Utilitarizm


Saqlash
11:11 / 09.11.2023 0 500

Utilitarizm (lotincha utilitas – foyda, naf) – Gʻarb maʼnaviyatiga oid nazariya. Utilitarizm har qanday faoliyat va xatti-harakatning foydaliligini maʼnaviyat va axloq-odob mezoni deb biladi. Mazkur nazariya XIX asrda Angliyada paydo boʻlgan va liberal burjua qatlami manfaatini ifodalagan. Bentam asos solgan utilitarizmning asosiy tamoyili shaxsiy manfaatlarni qondirish vositasi bilan “eng koʻp sonli kishilarga eng koʻp baxt taʼminlab berishdan” iborat. Shu bilan birga, utilitarizmga koʻra, xatti-harakatning maʼnaviyligi va axloqiyligi, uning natijasida hosil qilingan huzur-halovat va azob-uqubatlarning oʻzaro muvozanatini matematik tarzda hisoblab chiqish mumkin. Utilitarizm iborasi ilk bor ingliz faylasufi Dj.S.Mill tomonidan ilmiy muomalaga kiritilgan. Uning asosiy axloqiy-falsafiy asari “Utilitarizm” deb atalgan. Aynan Mill tufayli utilitarizm taʼlimoti foydalilik tamoyiliga asoslangan axloqiy nazariyaning alohida yoʻnalishi sifatida etika tarixiga kiritilgan. Dj.S.Mill utilitarizmga huzur-halovatni sifat jihatidan baholash tamoyili, maʼnaviy-ruhiy lazzatlarni jismoniy lazzatlardan afzal koʻrish talabini kiritgan. Utilitarizm baʼzi hollarda davlat va huquq funksiyalarini tushunishga ham asos qilib qoʻyiladi. “Foydalilik” tamoyilining bilish nazariyasiga tatbiq etilishi pragmatizmning paydo boʻlishiga turtki beradi.

 

Dastlabki yoki mumtoz utilitarizm nazariyasining asoschisi Dj.Bentam fransuz materialistlari singari bevosita antropologiyaga tayangan axloqiy qarashlarni ilgari suradi. Uning nazarida, huzur-halovat va azob-uqubat – inson hayotining mazmun-mohiyatini belgilab beradigan asosiy tabiiy tamoyillardir. Shu maʼnoda, axloq ham, huquq ham, davlat ham ana shu tabiiy asos negizida shakllantirilmogʻi zarur. Dj.Bentam umumlashtirilgan holda ushbu asosni foydalilik tamoyili, cheksiz baxt va farovonlik manbai, deya ataydi. Bu tamoyil faylasuf uchun shunchaki axloqning maʼno-mazmunini tushuntirib beruvchi vosita emas, balki xatti-harakatni baholash mezonlarini belgilab beruvchi hal qiluvchi axloqiy-meʼyoriy asos hisoblanadi. Dj.S.Mill ustozining taʼlimotini rivojlantirib, Arastu va Epikur qarashlariga tayangan holda, axloqning mazmun-mohiyatini insonning oliy maqsad-muddaolari bilan bogʻlab talqin etadi. U umummanfaatni axloqning oliy tamoyili deya eʼlon qilib, inson hech boʻlmasa, oʻzining xususiy manfaatlarini qondirishga, birinchi galda, kasbiy va ijtimoiy maqsadlarini roʻyobga chiqarishga intilishi kerakligini taʼkidlaydi. Dj.S.Mill utilitarizm nazariyasining tanqidchilari bilan bahs-munozaraga kirishib, foydalilik tamoyiliga aniqlik kiritishga harakat qiladi. Uning nazarida, bu tamoyil, avvalo, “baxt” tushunchasi orqali ifodalanadi. Baxt deganda, u shaxsiy baxtni emas, umumiy baxtni nazarda tutadi: xususan, shaxs baxtli boʻlishga intilmasdan, oʻzga kishilarning baxtli boʻlishiga harakat qilmogʻi darkor. Utilitarizm nazariyasi G.Spenser, E.Dyurkgeym qarashlariga taʼsir etgan adolat konsepsiyasining shakllanishiga xizmat qilgan. “Foydalilik” tamoyili utilitarizm asoschilari tomonidan turlicha talqin etilgani bois hozirgi zamon nazariy tadqiqotlarida bu tushunchaga yanada aniqlik kiritishga urinishlar, gedonistik qarashlar, chunonchi, “huzur-halovat” tushunchasini siqib chiqarish, “tanlash imkoniyati”ni kengaytirish, utilitarizm oʻrniga “axloqiy mulohazalarni tahlil qilish” (emotivizm, etikada mantiqiy pozitivizm) nazariyasiga qarshi qoʻyish tendensiyasi koʻzga tashlanmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

15:06 / 20.06.2024 0 126
Tilni qanday saqlab qolamiz?

Bilasizmi?

12:06 / 13.06.2024 0 354
Nemislar qanday qilib sanitar tozalikka o‘rgatilgan?

Qatra

17:06 / 11.06.2024 0 523
Oriyat

Qatra

10:06 / 11.06.2024 0 1001
O‘g‘lim katta ishda ishlaydi…

Qatra

14:06 / 10.06.2024 0 726
XXI asrning qalampir maqoli



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 208330
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 98162
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 23991
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 23620
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 17641
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16852
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 15695
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 13953
Ommaviy madaniyat

//