Shahar. Shaharsozlik


Saqlash
11:12 / 07.12.2023 0 624

Shahar – aholisi nisbatan zich, asosan, sanoat, savdo, shuningdek, xizmat koʻrsatish, boshqaruv, fan va madaniyat sohalarida band boʻlgan yirik maʼmuriy, madaniy manzilgoh, bevosita qishloq xoʻjaligi bilan band boʻlmagan aholi yashash joyi. Shahar tushunchasida sotsiologiya fani nuqtai nazaridan jamiyat mavjudligining tarixiy-muayyan, ijtimoiy makoniy shakli, aholining yashash sharoitidan tortib mehnat oʻrinlariga qadar insonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar tushuniladi. Shahar oʻz atrofidagi tumanlar uchun maʼmuriy va madaniy markazgina emas, balki ularning joylashishi va oʻsishiga katta taʼsir koʻrsatuvchi omil hamdir. Shaharlar ibtidoiy jamoa davridan sinfiy jamiyatga oʻtishda, hunarmandchilik va savdo-sotiq dehqonchilikdan ajralib chiqish davrida paydo boʻlgan. Hunarmand va savdogarlar muqim istiqomat qila boshlagan joylar gavjumlashib, shaharlarga aylana borgan. Aholi punktlariga shahar maqomi berilishi uchun aholi soni, bajaradigan funksiyasi: sanoat ishlab chiqarish, tashkiliy-xoʻjalik, madaniy-siyosiy, maʼmuriy va hokazo bosh mezon hisoblanadi. Aholi manzilgohlarini shahar toifasiga oʻtkazish maʼlum qonuniy tartibda amalga oshiriladi va chegarasi belgilanadi. Shahar maqomini berishda koʻpgina mamlakatlar oʻz iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy va geografik joylashuviga qarab oʻz mezonlarini ishlab chiqqan. Oʻzbekistonda shahar maqomi berilishi uchun, maʼlum manzil aholisining soni 7 mingdan yuqori boʻlishi talab etiladi. Aholi soniga koʻra, shaharlar kichik (50minggacha), oʻrta (50100 ming) va katta (100 mingdan ortiq) boʻladi.

 

Oʻzbekistonda 120 shahar, 113 ta shaharcha bor. Shundan 17 tasi katta shaharlar (Toshkent, Samarqand, Namangan, Andijon, Buxoro, Qoʻqon, Fargʻona, Nukus, Qarshi, Urganch, Olmaliq, Angren, Chirchiq, Navoiy, Margʻilon, Termiz, Jizzax), 16 tasi oʻrta va qolganlari kichik shaharlar. Shaharlar bajaradigan vazifalariga koʻra, poytaxt, sanoat, transport, turizm, din, fan va madaniyat hamda ilmiy tadqiqot markazlariga boʻlinadi. Shuningdek, respublikaga boʻysunuvchi, muxtor respublika, viloyat, tumanlarga boʻysunuvchi shaharlarga ajratiladi. Shaharlar insonlarning madaniy va maʼnaviy hayotida muhim rol oʻynaydi.

 

Shaharsozlik – meʼmorchilikning yirik sohasi; shahar bunyod etish nazariyasi va amaliyoti – aholi yashaydigan hududlar (turar joylar)ni loyiha asosida rejalashtirish. Shaharsozlik ijtimoiy-iqtisodiy, sanitariya-gigiyena, qurilish-texnika, badiiy-meʼmoriy masalalar majmuini qamrab oladi. Shaharsozlik majmui meʼmorchilik va qurilish bunyodkorligi, jamiyatning ijtimoiy tizimi va ishlab chiqarish kuchlarining taraqqiyot darajasi, madaniyati, tabiiy iqlim sharoitlari va milliy oʻziga xosligi bilan belgilanadi. Shaharsozlik, oʻz navbatida, qishloq aholisi turar joylarini rejalash, landshaft meʼmorchiligi, bogʻ barpo etish, tumanlarni rejalash, sanoat korxonalari, dam olish mintaqalarini oqilona joylashtirish, ekologiya masalalari kabi bir necha tarmoqlarga boʻlingan. Shaharsozlikda turar-joylarning nafaqat meʼmoriy-badiiy qiyofasi, estetik jihatlariga, balki obodonlashtirish – yoʻllar, ayniqsa, avtomobil yoʻllariga, infratuzilma (oqava suv – kanalizatsiya, gaz, elektr va boshqa muhandislik taʼminotlari)ga katta eʼtibor beriladi. Shaharsozlikda yangi shahar, shaharcha, qishloqlarni qurish, qadimgi shaharlarni muhofaza qilish (rekonstruksiya qilish), meʼmoriy majmualar (koʻproq turar-joy mavzelari)ni bunyod etish bosh reja asosida amalga oshiriladi. Shaharsozlik qadimiy tarixga ega.

 

Miloddan avvalgi 3–2-ming yilliklarda kent manzillarini qurishda muntazam rejalashtirishdan foydalanilgan (qadimgi Xitoy, Misr, Eron va boshqa). Yunonistonda shaharlar siyosiy va diniy markazlarni ajratgan holda rejalashtirilgan boʻlsa (Akropol va boshqa), Qadimgi Rimda shaharlarni toʻgʻri burchakli dahalarga boʻlish uslubi qoʻllangan (Pompey, Ostiya va boshqa). Oʻrta asrlar Yevropasiga shaharlarni stixiyali, qalʼa devorlari atrofida chiziqli va aylana-xalqali rejalashtirish xos boʻlgan (Germaniyada Nyordligen, Polshada Krakov, Chexiyada Praga va boshqa). Rossiyada shaharlar tepaliklarda, daryolar quyiladigan joylarda bunyod etilgan (Kiyev, Chernigov, Novgorod, Pskov va boshqa), hamma koʻcha (yoʻl)lar shahar darvozasiga yoki shahar savdo maydonlariga olib borgan. Aylana-xalqali rejalash – shaharsozlikning mumtoz namunasi oʻrta asrlardagi Moskva shahridir. Oʻzbekiston hududida dastlabki shaharlar (Sopollitepa, Jarqoʻton, Uzunqir) miloddan avvalgi II ming yillikning birinchi yarmida Janubiy hududlarda paydo boʻlgan. Yozma manbalarda esa shahar haqidagi maʼlumotlar dastlab “Avesto”da uchraydi. Baʼzi shaharlarning (Qarshi – Yerqoʻrgʻon; Hazorasp – Xumbustepa kabilar) shakllanishini tadqiqotchilar miloddan avvalgi X–VIII asrlar bilan bogʻlaydilar. Fargʻonadagi eng qadimgi shaharlar (Ashqoltepa, Dalvarzintepa kabilar) ilk temir davriga oid Chust madaniyatiga mansubdir.

 

Ahamoniylar davrida shahar qurish jadallashgan (Xoramzdagi Qalʼaliqir, Koʻzaliqir va boshqa). Oʻrta asrlarda shaharlar tuzilishi murakkab boʻlgan, ularning tarkibiga ark, bir yoki bir necha shahriston, rabot (shahriston atroflari) kirgan. Ularning har biri alohida qalʼa devori bilan oʻralgan. Afrosiyob (Samarqand), Buxoro, Binkat (Toshkent) Movarounnahrning yirik shaharlaridan boʻlgan. Bunday shaharlarni va ular atrofidagi kichik shahar hamda qishloqlarni uzun devorlar muhofaza qilgan (Buxoro, Toshkent tevaragidagi “Kanpir devor”lar, Samarqand tevaragidagi “Devori qiyomat” va boshqa). Temuriylar davrida vayronagarchiliklarni bartaraf etish, mamlakat obodonchiligini taʼminlashda katta shaharsozlik ishlari olib borilgan. Amir Temurning Samarqand va uning atrofi, Shahrisabz, Banokat (Shohruxiya), Shohruhning Mashhad, Marv va Hirot shaharlarida amalga oshirgan ishlari, Ulugʻbek tomonidan Samarqand registonida barpo etilgan imoratlar buning yorqin namunasidir. Shayboniylar davrida ham bunyodkorlik ishlari davom ettirilib, ayniqsa, poytaxt Buxoroga katta eʼtibor berilgan. Rivoyatlarga koʻra, Abdullaxon II mingta rabot qurdirgan. Koʻp majmualarning shakllanishi aynan shu davrga toʻgʻri keladi (Buxorodagi Labihovuz ansambli, Poyi kalon, Qoʻsh madrasa, Chor Bakr meʼmoriy majmuasi, Qarshidagi Registon maydoni va boshqa). XIX asrda Qoʻqon xonlari tomonidan Sirdaryo boʻylab bir nechta shahar-qalʼalar qurilib, kuchli mudofaa tizimi yaratildi, Pishpak (Qirgʻiziston), Shahrixon shaharlari paydo boʻldi. Keyingi davrlarda, jumladan, XX asrda ham shaharsozlik ishlari jadal olib borildi. Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda shaharsozlik keng miqyosda rivoj topib, zamonaviy meʼmorchilik yechimlari asosida shaharlarning qiyofasi kundan-kunga chiroy ochib bormoqda. Shu jihatlardan olib qaraganda, shaharsozlik inson madaniyati va maʼnaviyatini rivojlantiruvchi omillardan biri boʻlib qoladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

15:06 / 20.06.2024 0 125
Tilni qanday saqlab qolamiz?

Bilasizmi?

12:06 / 13.06.2024 0 354
Nemislar qanday qilib sanitar tozalikka o‘rgatilgan?

Qatra

17:06 / 11.06.2024 0 523
Oriyat

Qatra

10:06 / 11.06.2024 0 1000
O‘g‘lim katta ishda ishlaydi…

Qatra

14:06 / 10.06.2024 0 726
XXI asrning qalampir maqoli



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 208326
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 98160
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 23990
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 23617
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 17641
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16852
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 15695
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 13949
Ommaviy madaniyat

//