim oʻzgarishi oqibatida Saudiya Arabistonida diniy marosimlar oʻtkaziladigan hududlarda harorat har oʻn yilda selsiy boʻyicha 0,4 darajaga koʻtarilmoqda.

 

Mamlakat Milliy meteorologiya markazi maʼlumotlariga koʻra, 17-iyun kuni Makkadagi Masjid ul-Haramda havo harorati +51,8 darajaga yetgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//