Andak hazil, andak kinoya


Saqlash
13:11 / 25.11.2021 0 1263

Sultonmurod OLIM

Uddaburon

Bir voiz katta zalda ma’ruza o‘qibdi. Ketish mahali idora rahbari iltifot ko‘rsatib paltosini kiydirib qo‘ymoqchi bo‘libdi.

– Yo‘q, – debdi voiz, – o‘zim kiyaman, rahmat, uzr.

– Keling, taqsir, xizmat qilsak, sizday aziz odamga xizmat qilibmiz-da.

– Yo‘q, – debdi voiz yana, – yomon o‘rganib qolaman.

– Nimaga yomon o‘rganib qoladilar? – deb so‘rabdi rahbar.

– Izzat-hurmatga.

– Nima qilibdi, arziysiz, taqsir. Ikki karra arziysiz!

– Lekin siz ham yomon o‘rganib qolasiz-da.

– Xo‘sh-xo‘sh, biz nimaga o‘rganib qolar ekanmiz?

– Sizmi... siz o‘zining choponini o‘ziga kiydirib yuborishga yomon

o‘rganib qolasiz.

 

O‘ch

Buxoroning qishi qattiq keladi. Tun ayoziga chidash qiyin. Akram kelib-kelib shunday kechalarning birida zavoddan bir mashina pishiq g‘isht gaplashdi.

Samosvalchi borishga rozi bo‘ldi. Lekin kabinadan tushmasligini, bu qahratonda g‘isht yuklashga yaramasligini aytdi. Bir o‘ziga oson emas – Akram Subhonni ko‘ndirdi. “Kabinada borib, kabinada kelaman. Tepaga o‘zing chiqasan” deb shart qo‘ydi u ham. Borishdi. Yuklashdi. Mashinaga g‘isht otib turgan odamning badani qiziydi, sovuqni sezmaydi. Lekin terlaydi. Endi shu holda g‘isht ustiga chiqib o‘n chaqirimcha yerga yetib borishni tasavvur qiling!

Akramning esa ishi bitib, eshagi loydan o‘tdi.

– Tegirmon ham navbati bilan, jo‘rajon, – dedi u Subhonga. – Kelishda yaxlab o‘lay dedim, ketishda o‘lishim aniq. Endi tepaga sen chiqasan.

Subhon ko‘nmadi:

– Va’dangni buzma, og‘ayni!

Bo‘ldi janjal, bo‘ldi janjal... Oxiri haydovchi aralashib masalani hal qildi – Akram ikkovi Subhonni zo‘rlik bilan bortga – g‘isht ustiga yuklashdi. Kabina eshiklari shart-shart yopildiyu mashina yurib ketdi. Tepada Subhonni varaja tutdi. Nima qilish kerak? Birdan kallasi ishlab ketdi. Birato‘la ham sovuqdan himoyalanish, ham va’dasini buzgan jo‘rasidan o‘ch olishning yo‘lini topdi: g‘isht otib turgan odamning badani qiziydi, sovuqni sezmaydi. Manzilga yetib borganlarida mashinada bir dona ham g‘isht qolmagan edi.

Akram o‘zidan ko‘rsin!

 

O‘tirish

Qamoqdan chiqqan kishini bir qalin og‘aynisi ko‘chada tasodifan ko‘rib

qolib:

– Jo‘rajon, bir o‘tiraylik! – debdi.

– Rahmat, shuncha o‘tirganim yetar, – debdi haligi kishi kapalagi uchib.

 

Izzattalab voiz 

Bir idora rahbari taklif qilingan voizga hurmat bilan so‘z beribdi. Voiz minbarga chiqibdi-yu, hech ma’ruzasini boshlamas ekan deng. Oxiri rahbar yordamchisining qulog‘iga bir nimalarni shipshitib, uning oldiga yuboribdi.

– Boshlang, taqsir, rahbar xafa bo‘lyaptilar... noqulay, axir, – debdi yordamchi voizning qulog‘iga.

– Odam kam-ku! – debdi voiz.

Xayr, naridan-beri ma’ruza bo‘libdi.

Oradan bir muddat o‘tib, yana o‘sha voizni taklif qilishibdi. Lekin endi bu gal rahbar qattiq tayinlab qo‘ygan ekan, zal liq to‘la emish. Avvalgidek hurmat bilan so‘z berilibdi. Voiz minbarga chiqibdi-yu, yana boshlamas ekan deng. Rahbar yordamchisining qulog‘iga bir nimalarni shipshitib, uning oldiga yuboribdi.

– Boshlang, taqsir, rahbar xafa bo‘lyaptilar... noqulay axir. Yana nima gap?! – debdi yordamchi voizning qulog‘iga.

– Bu o‘tirganlar orasida meni tushunadigan odam ko‘rinmayapti-ku! – dermish notiq bu gal.

 

Zam sura

Bir otaxon xudoyiga bir qozon halim tayyorlatib, o‘g‘lini masjidga yuboribdi:

– Bomdoddan chiqqan namozxonlarni to‘g‘ri shu yoqqa boshlab kelaverasan.

O‘g‘il bor-yo‘g‘i yetti kishini boshlab kelibdi.

– Axir, bomdodga har kuni yuz kishi chiqar edi. Qolganlar qani? – deb so‘rabdi otaxon hayron bo‘lib.

– Masjid eshigi oldida turib, chiqayotganlardan “Bugun imomimiz zam suraga qaysi surani o‘qidilar?” deb so‘radim. Yetti kishi to‘g‘ri aytdi. Boshqalar esa “biz imomga iqtido qildik, qanday sura o‘qiganlari bilan ishimiz bo‘lmadi” deb javob berdi. Siz namozxonlarni chaqirishimni uqtirgan edingiz, men ularni namozxon deb hisoblamadim-da, – debdi o‘g‘il.

 

“Siz-da kandidat, men-da kandidat!”

Ozarboyjonlik akademik Hamid Orasli domla fan nomzodi bo‘lgan paytida bir aspirant tayyorlabdi. U azbaroyi sadoqatidan har mahal ustozning portfelini ko‘tarib yurar ekan. Shogird nihoyat bir kun dissertatsiyasini yoqlab, o‘sha zamon iborasi bilan aytganda, filologiya fanlari kandidati bo‘libdi – ilmiy daraja bo‘yicha ustoziga tenglashibdi. Himoyadan keyin pastda avtobus ziyofatga boruvchilarni kutib turgan ekan.

Hamid Orasli bundoq qarasa, portfel yo‘q – u himoya bo‘lib o‘tgan zalda qolib ketgan ekan. Ustoz, odatga ko‘ra, darhol shogirdini topib, portfelni olib tushishni so‘rabdi.

– Yo‘q, – debdi “olim” yigit, – endi bu ishni boshqa birovga buyuring. Chunki siz-da kandidat, men-da kandidat...

 

Tanqid

“Tanqid – kelajak mevasi”.

Stalin to‘g‘ri aytgan. Kelajak mevasini tatib ko‘rishdan umidingiz bo‘lsa, minba’d tanqid qila ko‘rmang!

 

Akademikning kartoshka pishirgani

Akademik ertalabdan uyida fan bilan mashg‘ul. Xotini ro‘zg‘or uchun bozor qilib keladigan bo‘libdi.

– Tushlikni nima qilaman? – debdi olim kitobidan bosh ko‘tarmay.

– Qozonchaga suv solib, bitta katta kartoshkani yuvib qo‘ydim. Suvni qaynatib, kartoshkani solasiz. Yoniga budilnik soatni ham qo‘yib qo‘yganman. Yarim soatdan keyin olib, kartoshkani sovitib, po‘stini archasiz-da, pichoqda kesib, tuz sepib, sariyog‘ qo‘shib yeb olasiz, – deb tayinlabdi xotini.

Tushlik bo‘libdi. Akademik kartoshkani qozonga solib, endi soatni qo‘lga

olgan ham ekanki, eshik jiringlabdi. Ochsa, aspiranti.

– Zap vaqtida kelding-da, halizamon kartoshka pishadi. Kattagina. Ikkalamizga yetadi, birga tushlik qilamiz, – debdi.

Aspirant qarasa, o‘sha kattagina archilmagan kartoshka – ustozning qo‘lida. Sekingina oshxonaga kirib qozonga qarasa, budilnik qaynab yotgan ekan...

 

“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 1-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

19:05 / 13.05.2024 0 313
“Amudaryo”ning ma’nosi nima? “Jayxun”ning-chi?

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 1 371
Omad yosh tanlamaydi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 206086
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 96564
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22863
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 22210
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16835
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16088
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 14458
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 12577
Ommaviy madaniyat