Shafqat


Saqlash
10:12 / 06.12.2023 0 354

Shafqat – kishining oʻziga aloqador odamga, aybdor, gunohkor, ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy jazolanishga loyiq kimsaga kechirimlilik orqali insonparvarlik koʻrsatishini anglatuvchi tushuncha. Shafqat oʻzbek xalqiga xos boʻlgan yuksak maʼnaviy fazilatlardan boʻlib, oʻzgalarning dardini anglash, muhtoj odamlarga koʻmak va muruvvat koʻrsatish, ularning inson ekanini yodda tutgan holda yordam, rahmdillik koʻrsatish, himmat qilishni bildiradi. Odamlarning oʻzaro kundalik ijtimoiy munosabatlarida namoyon boʻladigan fazilatlarini, jamiyatdagi ong va axloqning yuksakligini belgilovchi insoniylik tamoyillaridan boʻlgan bu xislatni jamiyat va kishilar faoliyatining barcha jabhalarida kuzatish mumkin. Shafqat hissi – shafqatga muhtoj kishi oʻrniga xayolan oʻzini qoʻyib fikr yuritish orqali vujudga keladigan, oʻzga inson iztiroblarini yengillatishga qaratilgan maʼnaviy-axloqiy hodisa. Gʻazab insondagi hayvoniy xislat boʻlsa, shafqat insoniylik belgilaridan biridir. Masalan, beva-bechoralar, iqtisodiy nochor oilalar ahvolidan boxabar boʻlib turish, kichik yoshdagilarga izzat-hurmat, keksalarga muruvvat koʻrsatish, gunoh yoki ayb ish qilib qoʻygan kishilarning aybidan oʻtish, mahkum va mahbuslarga rahmdillik, yordamga muhtoj kishilarga himmat qoʻlini choʻzish – xalqimizning qon-qoniga singib ketgan muruvvat va shafqatpeshalik fazilatlari hisoblanadi. Qurʼoni Karim va hadisi sharifda hatto urushda magʻlub boʻlgan, asir boʻlib tushgan dushmanlarga, gʻayridinlarga ham muruvvat, shafqat koʻrsatishga daʼvat qilinadi.

 

Moʻtabar dinimizda tilga olingan bunday bagʻrikenglik (tolerantlik) bugungi kunga kelib, dunyoning turli xalqlari turmush tarziga, tafakkuriga singdirilmoqda. Uning aksi boʻlgan salbiy xususiyatlar qatorida – qahr-gʻazab, nafrat, johillik, adolatsizlik, befarqlik, loqaydlik kabi qusur va nuqsonlarni koʻrsatish mumkin. Shafqat oldingizda javobgar, jazoga loyiq odamni, uning insoniy huquqi va tabiatini hisobga olib kechirishdir. Shafqat universal tabiatga ega boʻlib, u nafaqat insonning insonga, balki hayvonga boʻlgan munosabatida ham namoyon boʻladi, zero, hayvonga shafqatsizlik qilgan odam insonga ham shafqat qilmaydi. Bugungi kunda shafqat tushunchasi inson hayotini oliy qadriyat deb eʼtirof etish, uning yashashga boʻlgan huquqini himoya ostiga olish nuqtai nazaridan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Diniy aqidaparastlik, ekstremistik gʻoya lar va mafkuraviy kurashlar shafqatsizlikka asoslanganini hisobga olsak, shafqat tushunchasining ahamiyati yanada ortib borayotganini, uning XXI asr jamiyati uchun eng muhim maʼnaviy-axloqiy hodisaga aylanganini koʻrish mumkin.

 

Mustaqillik davriga kelib, ozod va erkin yashab, demokratik huquqiy davlat bunyod etishga kirishgan xalqimiz ongida bozor siyosati va islohotlar jarayonida shafqat, mehr-muruvvat, rahmdillik kabi fazilatlarning ahamiyati yanada ortib, maʼno-mazmuni kengayib, teranlashib bormoqda. Endilikda insonning jamiyatdagi manfaatlarini himoya qiladigan, xatti-harakatlarini sharaflaydigan bunday fazilatlarning yangi-yangi qirralari kashf etilmoqda. Shu oʻrinda bayramlarda, kundalik hayotda bemorlar holidan xabar olish, badavlat kishilar tomonidan ehtiyojmand oilalarga koʻmaklashish, mehribonlik uylaridagi bolakaylarning xatna toʻy larini oʻtkazish, tadbirkor va fermerlar tomonidan xalq manfaatini koʻzlab qilinayotgan obodonlashtirish ishlarini tilga olib oʻtish mumkin. Shu maʼnoda, yangi demokratik hayotga tamal toshi qoʻyayotgan xalqimiz vakillari orasida mehr-muruvvatli, shafqatli insonlar koʻpayayotgani ham hayotimizning muhim yutuqlaridandir. Qolaversa, qonunchilik sohasida davlatimiz tomonidan jinoyat qilib, ozodlikka chiqqan insonlarga, yangi hayot boshlayotgan odamlarga koʻrsatilayotgan yordam, ularga yaratilayotgan shart-sharoit jamiyatimizda sogʻlom maʼnaviy muhit shakllanayotgani, mehr-muruvvat va shafqat tuygʻulari tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotganidan dalolatdir. Zero, rahm-shafqat chek-chegara bilmagani kabi, undan keladigan ajru savoblar ham hamisha bardavomdir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qomus

12:07 / 25.07.2024 0 317
Sanskritchani biladigan “baxshi”

Qomus

10:07 / 19.07.2024 0 393
Musiqa

Bilasizmi?

14:07 / 11.07.2024 0 419
“Oqshom”mi, “ag‘sham”?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 210649
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 99713
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 24801
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 24331
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 18233
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 17232
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 16395
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 14608
Ommaviy madaniyat

//