Qozogʻistonda AES qurish boʻyicha referendum kuzda oʻtkaziladi

Saqlash
18:06 / 27.06.2024 275 0

Qozogʻistonda atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi boʻyicha referendum 2024-yilning kuzida boʻlib oʻtadi. Bu haqda 27-iyun kuni OAV xodimlarini taqdirlash marosimida mamlakat prezidenti Qosim-Jomart Toʻqayev aytib oʻtdi.

 

“Mamlakatda atom energetikasini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Ulardan toʻgʻri va samarali foydalanish muhim. Bu masala boʻyicha yakuniy qarorni xalq qabul qiladi. Referendum shu yilning kuzida boʻlib oʻtadi”, – degan Toʻqayev.

 

Qozogʻiston rahbarining aniqlik kiritishicha, referendumning aniq sanasi keyinroq hukumat tomonidan aniqlanadi.

 

Qozogʻiston energetika vaziri oʻrinbosari Sungat Yesimxanov jurnalistlarga bergan izohida referendum qanday oʻtkazilishini maʼlum qilgan. “Referendum aholining atom elektr stansiyasini yoqlashi yoki qarshiligini bildirishi haqida boʻladi. Qaror qabul qilingandan soʻng, allaqachon mexanizm, qisqa roʻyxat, kimni (AES quruvchi davlat) tanlash kerakligi va hokazo. Variant ikkita — „yoqlayman“ yoki „qarshiman“ boʻladi. Men shunday deb oʻylayman, lekin buni hukumat belgilaydi”, – dedi u.

 

Qozogʻistonda atom elektr stansiyasini qurish boʻyicha munozaralar bir necha yildan beri davom etib kelmoqda. 2023-yil sentabrida Toʻqayev bu masalani referendumga qoʻyishni taklif qilgandi. AES qurilishi uchun joy sifatida Olmaota viloyatining Balxash koʻli qirgʻogʻidagi Ulkan qishlogʻi tanlandi va shu yerda ilk ommaviy muhokamalar boʻlib oʻtdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//