Umidsizlik


Saqlash
10:11 / 08.11.2023 0 638

Umidsizlik (pessimizm) – dunyoda yomonlik ustun, kelajak odamga yaxshilik keltirmaydi, u azob-uqubatga mahkum, kelajak hayotda baxt-saodatga, maqsadga erishib boʻlmaydi, degan tamoyillarga asoslanadigan pessimistik tushuncha. Umidsizlik kishining kelajakka ishonchining susayib ketgani, dunyoda yomon odamlar koʻpligi, oʻz oldiga qoʻygan orzu-maqsadlariga erishishiga irodasi kuchsizlik qilishi, hayotda yashashning qiyinligidan nolish, hayotga qiziqishining susayishi, hayotning azobu mashaqqatlardan, toʻsiqlardan iborat ekanligi, muammolarini yechish va muvaffaqiyatlarga erishish uchun hech qanday iloj-imkoniyat yoʻqligi, ruhiy tushkunlik holatida namoyon boʻladi. Insonlar orasida jaholat, gʻaflat, xudbinlik, tanballik, poraxoʻrlik, taʼmagirlik, takabburlik, mansabparastlik, shuhratparastlik kabi illatlarga mubtalo boʻlgan baʼzi bir shaxslar bor. Aynan mana shu holat koʻpchilikning umidsizlikka tushishiga sababchi boʻladi. Chunki mana shunday shaxslar oʻz shaxsiy manfaati, nafsi, hirsini qondirish, shuhrat qozonish, boylik orttirish kabi maqsadlarini amalga oshirish uchun maʼnaviyatga, axloqqa zid boʻlgan turli xil tuban ishlarga qoʻl uradi. Bunday shaxslar bilan birga ishlash jarayonida halol mehnat qilayotgan xodimning hafsalasi pir boʻladi, adolatparvarlik, insonparvarlikka ishonchi yoʻqoladi, hamma joyda yomonlik ustun, uni yengib boʻlmaydi deb oʻylaydi, orzu-maqsadlariga erishish sarob boʻlib tuyuladi, belgilagan ezgu maqsadlari va rejalari amalga oshmagach, umidsizlikka tushib, faol hayotdan uzoqlasha boshlaydi, oʻziga ishonchni yoʻqotadi. Hayotidagi turli koʻngilsizliklar oqibatida ham inson umidsizlikka tushib qoladi. Masalan, turmush oʻrtogʻidan ajralish, yaqinlarining vafoti, korxonaning tugatilishi va boshqa bunga sabab boʻlishi mumkin.

 

Yapon olimlari (Toxoku universiteti professori Itiro Sudzi boshchiligidagi tadqiqotchilar) ilmiy tadqiqoti natijalari aynan aniq maqsadga ega boʻlmaslik yoki ezgu orzulariga erishishiga ishonmaslik, faol hayotdan uzoq turish oqibatida insonning oʻz joniga qasd qilish holatlari koʻp uchrashini taʼkidlaydi. Xudbin, shaxsiy manfaatini millat va xalq manfaatidan ustun qoʻyadigan, boylik va shuhrat orttirishga ruju qoʻygan, boshqalarni pisand qilmaydigan, manman, takabbur, adolat va insonparvarlikka zid ravishda boshqalarning orzu-umidlari va maqsadlariga, rivojlanishiga, hayotda ularning mavqei, oʻrnini egallashiga befarq, bepisand qaraydigan kimsalar tomonidan or-nomusi, qadr-qimmati, shaʼni toptalgan, oyoqosti qilingan inson ham umidsizlikka tushadi. Unda kelajakka ishonchsizlik, umidsizlik paydo boʻlib, bunday holatda u irodasining sustligi tufayli oʻz joniga qasd qilishi holatlari ham hayotda uchrab turadi. Umidsizlik ruhiy tushkunlik holati boʻlib, bunda kishi ruhan siqiladi, asabiylashadi, stress holatlarni boshidan oʻtkazadi. Buning natijasida uning tanasida turli xil kasalliklar paydo boʻla boshlaydi. Suqrot aytganidek, “Ruhni davolamay turib, tanani davolab boʻlmaydi”. Demak, umidsizlikka tushgan odamning, avvalo, ruhini davolash lozim boʻladi. Umidsizlikka tushgan odamga, undagi tushkunlik oʻtkinchi bir holat ekani va vaqti kelib oʻtib ketishini; ruhiy tushkunlik holati har kimning boshiga tushishi mumkinligini tushuntirish, undagi ijobiy jihatlarga, iroda, aql, bilimga eʼtiborni qaratish, uning oilasi, yaqin qarindoshlari, doʻstlariga kerakligini his qildirish, yashash uchun berilgan huquqdan, imkoniyatdan baxt yaratish uchun foydalanish zarurligini uqtirish orqali ham unda kelajakka ishonch, umid uygʻotish mumkin.

 

Umidsizlikka tushgan odamning qalbiga quloq solish, uni yolgʻizlatib qoʻymaslik va tushunishga harakat qilish, yaxshi soʻzlarni gapirish, uning hayajoni, dardlarini sabr bilan tinglash, unga eʼtiborli, mehribon va hamdard boʻlish, ochiqkoʻngillik bilan samimiy muomala qilish, kelajakka ishontirish hamda uni qiynayotgan muammolarni yechishga amaliy yordam berish, gʻamxoʻrlik, maʼnaviy va moddiy koʻmak koʻrsatish orqali uni hayotga qaytarish mumkin. Umidsizlik holatidan chiqarish uchun quyidagi amallarni bajarish lozim: yaʼni, umidsizlikka tushgan kishiga mehribonlik koʻrsatish va hamdard boʻlish, undagi ijobiy oʻzgarishlarni olqishlash, uning ahvolidan atrofidagi doʻstu birodarlarini xabardor qilish, yolgʻizlatib qoʻymaslik, yangi doʻst topishi uchun yordam berish, uning atrofida xursandlik muhitini yaratish, ahvoli yomonlashsa, psixologik va tibbiy yordam choralarini koʻrishga intilish zarur. Bu tadbirlarning barchasi odamdagi ruhiy tushkunlik kayfiyatini yoʻqotishga, uni umidli, mazmunli hayotga qaytarishga yordam beradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

15:06 / 20.06.2024 0 126
Tilni qanday saqlab qolamiz?

Bilasizmi?

12:06 / 13.06.2024 0 354
Nemislar qanday qilib sanitar tozalikka o‘rgatilgan?

Qatra

17:06 / 11.06.2024 0 523
Oriyat

Qatra

10:06 / 11.06.2024 0 1001
O‘g‘lim katta ishda ishlaydi…

Qatra

14:06 / 10.06.2024 0 726
XXI asrning qalampir maqoli



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 208330
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 98162
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 23991
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 23619
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 17641
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16852
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 15695
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 13952
Ommaviy madaniyat

//