Shaxsiy yetuklik. Shaxsiy namuna


Saqlash
11:12 / 07.12.2023 0 643

Shaxsiy yetuklik – insonning ijtimoiy va maʼnaviy-axloqiy barkamolligini anglatuvchi tushuncha. Har bir kishining oʻz oʻrnini bilishi, odob-axloq talablariga rioya qilishi, oʻzgalar hurmatini joyiga qoʻyib, oʻz shaʼni, qadr-qimmati va or-nomusini saqlashi, muomala va bilim-koʻnikmalarini yuksak darajada egallab olgani shaxsiy yetuklik belgilaridir. Shaxsiy yetuklik muammolarni samarali yechish va jamiyat madaniy hamda moddiy qadriyatlarini yaratishga imkon beradi. Shaxsiy yetuklik inson oʻzini qurshab olgan olamni tasavvur yoki adashishlardan xoli tarzda toʻgʻri tushunishi, oʻz xatti-harakati uchun masʼuliyatni zimmasiga olishga tayyorligini oldindan koʻra bilishga layoqatlilikni nazarda tutadi. Shaxsiy yetuklik inson oʻz oldiga qoʻygan maqsadiga qanday erishish kerakligini biladi; oʻzining kim ekani, jamiyatda oʻz oʻrnini bilgan holda, kuchli va zaif tomonlari haqida oʻziga hisob bera oladi. Bunday inson oʻzini hurmat qilish asnosida boshqa kishilarni ham hurmat qiladi, ularning manfaatlarini hisobga olib harakat qiladi. Shaxsiy yetuklik kishining maʼnaviy qadriyatlari doirasida individual ehtiyojlaridan tashqari ijtimoiy masʼuliyat ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shaxsiy yetuklikka psixologiyada tarbiyalanganlik holati sifatida qaraladi, har bir katta yoshdagi qishi unga erishishi lozim, deb hisoblanadi. Shaxsiy yetuklik jismoniy, axloqiy, maʼnaviy jihatdan komil boʻlishini nazarda tutadi. Ayniqsa, bugungi globallashuv sharoitida “ommaviy madaniyat” sharqona urf-odat, qadriyatlarimizga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan bir davrda shaxsning oʻzligini anglashi, turli tazyiqlar, isteʼmolchilik kayfiyatlariga berilmaslik, maʼnaviy-mafkuraviy immunitet hosil qilish shaxsiy yetuklik darajasi bilan belgilanadi.

 

Shaxsiy yetuklikning takomillashuviga taʼsir koʻrsatuvchi omillar til, tarixiy xotira, avlodlar merosi va qadriyatlarning vorisiyligidir. Shuningdek, shaxsning qiziqishi, qatʼiy ishonch va eʼtiqod uygʻunligi, OAV hamda ijtimoiy-siyosiy, madaniy jarayonlardagi oʻzgarishlarning faol ishtirokchisiga aylanishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shaxsiy yetuklik shaxsning oʻzida yuksak maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni, chuqur bilim va avlodlar tajribasini mujassam etishiga xizmat qiladi. Mamlakatimizda katta kuch hisoblangan (umumiy aholining 64%) yoshlarimiz shaxsiy yetuklik subyekti sanaladi. Zero, bugungi barkamol yoshlar uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgani tufayli ular muqaddas va aziz Vatanimizni fan va sanʼat, sport sohasida dunyoga tanitmoqda. Shaxsiy yetuklik yoshlarimiz nafaqat mamlakatimizning bugungi faxri, iftixori, balki yorqin kelajagi, porloq Vatanimizning avlodlaridir. Gʻ.Gʻulomning “Aʼlo Vatanning aʼlo farzandi, bilib qoʻyki seni Vatan kutadi” satrlarida aynan shaxsiy yetuklikka intilgan yoshlarimizning maʼnaviy va madaniy qiyofasi namoyon boʻladi.

 

Shaxsiy namuna – shaxs maʼnaviyatining namoyon boʻlish shakli va darajalaridan biri; taqlid qilish uchun namuna vazifasini oʻtovchi inson, ijtimoiy guruh, jamoaning ijobiy yoki salbiy harakati, bir kishi yoki guruhning xatti-harakati boshqalar uchun namuna boʻluvchi tarbiya usullaridan birini anglatuvchi tushuncha. Shaxsiy yetuklik ijtimoiy intizom, oʻzaro tarbiya, anʼanalarni asrab-avaylash va xulq-atvorni takomillashtirish vositalaridan biri. Namuna kuchi katta ahamiyatga ega. Uning taʼsirchanligi ijtimoiy shart-sharoitlar va imkoniyatlarga bogʻliq. Shaxsiy namunaga boʻlgan ehtiyoj bir ijtimoiy-iqtisodiy tuzumdan ikkinchisiga oʻtish, keskin burilish davrlarida sezilarli darajada oshadi. Shaxsiy namuna tarbiya vositasi sifatida oila, oʻquvchi yoshlar, tarbiyasi ogʻir kishilar va boshqa ijtimoiy guruhlar doirasida qoʻllanadi, goʻdaklik va bolalik yoshida esa taʼlim-tarbiyaning asosiy usuli hisoblanadi. Shaxsiy namuna, asosan, oilada – ota-ona tarbiyasi, shaxsiy ibrati orqali amalga oshadi. Qariyalar pand-nasihati, ota ibrati, onaning shirin soʻzi farzand tarbiyasida, uning komil shaxs sifatida shakllanishida muhim omil hisoblanadi.

 

Shaxsiy namuna vositali va vositasiz usullarga ega. Shaxsiy namunaning vositali usulida tarbiyaviy jarayon, taʼsir oilada ota-ona va qariyalar, maktabda oʻqituvchi va ustoz, jamoada rahbar, mahalla, koʻchakoʻyda obroʻli kishilar yordamida amalga oshiriladi. Vositasiz shaxsiy namuna shaxsning mustaqil oʻqib, oʻrganishi, oʻz-oʻzini tarbiyalab, takomillashtirishi (OAV, kitob, sanʼat asarlari), yaʼni sinergetik tarzda namoyon boʻladi. A.Rudakiy aytganidek: “Agar har kim hayotdan olmasa taʼlim, unga oʻrgata olmas hech bir muallim”. Shaxsiy namuna inson maʼnaviy-axloqiy qiyofasining oliy koʻrinishi hisoblanadi. Insonning chehrasi, soʻzi, xulq-atvori, muomala madaniyati tashqi tomondan koʻrsa havas qilguday darajada boʻladi. Shaxsiy namuna barkamollik va yetuklik uygʻunligidir. Unda shaxsning nafaqat zukkoligi yoki maʼrifatliligi, ayni paytda yon-atrofdagilarning hol-ahvolini tushungan holda ijobiy tomonga oʻzgartirish faoliyatini ham nazarda tutadi. Shaxsiy namuna yuksak burch va maʼsuliyat, maʼnaviyat uygʻunligini ifodalovchi faoliyat yigʻindisi bilan belgilanadi. Shaxsiy namuna oʻqish va ishda, oilaviy hayot va mehnat jamoalari faoliyatida kuzatiladi. Malakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy islohotlar, oʻzgarishlar, strategik maqsad va vazifalarni amalga oshirishda shaxsiy namunaning oʻrni katta. Shaxsiy namuna bu – ijtimoiy faol shaxs timsolida namoyon boʻlib, bunday kishilar obod, erkin va farovon jamiyat barpo etish jarayonida asosiy kuch sifatida maydonga chiqadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

15:06 / 20.06.2024 0 126
Tilni qanday saqlab qolamiz?

Bilasizmi?

12:06 / 13.06.2024 0 354
Nemislar qanday qilib sanitar tozalikka o‘rgatilgan?

Qatra

17:06 / 11.06.2024 0 523
Oriyat

Qatra

10:06 / 11.06.2024 0 1001
O‘g‘lim katta ishda ishlaydi…

Qatra

14:06 / 10.06.2024 0 726
XXI asrning qalampir maqoli



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 208333
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 98162
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 23991
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 23620
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 17642
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16852
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 15695
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 13953
Ommaviy madaniyat

//