Shaxs maʼnaviyati. Shaxsning axloqiy madaniyati


Saqlash
14:12 / 06.12.2023 0 1124

Shaxs maʼnaviyati – har bir kishining oʻzini insoniyat farzandi, muayyan millat vakili, davlat fuqarosi deb bilgani holda oʻz Vatani tuprogʻi, suvi, havosi – jamiki boyliklarini koʻz qorachigʻiday asrash, uning obodligi, ravnaqi, har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini hurmat qilish, izzatini joyiga qoʻyish yoʻlida chin vijdon, iymon, eʼtiqod, sadoqat, ishonch, halollik, dovyuraklik, begʻarazlik, hurmat, katta fidoyilik va aqliy teranlik bilan faoliyat olib borishga qaratilgan ichki ruhiy va aqliy olamining majmuini anglatuvchi tushuncha. Shaxs maʼnaviyati jamiyatda ijtimoiy hayotda shaxsning baxtli yashashi uchun toʻgʻri fikrlash, soʻz va amalning birligi, rost soʻzlash, halol mehnat qilish, xush axloqqa ega boʻlishdan iboratdir. Shaxs maʼnaviyati darajasi uning kishilik jamiyatining yuksak axloqiy qadriyatlariga qay darajada rioya qilib yashashi bilan belgilanadi.

 

Axloq inson maʼnaviyatining muhim mezonlaridan biri boʻlgani bois Shaxs maʼnaviyati deganda, avvalambor, uning axloqan barkamolligi, oʻz faoliyatida maʼnaviy qadriyatlarga, chunonchi, adolat, goʻzallik va ezgulik gʻoyalariga tayanib ish koʻrishi nazarda tutiladi. U insonni bunyodkorlik faoliyatiga, ezgu amallarga yetaklaydigan, jamiyat hayotidagi gʻoyaviy, mafkuraviy, maʼrifiy, madaniy, diniy va axloqiy qarashlarni oʻzida toʻliq mujassam etadigan kuch sifatida namoyon boʻladi. Shaxs maʼnaviyati deganda xalqimiz uzoq tarixi davomida turli sinovlardan oʻtib sayqal topib kelayotgan va faqat ijobiy fazilatlar tarzida eʼzozlanadigan maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar tushu niladi. Shaxs maʼnaviyati xal qimizning turmush tarzi, urf-odatlari hamda anʼanalariga, uning boy ogʻzaki va yozma ijodi, mumtoz adabiyoti va sanʼatiga singib ketgan boʻlib, inson maʼnaviy takomilida beqiyos ahamiyat kasb etadi. “Olim boʻlish oson, odam boʻlish qiyin”, “Otang bolasi boʻlma, odam bolasi boʻl”, “Oʻzingga ravo koʻrmaganni boshqaga ham ravo koʻrma”, “Yomon oʻz gʻamida, yaxshi – el gʻamida” singari hikmatlarda ham ajdodlarimiz ardoqlab kelgan yuksak maʼnaviy fazilatlar ifodalangan.

 

Shaxsning axloqiy madaniyati – individ tomonidan axloqiy ong orqali jamiyat madaniyatini idrok etish darajasi; axloq talablari inson xatti-harakatlari jamiyatning shakllantiruvchi taʼsiri ostida qay darajada chuqur va uygʻun ekanligi koʻrsatkichidir. Shaxsning axloqiy madaniyati turli omillar taʼsirida: hayotiy tajriba va tarbiya; bilim va sanʼat vositasida shaxs jamiyatning axloqiy madaniyati yutuqlarini turli darajada oʻz ongi va xatti-harakatlarida jamlaydi. Shaxsning axloqiy madaniyati murakkab hodisa boʻlib, unga koʻra inson kundalik faoliyatda axloq talablari asosida ish yuritadi, ongning ijodiy elementlari – axloqiy aql, intuitsiya yordamida keskin vaziyatlarda oqilona axloqiy qarorlar qabul qilish tajribasini qamrab oladi. Shaxsning axloqiy madaniyatini shakllantirishdan maqsad – anʼanaviy va ijodiy elementlarning uygʻunligiga erishish, shaxs tajribasini jamoa axloqiy merosi bilan birlashtirishdir. Shaxsning axloqiy madaniyati unsurlarining yaxlit tizimi mavjud boʻlib, bu axloqiy fikrlash madaniyati (axloqiy mulohaza yuritish qobiliyati, etik bilimlardan foydalana olish, yaxshilik va yomonlikni ajratish, yuzaga kelgan vaziyatning oʻziga xos xususiyatlariga axloqiy meʼyorlarni qoʻllay bilish va hokazo)ni qamrab oladi. Shaxsning axloqiy madaniyati tuygʻular madaniyati, insonning “axloqiy rezonansga” qobilligi, hamdardligi va jonkuyarligini; axloqiy tajribada his-tuygʻu va oʻylarning amalga oshirilish shaklini, ularning kundalik hayotda xatti-harakat meʼyoriga aylanib borish darajasini xarakterlovchi xulq-atvor madaniyati; shakllarni belgilab beradigan qoidalarga amal qilish odobini, muloqotda shaxsning oʻzini tuta bilishini oʻz ichiga oladi. Shaxsning axloqiy madaniyati – umumiy axloqiy tamoyillarni bilish, ularni chuqur his etilgan qarashlarga aylantirish, xatti-harakatlarning eng oqilona shaklini qoʻllay bilishdir. Uning har bir elementini oʻzlashtirish Shaxsning axloqiy madaniyatini shakllantirish va takomillashtirishga yordam beradi. Shaxsning axloqiy madaniyati oliy darajasini “axloqiy donolik” sifatida axloqiy faoliyatining optimalligi va uygʻunligini taʼminlab bera olish, har qanday vaziyatda ham munosib xatti-harakat qila olish deb taʼriflash mumkin.

 

Shaxsning axloqiy madaniyati masalasi Sharq va Gʻarb mutafakkirlari, masalan, Yusuf Xos Hojib, Kaykovus, al-Forobiy, Ibn Sino, A.Navoiy, J.Rumiy, Bobur, N.Xisrav, Fitrat, A.Avloniy, Behbudiy, Suqrot, Aflotun, Arastu, Gobbs, Didro, Lametri, Rassel, Gegel, M.Kant, Feyerbax, V.Solovyov, N.Berdyayevlarning ilmiy-falsafiy qarashlarida keng yoritib berilgan. Shaxsning axloqiy madaniyati juda keng qirrali tushuncha boʻlib, shaxsning moddiy va maʼnaviy hayotdagi ezgu intilishlari, tashqi koʻrinishi, xulq-atvori, turish-turmushi, oʻzini tuta bilishi, kiyinishi, ovqatlanish madaniyati, umuman, boshqalar uchun ibratli fazilatlarini ifoda etadi. Qurʼoni Karimda Alloh xushxulqlarni sevadi, bir-birlaringiz bilan goʻzal muomalada boʻling, deya daʼvat etiladi. Shaxsning axloqiy madaniyati murakkab serqirra jarayon va hodisa hisoblanib, davlat va jamiyat taraqqiyoti, sivilizatsiya jarayonlari bilan bogʻliq holda kechadi, milliy va umumbashariy qadriyatlarda namoyon boʻladi. Chunki shaxs turfa koʻrinishlarga ega boʻlib, u oʻzida sharqona va gʻarbona axloqiy madaniyatni oʻzida mujassam etadi. Globallashuv jarayonida dunyo miqyosida axborot oqimining kuchayishi va qadriyatlarning ommalashuvi, ayniqsa, Gʻarb olamida koʻzga tashlanayotgan maʼnaviy inqiroz gʻarbona turmush-tarzi va qadriyatlarni, “ommaviy madaniyat” namunalarini targʻib etish orqali axloqiy madaniy va maʼnaviy qadriyatlarimizga, yoshlarimizning ong-shuuriga taʼsir koʻrsatmoqda. Shu bois farzandlarimizni milliy urf-odat, anʼanalarimiz, boy sharqona merosimizga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda yuksak maʼnaviyat tuygʻularini shakllantirish orqali har tomonlama barkamol avlodni, shaxsni voyaga yetkazish lozim.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

15:06 / 20.06.2024 0 126
Tilni qanday saqlab qolamiz?

Bilasizmi?

12:06 / 13.06.2024 0 354
Nemislar qanday qilib sanitar tozalikka o‘rgatilgan?

Qatra

17:06 / 11.06.2024 0 523
Oriyat

Qatra

10:06 / 11.06.2024 0 1001
O‘g‘lim katta ishda ishlaydi…

Qatra

14:06 / 10.06.2024 0 726
XXI asrning qalampir maqoli



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 208334
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 98166
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 23991
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 23620
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 17642
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16852
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 15695
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 13953
Ommaviy madaniyat

//