O‘tkir Hoshimov. Qatralar


Saqlash
17:11 / 27.11.2021 0 1472

OTALAR VA BOLALAR
U oddiy odam edi. Hammolchilik qilardi. To‘rt qiz, uch o‘g‘ilni oyoqqa turg‘azdi. O‘g‘illarini uylantirdi. Qizlarini chiqardi.
Hammasini uyli-joyli qildi.
Ko‘z yumayotganida «hammalaringdan mingdan-ming roziman», dedi...
Qarashsa, kafanligi yo‘q ekan...


GUMROH BANDALAR
Odamlarga hayronsan. Ota-onasi tirikligida ikki og‘iz shirin so‘zni tekinga aytmaydi-da, ular o‘lganidan keyin ming-ming pul sarflab, o‘sha so‘zlarni qabrtoshga yozdirib qo‘yadi...


«TUTINGAN» O‘G‘IL
Amal kursisida o‘tirganingda kim eng ko‘p tovoningni yalasa, kursidan tushganingda o‘sha birinchi bo‘lib sendan yuz o‘giradi, deganlari qanchalik to‘g‘ri ekaniga o‘zim ishonch hosil qildim.
Bir qadrdonim bor edi. Kunora qo‘ng‘iroq qilib, haftada kelib turar, shifoxonaga tushib qolsam, «ovora bo‘lmang», deyishimga
qaramay hammadan avval yetib borar, ta’til paytida O‘zbekistonning qaysi burchagiga dam olmay, topib borar, «bir cho‘qimgina» osh qilmasa, ko‘ngli joyiga tushmas edi... Bunisi ham mayli, ikki gapning birida «men sizni otam deganman, siz mening otamsiz», deb, Xudoni o‘rtaga solib qasam ichardi...
Mansabim jinday o‘zgargan edi, «bolam»ni yo‘qotib qo‘ydim. Surishtirsam boshqa ota izlab yurgan ekan...


«OTC
HOPAR»DA
«Otchopar» bozorida eski do‘stimni uchratib qoldim. Matematik... Olim... Sigaret sotib o‘tirgan ekan... Meni ko‘rib ko‘zini yashirdi. Men ham burilib ketdim...
Ikkalamiz bir-birimizdan nega uyalganimizni bilmayman. Negadir... yig‘lagim keldi...


UMR
Tanishdilar... Sevishdilar... Turmush qurdilar... Farzand ko‘rdilar...
To‘ng‘ichi nimjonroq edi. Kasal bo‘lib, ko‘p kuydirdi... O‘rtanchasi o‘yinqaroq edi... Qamalib chiqdi...
Kenjasi qiz edi... Erkaroq o‘sdi. Turmushi buzildi...
Bir kuni erkak kechasi uyg‘onib ketdi. Uzoq o‘ylab yotdi. Qarasa, ayoli ham uyg‘oq ekan.
– Onasi, – dedi. – Dunyoga kelib nima ko‘rdik o‘zi?
– Bilmasam, – dedi ayoli xo‘rsinib...
...Bobotoqqa borganimda qurib qolgan ikkita daraxtni ko‘rgandim. Ikkalasi bir-biriga suyani-i-ib turardi...

SURAT
Dunyoning ishlari doim shoshilinch. Odatdagidek tik turgancha nonushta qilayotgan edim. Onam odatdagidek qistardi:
– O‘tirsang-chi, bolam. Birpas o‘tirgin.
– Bo‘ldi, ketdim.
– Shoshma, bolam. – Onam ko‘zimga odatdagidan boshqacha, qandaydir mung bilan termildi. – Gap bor.
Tipirchilab soatga qaradim: hali benzin olish kerak, ishga borish kerak, keyin nashriyotga o‘tish...
– Nima edi?
Onam ko‘zimga hamon ma’yus termilib o‘tirardi.
– Suratga tushaylik, – dedi to‘satdan.
Ajablandim.
– Nega?
– Yaqinda men o‘laman.
Onam bu gapni xuddi: «Qo‘shninikiga chiqib kelaman», degandek ohangda aytdi. Kulib yubordim.
– Qo‘ysangiz-chi, oyi.
Shunday dedim-da, chiqdim ketdim.
Oradan ikki hafta o‘tdi-yu... Kechalari uyg‘onib ketaman, o‘ylayman. O‘ylayman: sen nomard, sen ahmoq nimaga, nimaga o‘shanda kulding? Suratga tushishga vaqting yo‘qmidi? Kerak bo‘lsa topasan-ku! Kitob uchun, jurnal uchun, ish ustida, bog‘da, ko‘chada... Nima, sen kinoyulduzmisan?
Jahonshumul shaxsmisan? Ana, bir dasta surating yotibdi. Har xil. Har yerda... Faqat... Onang bilan tushgan surating yo‘q!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qomus

12:07 / 25.07.2024 0 317
Sanskritchani biladigan “baxshi”

Qomus

10:07 / 19.07.2024 0 393
Musiqa

Bilasizmi?

14:07 / 11.07.2024 0 419
“Oqshom”mi, “ag‘sham”?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 210644
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 99708
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 24801
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 24330
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 18232
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 17232
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 16395
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 14605
Ommaviy madaniyat

//