Uy tutish odobi


Saqlash
13:11 / 06.11.2023 0 522

Uy tutish odobi (roʻzgʻor odobi) – uy-roʻzgʻor va oila munosabatlarining maʼnaviy tamoyillariga asoslanadigan tarixiy va madaniy anʼanalardan biri. Madaniyatga ega boʻlgan har bir xalq uyni qurishdan tortib, uni bezashgacha alohida eʼtibor bilan qaraydi. Chunki uy tutish insonning mavqei, did-farosati, imkoniyati va shu kabi jihatlarini belgilaydigan xususiyatdir. Bu xususiyat oʻzbek xalqi uchun ham begona emas va u madaniyatimizning goʻzal bir qismiga aylangan. Allomalarning bu haqda bildirgan fikrlari, ibratli mulohazalari koʻp. Masalan, XIX asrda ijod etgan fozila ayol Olimat ul-Banot oʻzining “Muosharat odobi” risolasida uy tutish poklik va ozodalikka asoslanishini, pokiza turmush qurish bilan birga pokiza uy tutish lozimligini taʼkidlab, bu xususda bir qator tavsiyalarni beradi: “uy va xonalarni choʻp-xaslardan, chang-tuproqlardan supurib turish”, “oʻrgimchak uyalarini olmoq va uy atroflarini sof tutmoq”, “yashayturgan oʻrinlarni, xususan, uylarning ichkarilarini yuvib quritmoq, is va shu kabi narsalardan sof etmoq”, “fursati bilan derazalarni ochib, uyning havosini almashtirish” va boshqa ishlar uy tutish odobining ziynatlaridandir». Yashaydigan uyi mizning ichki va tashqi koʻrinishi, tabiiyki, oʻzimizning didimizdan kelib chiqib shakllantiriladi. Bunda eng asosiysi, uyda oila aʼzolari oʻzini qulay va erkin his qilishlari uchun zarur boʻladigan jihatlarni eʼtibordan chetda qoldirmaslik lozim. Buning uchun, avvalo, uyni ortiqcha, yaroqsiz narsalar bilan toʻldirib tashlamaslik kerak, bu uydagi narsalarning joylashuvini buzadi. Uyni bezatish va saranjomlashda derazalarga alohida eʼtibor qilish maqsadga muvofiq. Derazalar xonani kengaytirib yoki kichraytirib koʻrsatishi ham mumkin, ammo derazalarni jonli rasmga aylantirish yoki musavvirlik mahorati bilan boshqacha koʻrinish berib berkitish ham mumkin. Har qanday holatda ham derazalar insonni tashqi olam bilan bogʻlab turgani va uy ichiga imkoni boricha koʻproq toza havo kiritib turgani maʼqul. Shuningdek, uy jihozlarini joylashtirishda uyda yosh bolalar boʻlishini ham eʼtiborga olish zarur, chunki joylashtirilgan buyumlar ularning bemalol harakat qilishlari uchun xalaqit bermasligi kerak. Tanishlarni uydagi qimmatbaho va hashamatli jihozlar bilan maqtanib, hayratga solish manmanlik belgisidir.

 

Shunday xonadonlar borki, sohib va sohibaning didsizligi natijasida xona qimmat boʻlsa-da, keraksiz narsalar bilan toʻldirib yuboriladi. Bu uyda, bir soʻz bilan aytganda, fayz yoʻq, oʻtirgan odamning nafasi boʻgʻiladi, kishini asabiylashtiradi. Oshxona va zarurat xonalarini alohida tozalikda saqlash kishini noqulay vaziyatga tushib qolishdan asraydi. Gullarsiz uyni tasavvur etish mumkin emas. Gullar uyga goʻzallik baxsh etadi, ayniqsa, yangi uzilgan, chiroyli guldastalar yoki quritilgan oʻt va gullar majmuasi kishining kayfiyatini koʻtaradi, obrazli ifodalarni shakllantiradi. Biroq, gullar boshqa barcha narsalar kabi uyda ozodalik, eʼtibor va parvarishni talab qiladi. Uyda tirik tabiatni shakllantirish – toʻti, kaklik, bedana, kanareyka singari sayroqi qushlar, tovus, qirgʻovul kabi chiroyli qushlarni parvarish qilish, baliq, quyon kabi chiroyli jonivorlarni boqish ham insonlarning tabiatga nisbatan munosabatini oʻzgartiradi, unga nisbatan mehr paydo qiladi. Shuningdek, bu holat xonadonda sogʻlom muhitni mustahkamlaydi, tarbiya jarayonini barqarorlashtirishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

15:06 / 20.06.2024 0 128
Tilni qanday saqlab qolamiz?

Bilasizmi?

12:06 / 13.06.2024 0 354
Nemislar qanday qilib sanitar tozalikka o‘rgatilgan?

Qatra

17:06 / 11.06.2024 0 524
Oriyat

Qatra

10:06 / 11.06.2024 0 1002
O‘g‘lim katta ishda ishlaydi…

Qatra

14:06 / 10.06.2024 0 726
XXI asrning qalampir maqoli



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 208337
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 98166
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 23991
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 23621
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 17642
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16852
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 15696
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 13954
Ommaviy madaniyat

//