3 ta tumanda hokim oʻrinbosarlari qoʻlga olindi

Saqlash
10:07 / 02.07.2024 387 0

Taxiatosh, Boʻston va Boʻka tumanlari hokimlari oʻrinbosarlari pora bilan ushlandi.

 

Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh tumani hokimining qurilish, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari oʻzining mansab vakolatini suiisteʼmol qilib, hokimlik balansida boʻlgan va rejali buzilishga tushgan uyni buzish hamda jarayon davomida chiqqan materiallardan oʻz xohishiga koʻra foydalanish (sotish) vakolatini beruvchi hujjatlarni shu hududda yashovchi fuqaroga rasmiylashtirib berish evaziga 35 mln soʻm talab qilgan.

 

Yakunda hokim oʻrinbosari oʻzining xizmat xonasida soʻralgan pul mablagʻidan 32 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

 

Andijon viloyati Boʻston tumani fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi ham oʻzining nomida boʻlgan va chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalik tasarrufidagi 10 gektar yer maydonini eksportbop mahsulotlar yetishtiriluvchi yer toifasiga oʻzgartirib, shuningdek, bu haqida tuman hokimining ekin maydonlarini joylashtirish toʻgʻrisidagi qarorini chiqartirib, uni kavrak oʻsimligi yetishtirmoqchi boʻlgan tadbirkorga 3 yilga foydalanishga berish evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilgan.

 

Oʻtkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi oldindan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.

 

Tergovga qadar tekshiruv davomida maʼlum boʻlishicha, kengash raisi avans sifatida olgan pul mablagʻini Boʻston tumani hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosariga berishi kerakligi maʼlum boʻlgan. Shundan soʻng tezkor tadbir davom ettirilgan va mansabdor shaxs ham 10 ming AQSh dollarini oʻzining xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ushlangan.

 

Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar vazirligining Boʻka tumani boʻlimi boshligʻi esa 2022-yilda qurilgan koʻp qavatli uy uchun “Qurilishi tugallangan obyektni foydalanishga qabul qilish toʻgʻrisida dalolatnoma”ni tasdiqlatib berish evaziga 2500 AQSh dollari talab qilgan.

 

Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida uning topshirigʻiga koʻra talab qilingan pul mablagʻini olgan vaqtida tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi xodimi ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

 

Aniqlik kiritilishicha, Boʻka tumani favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi 1200 AQSh dollarini Boʻka tumani hokimining qurilish, kommunikatsiya, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosariga berishi kerak boʻlgan.

 

Yakunda tezkor tadbir davom ettirilgan va mansabdor shaxs ushbu pul mablagʻini oʻzining xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ushlangan.

 

Hozirda uchala holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismining tegishli bandlari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

 

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//