Shaxs. Shaxs madaniyati


Saqlash
11:12 / 06.12.2023 0 1413

Shaxs – ijtimoiy-maʼnaviy, axloqiy mohiyatni oʻzida mujassamlashtirgan odamni anglatuvchi tushuncha. Bu tushuncha barcha ijtimoiy-gumanitar fanlarda oʻz predmeti nuqtai nazaridan qoʻllanadi, shu asosda xilma-xil talqin etiladi. Shaxs biofiziologik, ijtimoiy, maʼnaviy, axloqiy, estetik fazilat va xislatlarning yaxlit bir butunlikka aylanishi hamda munosabatlar tizimi bilan qamrab olinishidir.

 

Shaxsning shakllanishi quyidagi omillar bilan bogʻliq:

1) biologik (nasl);

2) tabiiy muhit;

3) madaniy muhit;

4) ijtimoiy tajriba;

5) odamlar bilan munosabat.

 

Shaxsning biofiziologik jihati – ovqatlanish, joylashish, jinsiy aloqaga kirishish, bola tugʻilishi kabi individual faoliyat bilan bogʻliq hodisalardir. Shaxs madaniylashgan jonzot sifatida ijtimoiy-tarixiy tajribaga ega boʻlgan muayyan avlod vakili, insonlararo munosabatlar subyekti boʻlishi ham mumkin. Bu uch omil ham shaxs hayoti va faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Shaxs – jamiyatdagi alohida bir kishi, odam. Lekin har bir odamga nisbatan “shaxs” soʻzini qoʻllab boʻlmaydi. Shaxs takrorlanmas tarixiy hodisadir. Shaxs nimasi bilandir ajralib turuvchi, oʻz maʼnaviy qiyofasiga ega odamdir. Bir millatga mansub shaxslar qiyofasidan millat qiyofasi shakllanadi. Lekin shaxslar millat taqdirida salbiy yoki ijobiy oʻrin tutishi ham mumkin. Bu ularning madaniy darajasi, maʼnaviyatiga bogʻliq. Shaxsga nisbatan ijtimoiy munosabatlar va ongli faoliyat subyekti sifatidagi inson, individni jamiyat aʼzosi sifatida tavsiflovchi ijtimoiy qimmatli xususiyatlarning barqaror tizimi kabi tavsiflar ham mavjud. Individ ijtimoiy funksiyalarni oʻzlashtirish va oʻz-oʻzini anglashni rivojlantirish jarayonida shaxs boʻlib yetishadi. Ijtimoiy umumiylikka qoʻshilish (u bilan uygʻunlashish)ga intilish va shu bilan birga ijodiy individuallik namoyon qilish shaxsni ijtimoiy munosabatlar mahsuli va subyektiga aylantiradi. Shaxsning shakllanishi individlarning ijtimoiylashuvi jarayonida amalga oshadi.

 

Shaxs madaniyati – muayyan individga taalluqli, uning aqli va qoʻli bilan yaratilgan moddiy va maʼnaviy boyliklar majmuasi, uning hayoti davomida insoniylik va maʼnaviy-axloqiy talablarga rioya qilishi bilan bogʻliq boʻlgan xatti-harakatlarni anglatuvchi tushuncha. Shaxs madaniyati u yaratgan bunyodkorlik gʻoyalari, milliy madaniyat, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarga amal qilishida namoyon boʻladi. Shaxs madaniyati uning maʼnaviy tarbiyalanganlik darajasini belgilaydigan mezondir. Shaxs madaniyati belgilari quyidagi maʼnaviy-axloqiy sifatlar, insoniy munosabatlar, fazilatlarni oʻzlashtirgani bilan ham ifodalanadi: iymonli, vijdonli, eʼtiqodli va diyonatli, xushmuomala va intizomli boʻlish, oʻqish va ishga sababsiz kechikmaslik, bilim va dunyo qarashni boyitishga intilish, vaʼdaga vafo qilish, odamlarga yomonlik qilmaslik, yaxshilik qilish va uni minnat qilmaslik, kattalarga hurmat va kichiklarga izzatda boʻlish, keksalar, ayollar va bolalarga alohida hurmat koʻrsatish, boshqalarga xayrihoh, iliq munosabatda boʻlish, kamtarlik, boshqalarga laqab qoʻymaslik, odamlarning kamchiligi ustidan kulmaslik, masxara qilmaslik, ojizlarni kamsitmaslik, atrofdagi odamlarning mehnat qilishi va dam olishiga xalaqit bermaslik, mehmondoʻstlik, oʻzining ichki va tashqi dunyosiga eʼtibor berish, nutq madaniyatiga rioya qilish, jamoatchilik mulkini asrab-avaylash, jismonan va ruhan poklik va hokazo.

 

Shaxs madaniyati uni jamoa bilan birlashtiradi, koʻp doʻst orttirishiga imkoniyat tugʻdiradi. Shaxs madaniyati mukammal boʻlishi uchun maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni boyitib borish, oʻzini oʻzi tarbiyalash, nazorat qilish va boshqara olish, oʻziga oʻzi tanqidiy yondasha bilish, dunyoqarashni kengaytirib, madaniy saviyasini yuksaltirib borishi kerak. Abu Nasr Forobiy bu borada Aflotunning qarashlariga toʻxtalib, shunday yozadi: “Aflotun axloqiy fazilatlarini qanday oʻzlashtirish mumkinligini tushun tiradi. Bunday yaxshi odatlar vaqtincha oʻzlashgan boʻladi, chunki jamiyatlar va barcha odamlarda odatlar uzoq muddat oʻzlashtiriladi. Adolatli, pok, jasur boʻlishga odat qilish, shu bilan birga, yomon qiliqlardan qutulish uchun ham maʼlum muddat oʻtishi kerak. Bu vaqt davomida inson oʻzining yomon qiliqlaridan voz kecha oladi. Agar odamda tugʻma, kuchli gʻurur tuygʻusi boʻlmasa, u ruhini mashq ila tarbiyalashi zarur, chunki oʻzi sevgan insonning koʻp illatlarini sezmaslik insonning tugʻma xislatidir. Zero shunday ekan, shahvoniy xohishlarga erk bermaslik uchun, albatta, kuchli gʻurur boʻlishi kerak. Insonni halokatga olib boradigan narsalarni ruhiga ravo koʻrmaslik uchun bunday hollarda gʻazabdan ham ijobiy foydalana bilish va ruhni doimo oʻzidan koʻngli toʻlmaslikka oʻrgatish kerak. Tarbiyali odamlar oʻz ruhlarini doimo quvonish, ortiqcha kulish, qattiq xafa boʻlish, ortiqcha qaygʻurish kabi holatlarda moʻtadillik doirasidan chiqmaslikka majbur qila olishlari kerak. Odamlar maʼnaviy fazilatlarga erishishni istab, iltijo qilib, ularni oʻzlashtirishga eʼtibor berishlari kerak, toki axloq qonuniy, maqtovlarga sazovor va ilohiy boʻlib qolsin”.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

15:06 / 20.06.2024 0 125
Tilni qanday saqlab qolamiz?

Bilasizmi?

12:06 / 13.06.2024 0 354
Nemislar qanday qilib sanitar tozalikka o‘rgatilgan?

Qatra

17:06 / 11.06.2024 0 523
Oriyat

Qatra

10:06 / 11.06.2024 0 1000
O‘g‘lim katta ishda ishlaydi…

Qatra

14:06 / 10.06.2024 0 726
XXI asrning qalampir maqoli



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 208326
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 98160
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 23990
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 23617
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 17641
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16852
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 15695
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 13949
Ommaviy madaniyat

//