Jamiyatning jamoaviy jazosi haqida hikoya


Saqlash
12:01 / 03.01.2024 0 1288

 

Ushbu hikoyani internetda oʻqidim, asl muallifini topa olmadim, lekin sizlar bilan ulashgim keldi. “Men ish va turmush oʻrtogʻim sababli Hyuston (Texas, AQSH)da yashayman. Oʻtgan hafta men bilan sodir boʻlgan qiziqarli va taʼsirli voqea uyimga yaqin joylashgan pochta boʻlimida sodir boʻldi. Yangi yil sovgʻasi sifatida internet orqali sotib olgan qoʻl soatimning oynasi siniq kelganidan soʻng, darhol qaytarib berish varaqasini toʻldirib, pochta boʻlimiga bordim. Pochtaxonaga kirganimda 20-25 kishi navbatda turishardi. Bu yerda Rojdestvo bayrami yaqinlashayotgani uchun bozordan bir boʻlak non sotib olsangiz ham, oʻnlab odamlar ortidan saf tortib, odatdagidan ancha uzoq kutishingizga toʻgʻri keladi. Atigi 2 kishi xizmat qilayotgan, ayniqsa, charchoq, ishlashga toqati qolmagan yuz ifodasi bilan ishlayotgan boʻlsa, kutish vaqti sabr-toqatni yanada toshiradi. Shu oʻylar bilan ortga burilib qarasam, mendan keyin yana 30-35 kishi yigʻilib qolganini koʻrdim. Ha, mayli, hech boʻlmaganda oʻrtadaman, deb oʻzimni ovutmoqchi boʻldim.

 

Oradan roppa-rosa 40 daqiqa oʻtib menga navbat keldi. Men soat solingan paketni pochta xodimiga berib: “Manzil unga yozilgan”, dedim. “Nega paketni tasma bilan muhrlamadingiz?” deb soʻradi xodim. Unga javoban kirish joyidagi “Paket tarkibini koʻrishni xohlashimiz mumkin. Iltimos, paketlaringizni ochiq tuting” degan ogohlantirish yozuvini koʻrsatdim. U esa baland ovozda jahl bilan: “Men eshikda nima yozilganini juda yaxshi bilaman, paketingizni tezda tasma bilan oʻrang”, dedi. Navbatdagilarning hammasi bizni eshitib turgandi. Men xodim yonidagi tasmani koʻrsatib: “Shuni bera olasizmi, iltimos?” dedim. U esa yana oʻsha baland ovoz bilan javob qaytardi: “Yoʻq, bu meniki, mijoz oʻz tasmasidan foydalanadi!”. “Yonimda hech qanday tasma yoʻq, sizga pulini beray...” desam, masʼul xonim ovozini yanada balandlatdi. Oʻn fut narida qadoqlash xizmatlari uchun tayyorlangan poyabzal qutisi oʻlchamidagi 20 dollarlik tasmani koʻrsatdi va uni sotib olishimni buyurdi. Sizningcha “15 santimetrlik quti uchun shu tasmani sotib olishim mantiqlimi?” deb soʻradim. “Tasmani oling va darhol navbatning oxiriga boring!” U qichqirarkan, jahldan qizarib ketdi. Xuddi shu gʻazab bilan navbatda turgan keyingi odamni “Next!” (“Keyingi!”) deb baqirib chaqirdi. Ammo shu payt kutilmagan hol yuz berdi… Men qotib qolgandim. Chunki hech kim oldinga siljimadi. Navbatning boshida turgan odam pochta xodimiga “Zudlik bilan bu qutini tasma bilan oʻrang va birinchi navbatda xonimning ishini bitiring”, dedi. Pochta xodimi yana jahl bilan qichqirdi: “Anyone else ... Next!!!” Ammo 30 kishining birortasi joyidan jilmadi. Ikkinchi pochta xodimining ham oldiga hech kim bormadi. Xizmat toʻxtatildi.

Bir kampir: “Men 76 yoshdaman, tizzalarim ogʻriyapti, lekin shu xonimning paketini tasmalab, burchingizni bajarmasangiz, bu yerdan bir qadam ham jilmayman”, dedi. Pochta xodimi jahl bilan qoʻlimdan paketni tortib oldi, yonidagi oldinroq men koʻrsatgan pochta tasmasi bilan qutini oʻradi. Toki u toʻlovimni olmaguncha, men aralash his-tuygʻular ichida qoldim, deyarli yigʻlashgacha bordim. Navbatdagilarga esa “Hammangizga rahmat” deyishdan boshqa soʻz topolmadim... Ular jilmayib qoʻl silkitishdi.

 

Koʻchaga chiqib, avtoturargohda mashinamga oʻtirib, oʻt oldirmasdan bir muddat oʻylab qoldim. Hammaning ishi bor. Nimaga “shoshilyapman” deb birorta ham odam navbatda siljimadi? Bir kishiga nisbatan qilingan adolatsizlikka shuncha odam kelishib olgandek qarshilik qildi?

 

Shu payt mendan keyin turgan odam ham ishini tugatib, tashqariga chiqarkan, mashinamga yaqinlashdi, men oynani ochdim. U tabassum qildi va koʻnglimdagi savollarga javob berdi: “Sizga qilingan haqsizlik uchun uzr soʻrayman. Tabiatda hayvonlar, daraxtlar va hatto mikroblar bir-biri bilan bogʻlanib harakat qilsa, biz odamlar aksincha, bir-birimizdan juda uzilganmiz. AGAR XATO DARHOL ANIQLANSA VA UNGA JAMOAVIY REAKSIYA QILINMASA, OʻSHA XATO NORMALLASHADI. Oʻsha xodim keyingi safar xato qilishdan oldin ikki marta oʻylaydi. Biz vazifamizni bajardik. Yangi yilingiz bilan!”

 

Hikoya tugadi. Xulosa oʻzingizdan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qomus

12:07 / 25.07.2024 0 328
Sanskritchani biladigan “baxshi”

Qomus

10:07 / 19.07.2024 0 393
Musiqa

Bilasizmi?

14:07 / 11.07.2024 0 419
“Oqshom”mi, “ag‘sham”?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 210659
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 99723
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 24802
Kompetentlik

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 24335
Milliy urf-odatlar

Qomus

10:12 / 28.12.2021 9 18234
Manqurt(lik)

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 17234
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 16396
Xarakter

Qomus

10:09 / 26.09.2023 3 14611
Ommaviy madaniyat

//