“O‘lik dengizni men o‘ldirganman”, “Sirg‘aliga sirg‘a taqqan o‘zim” – postfolklor payrov yoki mumtoz san’atlarning ijtimoiy tarmoqqa ko‘chgan shakli


Saqlash
16:06 / 12.06.2023 0 2044

Shu kunlarda "Facebook" ijtimoiy tarmog‘ida "Men uni qilganman, buni qilganman" degan payrov trendga chiqdi. Axborot tasmasini aylantirishning iloji bo‘lmay qoldi. Qayerga qarasangiz geografik, tarixiy, ilm-fanga oid nomlar – bari allakimning qo‘li bilan nimadir bo‘lgan.

 

Kishilarning tobora ijtimoiy tarmoqqa o‘rganishi, u bilan nafas olishi, do‘st orttirishi, o‘zini ifoda etishi juda ko‘p ko‘zga chalinmoqda va bu zamonaviy jamiyatning inja belgilaridan biriga aylandi. Ko‘p bo‘lmadi, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining “Taksichilik bahona edi...” payrovi orqasidan kasb va ularning jamiyatdagi tutgan o‘rni, nozik jihatlari zukkolik bilan kishilarga tushuntirilgan, uning atrofida samimiy va achchiq kulgi qilingandi. Albatta, bu trend “kayfiyatga bahona edi” – ikki-uch kundan keyin uni birov eslagani ham yo‘q, ammo boshqa tarafdan shu bahonada kasblar haqida qanotli iboralar esda qoldi.

 

Yangi payrovning bosh masalasi ham xuddi avvalgisi kabi – sevgi. Buni chellenjning ilk ko‘rinishlarida kuzatish mumkin. Masalan, Vasila Ermatova shunday yozadi:

 

“– Qizil dengizni bilasanmi?

– ...
– Yurak qonimdan qizarib ketgan...”

 

 

E’tibor qilsangiz, dialog tarzidagi matnda muhabbatga dalil berilyapti – oshiq sevgilisiga sevgisini isbot qilmoqchi, yuragining qoni butun boshli dengiz suvini qizartirgan! Bu holatni mumtoz adabiyotda ham uchratish mumkin – Alisher Navoiy, Lutfiy kabi shoirlarimizning husni ta’lil (bir voqeani unga daxli bo‘lmagan boshqa narsa bilan izohlash) san’atida bitgan g‘azallari ko‘p. Keyinchalik esa payrov o‘zining dialog sifatini yo‘qotdi va ixchamlashdi. Urg‘u asosan geografik nomlar va ularning nomi tarkibidagi so‘zni ajratib, xuddi shunday talaffuz va boshqa anglamdagi narsa bilan bog‘lash boshlanib ketdi. Bir-biridan olingan skrinlar esa uning ildizini, asosini topishga ko‘mak beradi, ya’ni izchilligini ko‘rsatadi.

 

 

Suratdagi birinchi payrov Lyuis Hemilton taxallusli foydalanuvchiga tegishli. Samolyot va kemalar sirli tarzda g‘oyib bo‘ladigan, hali tagiga to‘la-to‘kis yetilmagan jumboq – mashhur Bermud uchburchagini chizganini da’vo qilmoqda. Ibrohim Oka o‘zining fizikadan xabari borligini bildiradi: tortishish qonunini kashf etishga ilhomlangan Nyutonning boshiga tushgan olmani aslida u otgan emish. Keyingi foydalanuvchi sayyorani o‘zbekcha kiyintiradi: yashil-ko‘k taramli chopondagi, beliga belbog‘ bog‘langan Yerni tasavvur qilib ko‘ring. Abdulloh Abduqodirov esa daryoga sir aytgan. Bularning bari hozirjavoblik va zukkolik bilan, mubolag‘a hamda mutoyiba bilan o‘z o‘rnida topib aytilgani kishida kayfiyat uyg‘otadi.

 

Elyor Alimov:

Bolqon yarimorolining qolgan yarmini men yo‘q qilganman.

 

Ulug‘bek Rashidov:

O‘lik dengizni men o‘ldirganman.

 

O‘roljon Kamol o‘g‘li:

Qashqadaryoni o‘zim qashqa qilganman.

 

Kamol Qodir o‘g‘li:

Niagara sharsharasini men sharillatganman.

 

Akram Hamroqulov:

Samarqandning qandini men yeganman.

 

Geografik nomlar payrovining mazmuni ko‘proq mubolag‘aga asoslangan. Topqirlik va shishirilgan so‘z o‘yini bilan boshqalarni lol qoldirish maqsadi ko‘zlangan. Agar chellenj shu bilan to‘xtab qolmasa, asta-sekin ijtimoiy muammolarga – ko‘pam til tekkizilmaydigan, maddalab yotgan kamchiliklarimiz tomon burilib ketishi ham hech gap emas. Bu avval o‘z-o‘zini tanqid qilish bilan boshlanib, keyinroq tanqid doirasi kengaysa kerak.

 

Xumora Bo‘riboyeva:

Oyning yuzidagi dog‘lar aslida meniki edi...

 

Hulkar Murtazoyeva:

Telegram va Instagramning grammlarini men tortib berganman.

 

Joziba Safo:

Feysbukni postlarim bilan men rasvo qilganman.

 

Zamonaviy dunyoda xalq og‘zaki ijodi to‘xtab qolgani haqidagi ta’kidlar quloqqa chalinadi, ammo yuqoridagi payrovlar aslida postfolklorning namoyon bo‘lishidir. Axborot asri fuqarolari matndagi qochirimni, obrazli tafakkur mahsulini anglashdan mazza qilishi, rohatlanishi – yaxshi belgi. Internetning aynan o‘zbek sigmentida paydo bo‘lgan mazkur chellenj odamlarimiz ko‘nglida she’rga, so‘z san’atiga mehr yashayotgani, so‘z o‘yinlaridan zavqlanish ehtiyoji o‘lmaganini ko‘rsatishi bilan qimmatlidir. 

 

Xo‘sh, sizning xayolingizdan nima o‘tyapti? Darrov “Men nimani do‘ndirgan ekanman”, deb o‘ylay boshladingizmi? Ehtimol, Tinch okeanini tinchitgan chiqarsiz? Qora dengizga tonirovkani siz tortgan bo‘lsangiz-chi? “Sirg‘alining qulog‘iga men sirg‘a taqqan”, dersiz balki?..  

 

Alisher FAYZULLAYEV,

Oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qomus

12:07 / 25.07.2024 0 326
Sanskritchani biladigan “baxshi”

Qomus

10:07 / 19.07.2024 0 393
Musiqa

Bilasizmi?

14:07 / 11.07.2024 0 419
“Oqshom”mi, “ag‘sham”?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 210658
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 99723
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 24802
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 24335
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 18234
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 17234
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 16396
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 14611
Ommaviy madaniyat

//