Uch bolakay


Saqlash
11:11 / 08.11.2023 0 685

Sohilda

 

Bir odam sohilda sayr qilayotganida dengizga shoshilgancha bir narsalar otayotgan odamni koʻrib qolibdi. Biroz yaqinlashgach, uning sohilga chiqib qolgan yulduzchalarni dengizga qaytarib uloqtirayotganini koʻradi va

– Nega ularni dengizga otyapsiz? – deya soʻraydi.

Haligi odamning “Yashashlari uchun”, degan gapidan hayratlanib:

– Mayli-kuya, ammo bu yerda minglab yulduzchalar bor. Hammasini uyiga qaytarishning iloji yoʻq. Bir nechtasini dengizga qaytarishingiz nimaniyam oʻzgartirardi? – deydi.

Yerdan yana bir yulduzni olib, dengizga otarkan, kishi:

– Qarang, u uchun hech boʻlmaganda koʻp narsa oʻzgardi, – deya soʻzini yakunlaydi.

 

Оna va ayol

 

Qadim zamonlarda bir vazir podshoh oldiga kelib, bir narsada ikkilanayotganini aytadi va yordam berishini soʻrab, shunday deydi:

– Sultonim, mening ikki ayolim, har biridan uchtadan farzandim bor. Rafiqalarimning qay biri menga sodiqligini bilib, butun mol-mulkimni unga vasiyat qilmoqchiman. Shularni sinashda yordam bersangiz, sizdan oʻla-oʻlgunimcha minnatdor boʻlardim.

Podshoh vazirini juda yaxshi koʻrgani uchun yordam berishga ahd qiladi va uning birinchi xotinini huzuriga chaqirib:

– Ey xotin, mening vazirim, sening ering, haramimdagi bir ayolni yoʻldan uribdi. Buning jazosi aslida oʻlim. Biroq sen uni kechirsang qatldan voz kechaman hamda uni maʼshuqasi bilan mamlakatdan tashqariga surgun qilaman, – deydi.

Ayolning koʻzlarida intiqom olovi yonadi va:

– Kechirmayman, menga yor boʻlmagan boshqasiga ham yor boʻlmasin. Dorga osing, arqonni oʻzim solaman boʻyniga! – deydi.

Podshoh qoshiga vazirning ikkinchi ayolini chorlaydi. Unga ham xuddi shu gaplarni aytadi. Ayol esa kutilmagan, umuman boshqa bir gap aytadi:

– Omonlik sultonim, men-ku erimsiz qolishga roziman, biroq bolalarim otasiz qolmasin, qatl qilmang, yaxshisi surgun qiling, toki farzandlarim otasi bilan bir kun uchrashish umidini yoʻqotishmasin...

 

Toʻgʻri yoʻldan оgʻmaslik

 

Befoydalikdan, bekorchilikdan zerikkan, toʻgʻri yoʻlga kirishga qaror qilgan bir boy odam sultonning oldiga borib, halol yashash uchun biror yoʻl koʻrsatishini soʻrabdi. Podshoh unga qoshiqda ogʻzigacha toʻla zaytun yogʻi beribdi. Undan bir tomchi toʻkmasdan shaharning bu boshidan u boshigacha olib borishini, agar bir tomchi toʻkib qoʻyguday boʻlsa, oʻsha yerning oʻzidayoq qatl etilishini aytibdi va yoniga ikki askar qoʻshib joʻnatibdi. U qirolining amriga muvofiq butun kuchini, diqqat va zakosini shunga qaratib, bir tomchi ham toʻkmay aytilgan joyga olib boribdi. Keyin orqasiga qaytib, sultonning huzuriga kiribdi. Soʻngra vazifani bekami-koʻst ado etganini taʼkidlabdi. Podshoh undan soʻrabdi:

– Xoʻsh, shaharda nimalarni koʻrding, nimalarga shohid boʻlding?

Oʻsha kun shaharda bozor kuni, igna otilsa yerga tushmaydigan qadar gavjum kun edi. Shunga qaramay, u shunday javob qaytaribdi:

– Hazratim, jon shirinda, qoshiqdagi yogʻni toʻkib qoʻymaslik uchun butun eʼtiborim shunda boʻldi, koʻzimni bir soniya boʻlsa-da uzib, atrofga qaray olmadim. Shu sababli na biror kimsani koʻrdim, na biror holatga shohid boʻldim...

Podshoh bu saboqdan soʻng koʻngli xotirjam boʻlib, xulosa qiladi:

– Ana koʻrdingmi, senga berilgan har bir vazifada shunday diqqatli boʻlsang, oʻzingni shu ishga bagʻishlasang, Alloh hamisha seni nazorat qilib turganini yodingdan chiqarmaysan, hech qachon toʻgʻri yoʻldan ogʻishmaysan...

 

Uch bolakay

 

Uch nafar ayol buloq boshida turib, suhbatlashishardi. Ulardan sal narida bir chol oʻtirar, ularning oʻz bolalarini maqtashlarini tinglardi.

Ayollardan biri:

– Mening oʻgʻlim shunday ustaki, hech kim bunda unga teng kelolmaydi. Yasagan narsalarini bir koʻrsangiz edi... – debdi.

Narigi ayol battar hayajonlanib soʻz boshlabdi:

– Oʻgʻlimning ovozini bir eshitsangiz edi... Bulbul oʻziyam, bulbul. Yer yuzida hech kimning bunday ovozi yoʻq. Alloh bergan isteʼdod bu...

Uchinchi ayol jim turardi. Shunda qolgan ikki ayol soʻrabdi:

– Sen nega bolangni maqtamayapsan? Nima, hech qanday oʻziga xos jihati yoʻqmi?

– Bolajonimning biror ustun jihati, isteʼdodi yoʻq. Nima deb maqtay axir...

Ayollar chelaklarini olib yoʻlga tushishibdi. Chol ham ularning ortidan yura boshlabdi. Ayollar ogʻir chelaklarni koʻtarishda qiynalishayotgani uchun ora-sirada toʻxtashar, dam olishardi. Ogʻir yukdan yelkalari ezilib ketgandi. Shu mahal bolalari ularni kutib olishga chiqibdi.

Birinchi ayolning bolasi qoʻlida turli yasalgan idishlar bilan chiqibdi. Ayollar hayrat bilan “Yo Xudoyim, naqadar goʻzal, naqadar qobiliyatli bolakay!” deyishibdi. Ikkinchi bolakay esa shunday qoʻshiq kuylabdiki, ayollar koʻziga yosh olib, uni maqtay-maqtay tinglashibdi. Uchinchi bolakay esa yugurib kelibdi va onasining qoʻlidan chelaklarni olib, uyigacha koʻtarib ketibdi.

Ayollar qariyaga oʻgirilib soʻrashibdi:

– Xoʻsh, bolalarimiz borasida nima deysiz?

Chol hozirjavoblik bilan shunday javob qaytaribdi:

– Bolalaringizmi? Bilmayman. Faqat bittasi bor, onasiga yordam berdi, dastyori boʻldi. U menga juda yoqdi...

 

Toʻplovchi va tarjimon:

Rahmat BOBOJON

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

19:05 / 13.05.2024 0 313
“Amudaryo”ning ma’nosi nima? “Jayxun”ning-chi?

Bilasizmi?

15:05 / 07.05.2024 1 371
Omad yosh tanlamaydi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 206083
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 96562
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 22863
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 22210
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 16834
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16088
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 14457
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 12576
Ommaviy madaniyat