Prezident Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrik yoʻlladi

Saqlash
19:06 / 26.06.2024 231 0

Prezident Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrik yoʻlladi:

 

Qadrli doʻstlar!

 

Avvalambor, oʻz isteʼdodi va mahorati, fidokorona mehnati bilan el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan siz, milliy jurnalistikamiz jonkuyarlarini, soha rivojiga munosib hissa qoʻshgan muhtaram faxriylarimizni 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Maʼlumki, axborot sohasini erkinlashtirish va rivojlantirish Yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonida biz uchun doimo ustuvor vazifa boʻlib kelmoqda. Mamlakatimizning yangilangan Konstitutsiyasida ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat yuritishini taʼminlash boʻyicha muhim qoida va tamoyillar mustahkamlab qoʻyilgani, sohaga doir huquqiy asoslar takomillashtirib borilayotgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

 

Ayniqsa, keyingi yillarda yurtimizda soʻz erkinligi va fikrlar xilma-xilligiga erishish yoʻlida keng imkoniyatlar ochilayotgani media vositalari vakillarining ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtiroki, oʻrni va nufuzini yanada kuchaytirmoqda.

 

Bugungi kunda jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralikni rivojlantirish, davlat idoralari va ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, fuqarolarimizning qonuniy murojaatlarini oʻrganish va hal qilish borasida sizlarning oʻrningiz va taʼsiringiz tobora ortib borayotganini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.

 

Shu oʻrinda gazeta va jurnallarimiz, tele va radio kanallar, ijtimoiy tarmoqlarda turli mavzulardagi dolzarb chiqishlar, muammoli masalalar yuzasidan mutaxassis va ekspertlar ishtirokidagi koʻrsatuv va eshittirishlar, tahliliy sharhlar, bahs-munozaralar sezilarli ravishda koʻpayganini taʼkidlash lozim.

 

Xususan, qurilish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashdagi kamchiliklar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi muammolar boʻyicha berib borilayotgan tanqidiy va tahliliy materiallar joylarda mudrab oʻtirgan ayrim rahbar va mutasaddilarni uyqudan uygʻotib, yangicha ishlab, odamlarning tashvishi bilan yashashga majbur qilmoqda.

 

Muxtasar aytganda, kuyinchak va olijanob jurnalistlarimiz, faol blogerlarimiz oʻzlarining qatʼiy pozitsiyasi, haqqoniy soʻzi bilan hayotimizdagi oʻtkir muammolarni hal etish, islohotlarimizning samarasini oshirish, yurtdoshlarimizning fikrini, dunyoqarashini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshmoqdalar. Hech shubhasiz, bularning barchasi milliy media vositalarimiz “toʻrtinchi hokimiyat” darajasiga yaqinlashib borayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, bunday yuksak marraga yetish oson emasligi, bu yoʻlda toʻsiq va qiyinchiliklar boʻlishi tabiiydir. Lekin, qanchalik qiyin boʻlmasin, bu boradagi ishlarimizni qatʼiyat bilan davom ettiramiz.

 

Muhtaram doʻstlar!

Bugungi kunda matbuot ishi, jurnalistlar faoliyati nafaqat “toʻrtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib bormoqda. Bu esa mazkur yoʻnalishda aynan sizlardek jasur va dovyurak, Vatanni chin dildan sevadigan, oʻz kasbiga sodiq va fidoyi insonlar tobora koʻproq boʻlishini taqozo etmoqda.

 

Ana shu talabdan kelib chiqqan holda, koʻp qirrali professional bilim va malakaga, yuksak maʼnaviy-intellektual fazilatlarga ega boʻlgan zamonaviy jurnalist kadrlar tayyorlash bundan buyon ham ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi. Shu bilan birga, axborot maydonini sifatli va raqobatdosh milliy kontent bilan toʻldirish masalasi har qachongidan ham dolzarb boʻlib borayotgani barchamiz uchun ayon haqiqatdir.

 

Shu bois, dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalarni milliy manfaatlarimizni hisobga olgan holda, tezkor va chuqur tahlillar asosida yoritib borish oʻta muhim, deb oʻylayman. Shuningdek, bugungi kunda yolgʻon va asossiz maʼlumotlarni tarqatish orqali odamlarni aldash, toʻgʻri yoʻldan chalgʻitish holatlari koʻpayib borayotgani aholining media savodxonligini oshirishni oldimizga kechiktirib boʻlmaydigan vazifa qilib qoʻymoqda. Axborot maydonida yuzaga kelayotgan bahsli tortishuv va muammolar faqat va faqat qonun doirasida, huquqiy meʼyorlar negizida hal etilishi shart.

 

Siz, hurmatli media tarmoqlari vakillari ana shunday masalalarni hal etishda faol ishtirok etasiz, deb ishonaman. Albatta, sohada xizmat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizning qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning mashaqqatli mehnatini ragʻbatlantirish masalalari bundan buyon ham eʼtiborimiz markazida boʻladi.

 

Ushbu quvonchli ayyomda sizlarni qutlugʻ kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar, xonadonlaringizga tinchlik va fayzu baraka tilayman.

 

Fursatdan foydalanib, bugungi bayram munosabati bilan yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan ommaviy axborot vositalari xodimlarini chin dildan qutlayman.

Izlanish va ilhom zavqi, yangi ijodiy yutuqlar sizlarga hamisha yor boʻlsin, azizlar!

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//