Xorazm Maʼmun akademiyasi


Saqlash
11:12 / 01.12.2023 0 897

Xorazm Maʼmun akademiyasi – XI asrda xorazmshoh Abu-l-Abbos Maʼmun II tashabbusi bilan Xorazm poytaxti Gurganjda (Quyi Urganch) Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Sahl al-Masihiy, Abu Nasr ibn Iroq, tabib Abu-l-Hasan Hammor, tarixchi Ibn Miskavayh kabi mashhur mutafakkir olimlarning bevosita maslahatlari asosida “Dorul-hikma va maʼrifa” nomi bilan tashkil etilgan yirik ilmiy maskan. XI asrning 1017-yiliga qadar faoliyat yuritgan ushbu ilmiy maskanda davrining dolzarb muammolari ustida ilmiy izlanishlar olib borilgan. Xorazm Maʼmun akademiyasi Oʻrta Osiyoda, xususan, yurtimizda shakllangan ilmiy-maʼrifiy anʼanalarni yanada rivojlantirdi va dunyo fani rivojlanishida muhim oʻrin egalladi. “Dorul hikma va maʼrifa” olimlarining faoliyati jahonning koʻplab olimlari-sharq shunoslarida katta qiziqish uygʻotgan edi. Yevropalik Eduard Zaxayu, rus sharqshunoslari akademik S.P.Tolstov, I.Yu.Krachkovskiy, A.Yu.Yakubovskiy, P.G.Bulgakov, A.M. Beliniskiy, A.A.Semyonov, oʻzbek olimlari akademik Ya.oʻulomov, I.Moʻminov, M.Xayrullayev, A.Ahmedov va boshqa oʻz tadqiqotlarida bu ilmiy maskan faoliyatini chuqur oʻrganib, uning oʻsha davr Akademiyasi sifatidagi ahamiyatini asoslab berdilar. Bugungi kunda u “Maʼmun akademiyasi” nomi bilan yuritiladi. Qadimgi va Oʻrta asrlarda jahonda 4 ta akademiya mavjud boʻlganligi qayd etiladi. Bular Platon (Aflotun) akademiyasi (miloddan avvalgi IV asr), Bogʻdod shahrida “Baytul hikma” (IX asr), 1004–1017-yillarda Jurjoniya (Koʻhna Urganch)da Maʼmun akademiyasi va oradan besh asr oʻtib, Samarqandda Mirzo Ulugʻbek taʼsis etgan akademiyalardir.

 

Maʼrifatparvar hukmdor Abu-l-Abbos Maʼmun II madaniy-maʼrifiy ishlarning rivojlanishi uchun bor kuchini ishga soldi. Saroyda kutubxona qurilib, sharqning turli shaharlaridan noyob qoʻlyozmalar keltirildi. Saroyda qurilgan madrasada esa qobiliyatli yoshlar diniy va dunyoviy ilmlarga oʻrgatildi. Aynan shu davrda Xorazmda ilmiy fikr oʻzining yuqori rivojiga erishdi. Xorazmshoh Abul-Abbos Maʼmun II Abu Rayhon Beruniyni oʻzining bosh maslahatchisi etib tayinladi va chet ellar bilan diplomatik aloqalarni boshqarishni unga topshirdi. 1004-yil Abu-l-Abbos Maʼmun II buyrugʻiga koʻra Sharqdagi eng yirik madaniy-maʼrifiy markaz – “Dorul hikma va maʼrifa” yoki Xorazm Maʼmun akademiyasi tashkil etildi va Beruniy ushbu ilmiy maskanga rahbar etib tayinlandi. Sharqning turli davlatlariga taniqli olimlarni markazga taklif qilib choparlar yuborildi. Xorazmliklardan tashqari Xorazm Maʼmun akademiyasida yuzdan ortiq olimlar, huquqshunoslar, adabiyotchilar, din peshvolari faoliyat koʻrsatar edilar. Ular Buxoro, Samarqand, Jand, Marv, Nishopur, Balx, Eron, Iroq, Hindiston, Suriya, Misr va boshqa mamlakatlardan kelgan edilar. Xorazmshohlar sulola sining oʻsha davri vakillari ilm va maʼrifatning bahosini bilar edilar. Ular olimlarga rahnamolik koʻrsatar, faoliyatlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishar edi. Xorazm Maʼmun akademiyasining shakllanishi va rivojlanishi uchun mahalliy ilm-fan yutuqlari bilan bogʻliq omillardan tashqari, qadimgi grek olimlarining ishlari hamda bizning buyuk ajdodlarimiz Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Fargʻoniy, Axmad al-Marvaziy, Abbos al-Javhariylarning ilmiy yutuqlari ham katta rol oʻynadi. Ushbu olimlar IX asrda Bagʻdoddagi “Baytul hikma”da faoliyat yuritganlar, ularning maʼnaviy merosi butun dunyoga mashhur boʻlgan.

 

Xorazm Maʼmun akademiyasi olimlarining ilmiy ishlari ular ilmiy merosini mantiqiy davom ettirgan, boyitgan va rivoj lantirishga hissa qoʻshgan. Shuni alohida taʼkidlash joizki, X-XV asrlar davomida dunyoning biror mamlakatida “Majlisi ulamo va orifin” kabi ilm-fan markazi boʻlgan emas. Bu tabarruk markazda 21 alloma va 40 dan ziyod toliblar ilm-fanning turli yoʻnalishlari boʻyicha qator izlanishlar olib borib, oʻz faoliyatlari bilan jahon fani rivojiga munosib hissa qoʻshganlar. Bunda xorazmshoh Abu-l-Abbos Maʼmun II ning katta eʼtibori ham muhim ahamiyat kasb etgan edi. Masalan, Abu-l-Fazl Bayhaqiyning “Tarixi Masʼud” (“Masʼud tarixi”) kitobida Abu Rayhon Beruniyning “Mashohiri Xorazm” (“Xorazmning mashhur kishilari”) nomli (bizgacha yetib kelmagan) asaridan parchalar keltirilgan boʻlib, unda Beruniy xorazmshoh Abu-l-Abbos Maʼmun II ning yaxshi fazilatlarini tavsiflab, uning saroyida yetti yil xizmat qilganini hikoya qilishi aytiladi. Maʼmun II saroyidagi yuksak hurmat va mavqe Beruniyga kamyob metallar va qimmatbaho toshlar ustida eng murakkab kuzatish va tajribalar oʻtkazish imkonini bergan va bu keyinchalik “Mineralogiya”, asarining yuzaga kelishiga zamin hozirlagan edi. Bundan tashqari Beruniyning Ibn Sino bilan ilmiy-falsafiy bahslari natijasida yuzaga kelgan falsafiy qarashlarini qamrab oluvchi yozishmalari (ulardan bizga qadar faqat 18 tasi yetib kelgan) ham xuddi shu Xorazm Maʼmun akademiyasida ishlagan yillariga toʻgʻri keladi. Bunda Beruniy Aristotelning aql bilan his etish masalasidagi xulosalariga oʻzining kuzatish va tajriba orqali aniqlagan xulosalarini qarshi qoʻygani, Ibn Sino esa Aristotelni himoya qilgani maʼlum boʻladi. Abu Ali ibn Sinoning qator asarlari, shu jumladan, “Tib qonunlari” ham ayni Xorazm Maʼmun akademiyasida ishlab yurgan kezlarida shakllana boshlagan. Abu Sahl al-Masihiy al-Jurjoniy, Abu-l-Hasan Hammor, Abu Abdulloh Iloqiy, Ibn Miskavayh, Umar Isfahoniy, Abu Ali Hasan ibn Horis Xorazmiy Hububiy, Abu Abdulloh ibn Ibrohim al-Naysaburiy, Ahmad ibn Hamid an Naysaburiy, Abu Nasr ibn Iroq al Hamadoniy, Muhammad as Saolibiy, Mahmud ibn Xidr, Abul Xayr al-Hasan ibn Sivor Behnom, Abu Abdulloh Husayn ibn Ibrohim at-Tabari an-Natili, Abu Fadl Ahmad ibn Muhammad Saxriy, Ahmad ibn Muhammad Husayn Sahliy (Suhayliy) Xorazmiy kabi oʻnlab yetuk allomalar Xorazm Maʼmun akademiyasidagi faoliyatlari bilan jahon ilm taraqqiyotiga ulkan ulush qoʻsha oldilar.

 

Yuqorida qayd etilgan nomlar hozirgi kungacha aniqlangan Xorazm Maʼmun akademiyasida faoliyat yuritgan olimlarning notoʻliq roʻyxatini koʻrsatadi, ammo bu qatordagi nomlarning aksariyati vatan doshlarimizga tegishliligi aniq. Olimlar fanning astronomiya, matematika, kimyo, fizika, minerologiya, kartografiya, geografiya, geometriya, tabiatshunoslik, tibbiyot, falsafa, tarix, arab tili, mantiq, adabiyot, islom huquqshunosligi va boshqa sohalarida jiddiy tadqiqotlarni amalga oshirdilir. Ular arab, fors, hind, lotin, grek va turkiy tillarni mukammal bilar edilar. Grek olimlari Aflotun, Aristotel, Ptolemey, Yevklid, Pifagor va Galenlarning ilmiy ishlarini chuqur tahlil qilib, ularga munosib sharhlar yozdilar va yangi gʻoyalar bilan boyitdilar. Taʼlim astronomiya boʻyicha Beruniy, Mahmud ibn Xidr, Abul Xayr al-Hasan, matematika boʻyicha Abu Nasr ibn Iroq al Hamadoniy, kimyo boʻyicha Abul-Hasan Hammorlar tomonidan amalga oshirilgani maʼlum. Shu davrga kelib Gurganj madrasalari va maktablari haqiqiy ilm maskanlariga aylangan edi. Xorazm Maʼmun akademiyasi mintaqada fanni rivojlantiribgina qolmay, balki turli davlatlar oʻrtasidagi madaniy aloqalarni ham mustahkamladi, turli xalqlar, eʼtiqodlarni birlashtiruvchi doʻstlik rishtasi boʻlib, tarix sahifasiga yozildi. Bu ilmiy jamoada gipoteza tarzida olgʻa surilgan gʻoyalar ilm-fanning keyingi 500-yili rivojida gʻoyat muhim oʻrin tutgan. Xorazm Maʼmun akademiyasi olimlari Yunoniston, Yaqin va Oʻrta Sharq, Hindiston ilm-fan yutuqlarini ijodiy va tanqidiy oʻrganib, uni yanada yuksak bosqichga koʻtardilar. Abu Nasr ibn Iroq (Beruniyning ustozi) astronomiyaga doir ilmiy asarlari tufayli “Batlimusi soniy” (“Ikkinchi Ptolomey”) degan faxriy nom olgan. Abul-Hasan ibn Hammor mantiq, falsafada, ayniqsa, tabobatda juda mashhur boʻlgani uchun “Buqroti soniy” (“Ikkinchi Gippokrat”) laqabiga sazovor boʻlgan. Xorazm Maʼmun akademiyasi 1017-yilda Mahmud Gʻaznaviy tomonidan Xorazmning bosib olinishi bilan oʻz faoliyatini toʻxtatsa-da, bu ilm maskanida oʻrtaga qoʻyilgan ilmiy gʻoyalar, muammolar atrofida munozaralar davom etdi va rivojlantirildi. 1997-yil 11-noyabrda Prezident I.A.Karimovning “Xorazm Maʼmun akademiyasini qaytadan tashkil etish toʻgʻrisida” Farmoni eʼlon qilindi. Oʻshandan buyon Xiva shahriga kiraverishdagi tarixiy obida – qoʻsha darvoza bilan yonma-yon joylashgan salobatli, muhtasham binoda Xorazm Maʼmun akademiyasi qaytadan tiklanib, faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

 

Xorazm Maʼmun akademiyasi tarkibida “Arxeologiya, tarix va falsafa”, “Til va adabiyot”, “Biologiya muammolari” boʻlimlari tashkil qilinib, 9 ilmiy mavzu boʻyicha 26 ilmiy xodim, shu jumladan, 5 fan doktori va 9 fan nomzodlari ilmiy tadqiqot olib borishmoqda. 2004-yil 9-noyabrda Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi jahon ilm fani va madaniyatiga ulkan hissa qoʻshgan Xorazm Maʼmun akademiyasining boy ilmiy merosini har tomonlama oʻrganish, yosh avlod qalbida milliy iftixor va mamlakatimiz tarixiy oʻtmishiga chuqur hurmat tuygʻusini kamol toptirish maqsadida “Xorazm Maʼmun akademiyasining 1000-yilligini nishonlash toʻgʻrisida” Qaror qabul qildi. Zamonaviy Maʼmun akademiyasining olimlari oldiga tariximizning nomaʼlum sahifalarini ochib berish, aynan shu yerdan turib olimlar oʻlkaning ekologiyasi, yer osti suvlari va tuprogʻining minerallashuvi muammolari, Xorazmni boshqa mintaqalardan ajratib turadigan oʻziga xos jihatlarini ilmiy tadqiqotlar asosida oʻrganish vazifasini qoʻyadi. Shundan soʻng 2005-yil 11-noyabrda Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining “Xorazm Maʼmun akademiyasi faoliyatini takomillashtirish va uning 1000-yilligini nishonlashga doir qoʻshimcha choratadbirlar toʻgʻrisida”gi 228-sonli Qarori qabul qilindi. Viloyatdagi barcha tashkilot, korxonalar, oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalar ushbu masala yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqdilar va uni amalga oshirdilar. Yangi jihozlar, oʻquv qoʻllanmalar, koʻrgazmali vositalar, muzey yaratildi, unga dunyoning yetakchi kutubxonalari va muzeylarida saqlanayotgan qoʻlyozma va hujjatlardan nusxalar olindi, kompyuterlar bilan jihozlandi. Yubileyga bagʻishlangan kitoblar, bukletlar, plakatlar chop etildi. OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Urganch Davlat universiteti hamda UNESСO xalqaro jamiyati bilan hamkorlikda qator ilmiy anjumanlar oʻtkazildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

15:06 / 20.06.2024 0 128
Tilni qanday saqlab qolamiz?

Bilasizmi?

12:06 / 13.06.2024 0 354
Nemislar qanday qilib sanitar tozalikka o‘rgatilgan?

Qatra

17:06 / 11.06.2024 0 524
Oriyat

Qatra

10:06 / 11.06.2024 0 1002
O‘g‘lim katta ishda ishlaydi…

Qatra

14:06 / 10.06.2024 0 726
XXI asrning qalampir maqoli



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 208334
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 98166
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 23991
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 23621
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 17642
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16852
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 15695
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 13954
Ommaviy madaniyat

//