Hind va arab xandalaridan


Saqlash
10:11 / 02.11.2021 0 1359

 

Ikki boyqush suhbati

Birbal bir kuni podshoh bilan ovga chiqqan ekan. O‘rmondagi bir daraxt ustiga qo‘ngan ikki boyqush bir-biri bilan “hu-hu”lashib sayrasha boshlabdi.

– Ey Birbal, – debdi podshoh, – sen dono maslahatchimsan, qani quloq tutib ayt-chi, bu ikki boyqush nima haqda suhbatlashishyapti?

– Ikki boyqush bir-biri bilan quda bo‘lishmoqchi, – deb javob qilibdi Birbal. – Birisi ikkinchisidan o‘z qizi uchun qirqta vayrona so‘rayapti. Shunda ikkinchi boyqush: “Shuncha vayronani senga qaerdan topib beraman?” – desa, unga javoban birinchi boyqush: “Shu podsho omon bo‘lsa, hali ko‘p urush bo‘lib, shahar-qishloqlar vayronaga aylanadi, shularni beraverasan-da”, deyapti.

Bu javobni eshitgan podshoh o‘ylanib qolibdi va vayronagarchiliklarga sabab bo‘ladigan urushlarini to‘xtatibdi.

 

Ot kimniki?

Bir kishi yo‘lda ot minib kelayotgan ekan, bir joyda yo‘l chetida turgan odamni uchratibdi. Haligi odam otliqdan:

– Hoy yaxshi odam, oyoqlarim og‘riydi, iltimos, meni otingga mindirib olsang, – debdi.

Otliqning rahmi kelib uni otiga mingashtirib olibdi. Ular bir manzilga yetib kelganlarida otliq mingashgan odamga:

– Mana, sen aytgan manzilga yetib keldik, qani endi otdan tush, – debdi. Shunda haligi odam:

– Nega men tusharkanman, ot meniki, sen tush otdan! – deb dag‘dag‘a qilibdi. Muttahamlikning chegarasi bo‘larmidi, deganlaridek, u “ot meniki”, deb turib olibdi. Odamlar bu janjalni qanday hal qilishni bilmay turgan ekan, shu payt Birbal kelib qolibdi. Unga bo‘lgan voqeani tushuntirishibdi.

– Janjalni bas qilinglar, – debdi Birbal, – siz ikkalangiz ham otni qoldirib, ertaga kelinglar. Ot kimniki ekanligi hal bo‘ladi.

Birbal ulardan otni olib qolib, podshohning otxonasiga olib boribdi va egar-jabdug‘ini yechib, boshqa otlar yoniga bog‘latib qo‘yibdi. Ertasiga ikkala da’vogar kelibdi. Shunda “Ot meniki” deb da’vo qilayotgan odamga:

– Kirib otxonadan otingni olib chiq, – deyishibdi.

Muttaham da’vogar otni taniy olmabdi. Egasi esa yuzlab ot ichidan bir zumda o‘zining otini tanibdi.

Birbalning donoligi bilan muttaham jazosini olibdi.

 

Rost bilan yolg‘on o‘rtasidagi farq

Bir kuni podshoh Birbaldan:

– Birbal, rost bilan yolg‘on o‘rtasidagi farq qancha? – deb so‘rabdi.

– Ko‘z bilan quloq o‘rtasigacha, – deb javob qilibdi Birbal. – Quloq bilan eshitgandan ko‘ra ko‘z bilan ko‘rish afzalroqdir.

 

Teskari qaror

Bir keksa odam nimadir bo‘lib gunohkor bo‘libdi-yu, podshoh uni jazolamoqqa qasd qilibdi. Shu payt Birbal kelib qolibdi. Podshohning undan negadir jahli chiqib turgan ekan.

– Birbal, sen bu ishga aralashma. Agar sen bu gunohkorning yonini oladigan bo‘lsang, sening aytganlaringning aksini qilaman, – debdi podshoh.

– Unday bo‘lsa bu gunohkorni hoziroq ostiring, – debdi Birbal.

Podshoh hozirgina Birbalning aytganlarini teskarisini qilaman, deb so‘z berganligi esiga tushib, gunohkorni oqlab yuboribdi.

 

“Bu yerda – ha, u yerda – yo‘q…”

Podshoh bir kuni Birbalning donoligini sinamoqchi bo‘libdi va unga:

– Bu yerda – ha, u yerda – yo‘q, bu yerda – yo‘q, u yerda – ha; na bu yerda, na u yerda; u yerda ham, bu yerda ham, – debdi va: “Qani dono bo‘lsang shu aytganlarimga mos keluvchi to‘rt xil odamni olib kel”, – deb buyuribdi.

Birbal o‘ylanib qolibdi, so‘ng chiqib borib podshohning oldiga to‘rt odam – fohisha, zohid, gadoy va sofdil dehqonni olib kelibdi. Podshoh buning ma’nosini so‘rabdi.

– Podshohim, siz “bu yerda – ha, u yerda – yo‘q” deganingiz mana bu fohisha ayolga mos keladi, chunki u bu dunyoda barcha lazzatlardan bahramand bo‘ladi, u dunyoda esa hech narsaga erisholmay azob chekadi. Mana bu taqvodor zohid esa “bu yerda – yo‘q, u yerda – bor”, deganingizga to‘g‘ri keladi, chunki u bu dunyoda barcha lazzatlardan voz kechib riyozat chekadi, narigi dunyoda esa munosib ajrga sazovor bo‘ladi, mana bu gadoy esa “na u yerda, na bu yerda” bo‘lgan bandadir, chunki ta’magirlik bilan qorin to‘yg‘azadi, ibodatni unutadi, shu boisdan unga bu dunyoda ham, u dunyoda ham halovat bo‘lmaydi, to‘rtinchi odam – halol mehnati bilan kun ko‘ruvchi dehqondirki, u bu bunyoda ter to‘kib boshqalarga rizq-ro‘z ulashadi, narigi dunyoda ham aziz bo‘ladi, – dedi Birbal.

Podshoh uning donoligiga qoyil qoldi.

 

Tushning davomi

Podshoh bir kuni Birbalni mot qilmoqchi bo‘lib:

– Tushimda ikkalamiz osmonda uchib yurib birdan yerga quladik. Men asal solingan o‘raga tushibman, sen esa axlat o‘raga – deydi.

– Men o‘sha tushning davomini ko‘rdim, – dedi hozirjavoblik bilan Birbal. – Ikkalamiz o‘radan chiqqandan keyin men sizni, siz meni yalay boshlabmiz…

 

Eshak boshlagan yo‘l

Juho eshak minib borayotgan edi, uning eshagi tekis yo‘l qolib o‘ydim-chuqur yerdan yura boshladi.

– Nega to‘g‘ri yo‘l qolib egri yo‘ldan yurayapsan? – deb so‘rashdi Juhodan.

– Eshak yo‘l boshlagandan keyin nima ham qila olardim, – deb javob qilibdi Juho.

 

Go‘shti uchib ketgan sho‘rva

Juho o‘rdak sho‘rva ichgisi kelibdi va ko‘lda suzib yurgan o‘rdaklarni tutib olish uchun ularga qarab tayoq otibdi. Tayog‘i tegmasdan o‘rdaklar uchib ketishibdi. Juho ko‘lning suvidan icha boshlabdi.

– Nima qilayapsan? – deb so‘rashibdi undan.

– Go‘shti uchib ketgan sho‘rva ichyapman, – deb javob qilibdi u.

 

Ham yozgi-yu ham qishki xona

Juhoning tomi yo‘q bir xonasi bor ekan. Juho uni ijaraga bermoqchi bo‘libdi.

– Xonangning tomi yo‘q-ku? – debdi ijaraga oladigan odam.

– Bu yozgi xona, – debdi Juho.

– Qish kelganda nima qilamiz? – debdi haligi odam.

– Tashvish qilma, qishda xonani to‘ntarib qo‘yamiz, – debdi Juho.

 

Taom haqi

Juhoning qorni ochib oshxonaga kiribdi. Ammo taom uchun to‘laydigan puli yo‘q ekan. Shunga qaramasdan u ovqat buyurib, to‘yguncha ovqatlanibdi. Keyin oshxona egasini chaqirib:

– Mabodo biror odam taomingni yeb, haqini to‘lamasa nima qilasan? – deb so‘rabdi.

– Yuziga shapaloq tortib yuboraman, – debdi oshxona egasi.

– Unday bo‘lsa tezroq tortib yubor, shoshib turibman, – debdi Juho yuzini tutib.

 

Bir oyoqli g‘oz

Juho podshohning oshpazi ekan. Bir kuni podshoh unga g‘oz pishirishni buyuribdi. G‘oz pishgach, Juho g‘ozning bir oyog‘ini yeb qo‘yibdi va qolganini podshoning oldiga qo‘yibdi.

– Bu g‘ozning bir oyog‘i qani? – deb so‘rabdi podshoh.

– G‘ozlar bir oyoqli bo‘ladilar-da, – debdi Juho va o‘z so‘ziga ishontirish uchun podshohni ko‘l bo‘yiga boshlab boribdi. Qarashsa g‘ozlar bir oyoqda dam olib turishgan ekan.

– Ana, ko‘rdingizmi? – debdi Juho.

Podsho tayoqni olib g‘ozlarga otgan ekan, ular ikki oyoqlab qocha boshlashibdi.

– G‘ozlar ikki oyoqli ekan-ku? – debdi podshoh.

– Axir, podshohim, sizni ham tayoq bilan quvlashsa to‘rt oyoqli bo‘lib qochardingiz, – debdi Juho.

 

Muxtor XUDOYQULOV

to‘plagan.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019-yil 2-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

19:05 / 13.05.2024 0 324
“Amudaryo”ning ma’nosi nima? “Jayxun”ning-chi?

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 1 388
Omad yosh tanlamaydi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 206120
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 96606
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22919
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 22265
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16866
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16117
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 14521
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 12637
Ommaviy madaniyat