Sharq renessansi


Saqlash
18:12 / 05.12.2023 0 901

Sharq renessansi – Sharq maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy hayotidagi Uygʻonish, yaʼni Sharq xalqlari rivojining yuksalish davrlari. Sharq renessansini ikki davrga boʻlish mumkin. Birinchisi – Markaziy Osiyoda moʻgʻillar istilosigacha boʻlgan davr, u al-Buxoriy, al-Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino kabi qomusiy olimlar, astronom al-Fargʻoniy, Buxoro tarixchisi Narshaxiy, mutafakkirlar Mahmud Qoshgʻariy, Yusuf Xos Xojib va boshqa nomlari va ijodlari bilan bogʻliq. Bu davrda yashagan mutafakkirlarning deyarli barchalariga quyidagi xususiyatlar xos: madaniyatning oʻtmishda erishgan yutuqlarini, xususan, qadimgi yunon, hind, Xitoy merosini chuqur oʻrganish va uni ijodiy rivojlantirish; tabiatni oʻrganishga qiziqishning ortishi va tabiiy fanlar taryoti (astronomiya, geografiya, matematika, riyoziyot, tibbiyot va hokazo); ratsionalizm, yaʼni aqlni haqiqat mezoni sifatida tan olish va buning natijasida mantiqni rivojlantirish; aqidaparastlikni rad etish va hurfikrlilikning rivojlanishi; insonparvarlikni ulugʻlash, insonning axloqiy, maʼnaviy goʻzalligini, kamolotini Allohning yuksak inʼomi sifatida talqin etilishi; soʻz sanʼatiga muhabbat; ilmiy asarning badiiy shakliga alohida eʼtibor berilishi; qomusiy bilimlarga ega boʻlishlik. Bu davrda yashagan mutafakkirlar fan va sanʼatning koʻp sohalarini chuqur bilgan allomalar boʻlgan. Bu davrda Yaqin Sharqda al-Maʼmun xalifalik qilgan vaqtda (813–833) davlat ilm-maʼrifatning oʻsishiga yor dam berdi. Bagʻdodda, soʻngra Damashqda astronomik observatoriyalar qurildi. Bagʻdodda “Bayt ul-hikma” (“Donishmandlik uyi”) tashkil etildi. Bu ilm dargohlarida Oʻrta Osiyolik olimlar faol ishtirok etdilar.

 

XI asr boshlarida Xorazmda mashhur “Maʼmun akademiyasi” tashkil qilindi. Bu yerda Beruniy atrofiga oʻsha zamonning bir guruh olimlari, jumladan, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr bin Iroq, shuningdek, faylasuf Abu Sahl Masihiy, tabib Abulxayr Hammor va boshqa olimlar jam boʻlib, koʻplab ilmiy izlanishlar olib bordilar. Bu davrda tabiiyot ilmi, panteistik falsafa bilan birga islom ilohiyoti ham keng rivojlandi. Muhaddis sifatida butun musulmon olamida mashhur Imom Buxoriy, Imom Termiziy, kalom taʼlimotining asoschilari Abu Mansur Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy va Abu Homid Muhammad Gʻazzoliylar islom dini rivojiga katta hissa qoʻshdilar. Ikkinchi Renessans Sohibqiron Amir Temur va temuriylar sulolasi hukmronlik qilgan (XIV–XVI asrlar) davrga toʻgʻri keladi. Bu davrda yashab, ijod etgan olim va mutafakkirlar Saʼdiddin Taftazoniy, Mir Sayyid Sharif Jurjoniy, Muhammad Taragʻay Ulugʻbek, Gʻiyosiddin Jamshid al-Koshiy, Alouddin Ali ibn Muhammad Qushchi, Abdurahmon Jomiy, Lutfiy, Nizomiddin Mir Alisher Navoiy, Kamoliddin Husayn Voiz Koshifiy, mashhur tarixchilar Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond va Xondamir, rassomlar Kamoliddin Behzod va shoh Muzaffarlarning nomlari dunyoga mashhur boʻlgan. Bu davrda davlatni boshqarishda din va tasavvuf qoidalariga alohida eʼtibor berilgan. Ahmad Yassaviy va Bahouddin Naqshband taʼlimotlari maʼnaviyat rivojida muhim ahamiyatga ega boʻldi. Ilm-fan rivojlandi, meʼmorchilik sanʼati yuksak darajaga koʻtarildi. Amir Temur Koʻksaroy masjidi, Shohizinda, Bibixonim madrasasini qurdirdi. Keshda (Shahrisabz) Oqsaroy barpo etildi. Mirzo Ulugʻbek davrida Registonda, keyinchalik Buxoro va Gʻijduvonda madrasalar, Bibixonim masjidi, Goʻri Amir maqbarasi, Ulugʻbekning falakiyot rasadxonasi qurildi.

 

Ilm-fan, xususan, falsafa mantiq ilmi rivojiga katta eʼtibor berildi. Buning natijasida XIV–XV asrdan boshlab islom madrasalarida mantiq ilmini oʻqitish huquq va tilshunoslik fanlari bilan bogʻliq holda olib borildi. Buyuk falakiyotchi olim va davlat arbobi Muhammad Taragʻay Ulugʻbek matematika, astronomiya, geometriya, tarix, kimyo va boshqa sohalarda ilmiy tadqiqot olib bordi. Uning eng mashhur asari “Ziji jadidi Koʻragoniy”da 1118 yulduzning oʻrni va holati aniqlab berilgan. Ulugʻbek Quyosh va Oy harakatlarini, ularning tutilish vaqtlarini toʻgʻri hisoblab chiqqan. U atrofiga iqtidorli yoshlarni toʻplab, oʻzining ilmiy maktabini yaratdi. Sharq Renessansi II davrida yaratilgan falsafiy, badiiy tafakkur rivojining yorqin namunasi Alisher Navoiy ijodida ham oʻz ifodasini topgan. Mustaqilligimiz tufayligina millatimiz va jahon madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Sharq Uygʻonish davrini ilmiy, xolis oʻrganish, baholash imkoni paydo boʻldi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

15:06 / 20.06.2024 0 125
Tilni qanday saqlab qolamiz?

Bilasizmi?

12:06 / 13.06.2024 0 354
Nemislar qanday qilib sanitar tozalikka o‘rgatilgan?

Qatra

17:06 / 11.06.2024 0 523
Oriyat

Qatra

10:06 / 11.06.2024 0 1000
O‘g‘lim katta ishda ishlaydi…

Qatra

14:06 / 10.06.2024 0 726
XXI asrning qalampir maqoli



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 208326
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 98160
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 23990
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 23617
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 17641
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16852
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 15695
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 13949
Ommaviy madaniyat

//