Epos


Saqlash
11:12 / 14.12.2023 0 840

Epos (grekcha yeros – soʻz, nutq, hikoya) – 1) keng maʼnoda, voqeaband badiiy asar, badiiy adabiyotning bayon tarzidagi birturi; 2) tor maʼnoda, xalq eposi – ogʻzaki yaratilgan va biror cholgʻu asbobi joʻrligida ogʻzaki ijro etiladigan, xalqning qahramonona oʻtmishi, orzu-umidlarini ifodalovchi katta epik asarlar. Epos qadimgi qabila yoki urugʻning maishiy hayotini hikoya qiluvchi ogʻzaki va yozma shakldagi badiiy asar hamdir. Bu asarlar sekin-asta taraqqiy qilib, sheʼriy va nasriy yoʻlda mukammal badiiy asarlarga aylanadi. Bu jarayonda epik asarlar takomillashadi, turlicha kompozitsion vosita va usullarga ega boʻladi, oʻziga xos badiiy til xususiyatlarini kasb etadi. Epos, dastlab voqelikni oʻz holicha obyektiv tarzda aks ettirgan boʻlsa, keyinchalik bu narsa tamoman buzildi, yaʼni obyektiv voqelik bayoni yo muallif tomonidan, yo shartli hikoyachi tomonidan yoxud asar qahramoni tomonidan olib boriladigan boʻldi. Bundan tashqari, eposda bayon shakli va usullari boyidi. Bu shakl va usullar esa oddiy tafsiliy bayon, dialog, monolog, avtor chekinishi, oʻylash, ichki nutq kabilardan iborat. Epos voqelikni aks ettirish, inson ruhiy olamini chuqur yoritishning cheksiz imkoniyatlariga ega. Agar lirikada voqelik lirik qahramon, biror subyekt yoki ijodkorning his-hayajoni, ruhiy kechinmalari orqali aks etsa, eposda voqelik ijodkor ideali, dunyoqarashi doirasida obyektiv tasvirlanadi. Xalq eposi turli xalqlarda turli shakl, hajm va nomda yuritiladi. Masalan, oʻzbek xalq dostonlari, rus bilinalari, ukrain dumalari va boshqalar.

 

Xalq eposi oʻz xarakteriga koʻra, bir necha turlarga boʻlinadi, masalan: qahramonlik eposi, romantik epos, tarixiy epos, jangnoma va hokazo. Eposda xalq, mamlakat taqdiri uchun olib borilgan qahramonona kurashlar tasvirlansa, u qahramonlik eposi hisoblanadi. Qahramonlik eposi turli xalqlarda turli davrlarda yuzaga kelgan. Biroq hamma hollarda ham u xalq taqdiri hal boʻladigan ijtimoiy tuzumlarning oʻzgarishi davrlarida yuzaga keladi. Masalan, oʻzbek qahramonlik eposi “Alpomish” dostoni bunga misol boʻla oladi. Eposda xalqning yaxshilik, sof muhabbat, vafo, botirlik va mardlik haqidagi orzu-umidlari tasvirlansa, u romantik epos sanaladi. Oʻzbek xalq eposidagi “Goʻroʻgʻli”, “Rustamxon” siklidagi dostonlar romantik eposlardir. Shuningdek, tarix hamda jangnoma xarakteridagi epos ham oʻziga xos xususiyat va belgilarga ega. Xalq eposi folklorning boshqa janrlaridan oʻziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi, bular: syujetning kengligi va koʻpincha, ketma-ket kompozitsiya asosiga qurilishi, dramatizmning kuchliligi, barqaror tizimga ega boʻlishi, bayonda epik salmoqning yetakchilik qilishi, anʼanaviy tipik oʻrinlarga ega boʻlishi, butun voqealarning yagona qahramon bilan bogʻliq holda tasvirlanishi va nihoyat, oʻziga xos badiiy tilning mavjudligi va hokazo. Xalq eposining eng qadimgi namunalari ibtidoiy jamoa tuzumi davrlarida paydo boʻlgan boʻlib, ularning asosiy mazmuni insonning mehnat jarayoni va qabilalarning oʻzaro toʻqnashuvlarini aks ettirishi bilan xarakterlangan. Bu narsa hozir koʻpgina arxeologik qazilmalar natijasida topilgan ov tasviri, tosh qurol, oʻq-yoy yoki qilich va boshqa qurollar vositasida jang qilayotgan kishilar tasvirini eposdagi ana shunday tasvirga qiyoslash orqali tasdiqlanadi. Keyinchalik qadimgi insonga xos barcha qarashlar tizimi boʻlgan mifologiya xalq eposiga material berdi. Qadimgi hind, yunon eposi namunalari buning tasdigʻidir. Umuman olganda, xalq eposi juda uzoq tarixiy taraqqiyotni bosib oʻtdi. Har bir xalqning eposi oʻziga xos milliy va maʼnaviy xususiyatlarga ega. Chunki ularda shu eposni yaratgan xalqning kahramonona oʻtmishi, madaniyati, maʼnaviyati, maishiy va siyosiy hayoti, tili va urf-odatlari, orzu-umidlari aks etadi. Xalq eposi hamma vaqt umumxalq ijodi, xalqning milliy iftixori, “kishilikning baxtli bolaligi”ni kuylovchi milliy madaniy boylik hisoblanadi. Shuning uchun ham xalq eposi hamma vaqt katta taʼlim-tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

15:06 / 20.06.2024 0 126
Tilni qanday saqlab qolamiz?

Bilasizmi?

12:06 / 13.06.2024 0 354
Nemislar qanday qilib sanitar tozalikka o‘rgatilgan?

Qatra

17:06 / 11.06.2024 0 523
Oriyat

Qatra

10:06 / 11.06.2024 0 1000
O‘g‘lim katta ishda ishlaydi…

Qatra

14:06 / 10.06.2024 0 726
XXI asrning qalampir maqoli



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 208327
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 98160
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 23990
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 23617
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 17641
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 16852
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 15695
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 13950
Ommaviy madaniyat

//