Makro filialidagi pishgan goʻsht rastasidan suvarak chiqdi

Saqlash
17:07 / 09.07.2024 259 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Mirobod tumani “Nukus” koʻchasida joylashgan Makro supermarketi filialidagi pishgan goʻsht rastasida suvarak yurgani aks etgan video tarqaldi.

 

Mirobod tumani hokimligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

 

Unga koʻra, Sanepidqoʻmitaning Toshkent shahar boshqarmasi Mirobod tuman boʻlimi xodimlari filialda oʻrganish ishlarini olib borgan.

 

Maʼlum boʻlishicha, supermarketda zararsizlantirish ishlarini oʻtkazib turish uchun “TASHSANEXPERT” MCHJ bilan shartnoma tuzilgan boʻlib, soʻnggi marta joriy yilning 30-iyun kuni dezinseksiya ishlari olib borilgan.

 

Bundan tashqari, doʻkonning pastki qavatida joylashgan xitoy restoranida oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlanishi va undan doʻkonga suvaraklar kelib qolish ehtimoli mavjudligi sababli, bir necha marotaba birgalikda zararsizlantirish ishlarini oʻtkazish boʻyicha murojaat qilingan. Biroq restoran maʼmuriyati tomonidan doimiy rad javobi berib kelingan.

 

Restoran rahbariyati bilan olib borilgan suhbat natijasida esa ovqatlanish korxonasida zararsizlantirish ishlarini olib borish uchun hech qanday shartnoma mavjud emasligi aniqlangan.

 

Endilikda, 9-iyun kuni, yaʼni bugun supermarketda profilaktik chora koʻrish maqsadida qaytadan zararkunandalarga qarshi dezinseksiya ishlari amalga oshiriladigan boʻldi.

 

“Supermarket hamda restoranda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakildan ruxsat olinib, kuchaytirilgan tekshiruv ishlari amalga oshirilishini maʼlum qilamiz”, deyiladi hokimlik munosabatida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//