Eng buyuk jasorat


Saqlash
11:12 / 14.12.2023 0 690

Eng buyuk jasorat – maʼnaviy jasorat tushunchasi, uning asl maʼnosi esa ana shu maydondagi tinimsiz kurash, qiyinchiliklarni yengib, insonga xos ulugʻvorlik, poklikni asrab oʻta olishdan iborat. Oddiy oʻt-oʻlan hayot uchun kurashib, tosh qotgan yer bagʻrini yorib chiqadi, har bir jonzot oʻz naslini saqlash uchun kurashadi. Jasorat namunalarini koʻrsatadi. Inson hayoti ham ana shunday tinimsiz kurashdan iborat. Ammo insonga boshqa jonzotlardan farqli oʻlaroq buyuk neʼmat – aql ato etilgan, ruhiyat berilgan. U nafaqat jismi, balki koʻproq ruhiyati talablari bilan yashaydi, ongli hayot kechirish uchun ichki dunyosi, maʼnaviy olamiga suyanadi. Ayni maʼnaviy tamoyillar asosida odamzod qadim-qadimdan dunyoni dialektik idrok etib, ikki kuch – yorugʻlik va zulmat, yaxshilik va yomonlik oʻrtasidagi doimiy kurash sifatida talqin etib kelgan, ezgulikka intilib yashagan. Dunyodagi koʻp xalqlarning ertagu rivoyatlarida qahramonlar ayrichorraha yoʻlga roʻbaroʻ keladilar va dunyo neʼmatlarini, nafsi talab etgan narsalarni vaʼda qilgan yoʻlni emas, balki faqat “borsa-kelmas” yoʻlini tanlaydilar. Bunga adolat va ezgulik ramzi singdirilib, shu yoʻlga kirgan insonning maʼnaviy qudratini, oʻzidan, huzur-halovatidan kecha olishini anglatadi. Jahon sivilizatsiyasi, ana shu eng buyuk jasorat, azmu shijoat, maʼnaviy jasorat sohiblarini ulugʻlab, sharaflab kelgan. Yozuvchi Ye.Shvars taʼbiri bilan aytganda, hammasi tugashini bila turib, sevishga jazm etganlarga, umrining oʻtkinchiligini bila turib, ezgulik uchun kurashganlarga shon-sharaflar oʻqiganlar.

 

“Har kuni, har soatda fidoyi boʻlish, oʻzini tomchi va tomchi, zarrama-zarra buyuk maqsadlar sari charchamay, toliqmay tinimsiz safarbar etib borish, bu fazilatni doimiy, kundalik faoliyat mezoniga aylantirish – haqiqiy qahramonlik aslida mana shu”. Yaqinlar uchun, oʻzgalar uchun, insoniyat uchun, butun borliq uchun jon kuydirish yoki aziz jonini fido qilish uchun inson metin irodali, buyuk qalb egasi boʻlishi kerak. Yunon afsonalaridagi Ikar kabi halok boʻlishini bila turib, quyoshga, yorugʻlikka, buyuk orzular sari parvoz qilish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Ammo insoniyat taraqqiyotini har doim aynan ana shunday odamlar yoʻlga qoʻyganlar, shular tarix gʻildiragini olgʻa siljitganlar. Ulardagi eng buyuk jasorat odamlar uchun ibrat maktabi boʻlgan. Erk va ozodlik yoʻlida eng buyuk jasorat koʻrsatgan milliy qahramonlarimiz Toʻmaris, Shiroq, Spitamen biz uchun ibrat boʻla oladi. Insoniyat taraqqiyot yoʻllarini belgilagan buyuk kashfiyotlar, odamlarni ruhan poklanish, qalban ulgʻayishga daʼvat etgan fan, madaniyat, sanʼat va adabiyot va boshqa bunyodkorlik durdonalari ana shunday maʼnaviy jasorat mevalaridir. Suqrot yaratgan ilm, uning inson va jamiyatga doir falsafasi mana qariyb 2,5 ming yil mobaynida Sharqu Gʻarb allomalarini ruhlantirib kelmoqda. Uning hayoti va oʻlimi tarixi inson ruhiy quvvatining chinakam ramziga aylangan. Odob va axloqni falsafiy teran tadqiq qilgan Suqrot hokimiyat tomonidan ayblanib, oʻlim jazosiga hukm etiladi. Shogirdlari unga qamoqdan qochib jonini saqlab qolishni taklif etishganda, u bundan voz kechadi. Suqrot uchun qamoqdan qochish oʻzi targʻib qilgan va oʻzi butun umr rioya etgan qoidalarga, Vatanga xiyonat boʻlar edi. Zero, uning qatʼiy fikricha, har qanday, hatto eng yuksak va adolatli maqsad ham, unga erishmoq yoʻlidagi past va jinoiy vositalarni oqlamaydi. Sharqu Gʻarb ilmining rivojiga kuchli taʼsir oʻtkazgan, Sharq ilm-fanida “ustodi avval” (birinchi muallim) degan sharafli nom olgan Aflotun nafaqat ilm-fan, balki maʼnaviy jasorat bobida ham Suqrotning munosib shogirdi boʻldi.

 

Insoniyatning bugungi taraqqiyot darajasini Nikolay Kopernik, Jordano Bruno, Galileo Galiley, Kampanella kabi olimlarning kashfiyotlarisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Vaholanki, masalan, cherkov tazyiqlariga uchragan J.Bruno jonini saqlab qolish uchun oʻz kashfiyotidan voz kechsa, tavba qilsa bas edi. Ammo u bunday qilmadi va oʻtda kuydirildi. Xuddi shunday, oʻnlab Yevropa allomalari jaholat qurbonlari boʻlishdi. Markaziy Osiyoda ham yuzlab ana shunday eng buyuk jasorat sohiblarini sanab oʻtish mumkin. Xususan, Xorazm Maʼmun akademiyasida faoliyat koʻrsatgan Abu Nasr ibn Iroq, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mahmud Xoʻjandiy, Ahmad ibn Muhammad Xorazmiy, Ahmad ibn Hamid Naysaburiy kabi allomalarning fidoyiligi tufayli Sharq ziyo maskaniga aylandi. Ularning ilmiy kashfiyotlari, mashaqqatli mehnat ortida yaratgan asarlari jahon ilm-fanining rivojiga beqiyos hissa boʻlib qoʻshildi. Ilohiy ishq yoʻlida eng buyuk jasorat koʻrsatgan Mansur Halloj, Nasimiy, Mashrab kabilarni bugungi avlod yodidan chiqarmaydi. El-yurt mustaqilligi yoʻlida oʻz jonini fido qilgan Najmiddin Kubro yoki Jaloliddin Manguberdilarning jasoratisiz, mamlakatni rivojlantirish, davlatni mustahkamlashga umrini baxshida etgan Amir Temursiz, xalq farovonligi, jamiyat barqarorligi haqida qaygʻurgan Alisher Navoiysiz, Vatan ishqi bilan buyuk saltanatni yaratgan Zahiriddin Muhammad Bobursiz oʻzbek xalqining tarixi va buyuk kelajagini tasavvur etish mumkin emas.

 

XX asrning koʻp xalqlar uchun qaygʻuli tarixida ham bunday ulugʻ siymolar koʻp. Masalan, Hindistonda milliy ozodlik kurashi uning rahbarlaridan biri, atoqli mutafakkir, faylasuf “Mahatma” (“Buyuk qalb”) taxallusi orqali mashhur boʻlgan Gandi nomi bilan bogʻliq. Gandi muammolarni hal etish vositasi sifatida har qanday urushlarni inkor etgan. Shuning uchun Gandi nomi bugungi kunda nafaqat Hindistonda, balki butun dunyoda tinchlik, ijtimoiy hamkorlik dinlararo bagʻrikenglik gʻoyalarining ramziga aylangan. Oʻlka tarixiga qaytilsa, Oʻzbekiston mustaqilligining ilk tamal toshlarini qoʻygan istiqlol fidoyilari – jadidlarning maʼnaviy jasorati ibrat maktabi boʻldi. Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Isʼhoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Choʻlpon, Usmon Nosir kabi yuzlab maʼrifatparvarlar Turkiston oʻlkasini Chor mustamlakachiligidan xalos etish, yurtni taraqqiy toptirish yoʻlida oʻz huzur-halovatidan voz kechdilar, kerak boʻlsa aziz jonlarini qurbon qildilar. Tarixdan maʼlumki, Chor hukumatining mustamlaka oʻlkalardagi siyosatini shoʻrolar davom ettirdi. Bu siyosatning asl mohiyati xalqlarni, xususan oʻzbek xalqini tarixdan ayirish, oʻzligini yoʻqotish, oʻlkani xom ashyo bazasiga aylantirishdan iborat edi. Shuning uchun xalqning milliy tarixi, oriyati, madaniyatini himoya qilishga harakat qilgan har qanday insonga “xalq dushmani”, “vatan xoini” kabi tamgʻalar bosilib, qatagʻon qilindi. Shunday tahlikali davrda ham oʻzbek ziyolilari xalqning oriyati himoyasiga otlanib, fidoyilik koʻrsatishdi, bu yoʻldagi qiyinchilik va taʼqiblardan ruhan bukilmay dadil turishdi. Shunday shaxslar qatorida Abdulla Qodiriy, Oybek, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Said Ahmad, Shukrullo singari shoir va yozuvchilar, Yahyo Gʻulomov, Ibrohim Moʻminov kabi oʻnlab, yuzlab olimlarning nomlarini keltirish mumkin. Masalan, arxeolog olim Yahyo Gʻulomov sobiq Ittifoq davrida Oʻzbekistonni yaxlit paxta dalasiga aylantirish siyosati tufayli qaʼrida tarixiy obida va yodgorliklar yashiringan tepaliklar tekislanishiga qarshi chiqadi. Shu tufayli tazyiqqa uchraganda ham olim oʻz hayotiy va ilmiy qarashlaridan voz kechmadi.

 

Tarix va kelajak oldida masʼuliyatini his etib tizimga, uning bemaʼni siyosatiga mardona qarshilik koʻrsatgan shunday insonlar tufayli oʻzbek xalqining boy tarixiy merosi kelajak avlodlar uchun saqlanib qolindi. Inson hayotida shunday damlar boʻladiki, shaxsiy dard-alamlar yuki uni ezib tashlaydi, ruhiy yoki jismoniy darddan dunyo qorongʻu boʻlib ketadi. Bunday paytlarda faqat katta yurak, bukilmas iroda egalarigina oʻzini unutishga qodir boʻladi. Atoqli oʻzbek shoirasi Zulfiya, hassos olim Ozod Sharafiddinov ana shunday maʼnaviy jasorat sohiblaridandir. Umr yoʻldoshi, hayotidagi suyanchigʻini bevaqt yoʻqotgan Zulfiya ayriliq va hijron azoblariga bardosh berdi, gʻam-anduh va hasratlarini matonat bilan yengdi, oʻz ijodi, sheʼriyati orqali eng ezgu tuygʻularni odamlarga ulashdi. Umrini taʼlim-tarbiya, ilm-fanga baxshida etgan Ozod Sharafiddinov esa umrining soʻnggi yillarida kasallikka duchor boʻldi, bir necha ogʻir operatsiyalarni boshidan oʻtkazganiga qaramay, tushkunlikka tushmadi, oʻz dardi bilan oʻralashib qolmadi va ijodiy faoliyatini bir zumga ham toʻxtatmadi. Xalq kelajagi, Vatan istiqboli uchun kurashib, yonib yashagan ana shunday qahramonlar eng buyuk jasorat timsolidir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

15:06 / 20.06.2024 0 125
Tilni qanday saqlab qolamiz?

Bilasizmi?

12:06 / 13.06.2024 0 354
Nemislar qanday qilib sanitar tozalikka o‘rgatilgan?

Qatra

17:06 / 11.06.2024 0 523
Oriyat

Qatra

10:06 / 11.06.2024 0 1000
O‘g‘lim katta ishda ishlaydi…

Qatra

14:06 / 10.06.2024 0 726
XXI asrning qalampir maqoli



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 208326
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 98160
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 23990
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 23617
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 17641
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16852
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 15695
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 13950
Ommaviy madaniyat

//