Oʻzbekistondagi ilk elektromobillar zavoddan chiqdi

Saqlash
13:06 / 27.06.2024 389 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyun kuni Jizzax viloyatiga kelib, “BYD Uzbekistan Factory” qoʻshma korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur zavod shu yil yanvarda davlatimiz rahbarining Xitoyga tashrifi chogʻida ishga tushirilgan edi. Bu qiymati 160 million dollarlik loyihaning birinchi bosqichi boʻlib, yiliga 50 ming dona elektromobil ishlab chiqarish quvvatiga ega.

 

Buning uchun qoʻshma korxona zamonaviy sanoat infratuzilmasi bilan taʼminlandi. Qariyb 2 kilometr temir yoʻl tortildi. Ishlab chiqarish uzluksizligini taʼminlash uchun butlovchi qismlar ombori, 1 ming 200 ta konteyner sigʻimiga ega logistika markazi qurildi.

 

 

Zavodga Xitoydan robotlashtirilgan tizimlar va uskunalar keltirib oʻrnatilgan. Ishlab chiqarish jarayoni avtomatlashtirilgan. Elektromobilning geometrik oʻlchamlarini yuqori aniqlikda tekshiruvchi laboratoriya tashkil qilingan. Prezident ushbu imkoniyatlarni koʻzdan kechirdi, xitoylik sheriklar bilan suhbatlashdi. Hozirda bu yerda Chazor va Song Plus Champion modellari ishlab chiqarilmoqda. Shavkat Mirziyoyev konveyerdan chiqqan ilk elektromobilga imzo qoʻydi. Shu yerda davlatimiz rahbariga ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha axborot berildi.

 

Kelgusi yillarda zavodda modellar qatorini kengaytirish rejalashtirilgan. Qiymati 300 million dollarlik ikkinchi bosqichda elektromobillar sonini yiliga 200 ming donaga, 500 million dollarlik uchinchi bosqichda 500 ming donagacha yetkazish koʻzda tutilgan.

 

 

Rejalar ulkan, ish shunga yarasha jadal. Elektromobillar soni ortishi bilan mahalliylashtirish darajasi ham bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Eng avvalo, bamper, oyna, lak-buyoq, plastik qismlarni oʻzimizda tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Keyinchalik akkumulyator, elektr dvigatel, alyuminiy qismlar, shinalar, oʻrindiqlar ishlab chiqarishga oʻtiladi. Mazkur yangi tarmoqda raqobatbardosh boʻlish uchun innovatsiya va yetuk mutaxassislar kerak. Shu bois taʼlim va rivojlanishga qaratilgan “R&D markazi” tashkil etish, ilm va muhandislik yutuqlarini izchil qoʻllab borish zarurligi taʼkidlandi. Mahalliylashtirish loyihalari orqali mahsulot tannarxini tushirish choralari muhokama qilindi. Istiqboldagi maqsad — mintaqa bozorlariga chiqish.

 

 

Bugungi kunda korxonada 1 ming 200 kishi ishlaydi. Oʻtgan yili 200 nafar xodim “Uzautomotors” zavodlarida malaka oshirgan. Bu yil yana 92 nafar mutaxassis Xitoyning Sian va Chansha shaharlarida sifat nazorati, texnologiya, taʼminot, uskunalarga texnik xizmat koʻrsatish kabi yoʻnalishlarda malaka oshiradi. Barcha uch bosqich joriy etilgach, ish oʻrinlari 10 mingtaga yetadi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//