Oʻzbekistonning eng qimmat futbolchisi Ispaniyaga ketadimi?

Saqlash
09:07 / 02.07.2024 320 0

Oʻzbekiston terma jamoasi va Rossiyaning “SSKA” futbol klubi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev Ispaniyaning “Vilyarreal” klubiga oʻtishi haqida mish-mishlar tarqalmoqda.

 

Ayniqsa, bu haqida Ispaniyaning Marca nashri xabar bergani bu xabar haqiqatga ancha yaqin ekanligini koʻrsatadi.

 

Maʼlum boʻlishicha, ispan nashri oʻzbek futbolchisining “Vilyarreal” klubiga oʻtishi mumkinligini yozgan.

 

“Osiyo davlati matbuoti Rossiya jamoasi yosh futbolchini “Vilyarreal”ga sotishga rozi boʻlgani va faqat transferning yakuniy shartlarini kelishish qolganini taʼkidlamoqda. Shuningdek, ular klubning futbolchi bilan ham kelishuvga erishganini qayd etmoqda. Moskva jamoasi hozirdanoq oʻzbekistonlik futbolchiga oʻrinbosar qidirmoqda”, deyiladi xabarda.

 

Biroq Championat.asia bu haqida bironta rasmiy manba topolmaganini maʼlum qildi.

 

Oʻzbek sport nashrining yozishicha, “sayt bu xabarni hech bir rasmiydan tasdiqlay olmagan”.

 

Sayt hatto dunyoning mashhur insayderlaridan biri Janluka Di Marsio bilan ham bogʻlangan. Di Marsio ham bu borada aniq xabar topib berolmagan.

 

Shundan soʻng, ular “Vilyarreal” sport direktori bilan bogʻlangan.

 

“Fayzullayevning “Vilyarreal”ga oʻtishi mumkinligi haqidagi savolga Migel Anxel Tena gap nimadaligini tushunmayotganini va bu xabar notoʻgʻri ekanini maʼlum qildi”, deyiladi milliy sport nashrining xabarida.

 

 

Maʼlumot uchun, yaqinda Transfermarket Fayzullayevning narxini 6 mln yevroga baholagan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//